O‘zbekiston | 19:20 / 19.07.2018
6676
3 daqiqa o‘qiladi

Akmal Saidov: «Bolalar va yoshlar huquqlarini himoya qiluvchi Ombudsman lavozimini joriy etish kerak»

Inson huquqlari Milliy markazi direktori Akmal Saidov 19 iyul kuni O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi va  BMT Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda voyaga yetmaganlar huquqbuzarligi va uning oldini olish, mavjud qonunchilik tizimi, sohadagi muammolar borasida nutq so‘zladi.

«O‘zbekiston konunchilik tizimida voyaga yetmaganlar huquqlari masalalarini tartibga soluvchi 100ga yaqin me'yoriy hujjatlar qabul qilingan. Yoshlar himoyasi davlat tomonidan kafolatlanadi. Ular bilan sodir etilayotgan jinoyatlarni o‘rganish, huquqlarini himoyalashda bir qator davlat organlari, jamoat tashkilotlari va xalqaro jamg‘armalar faoliyat olib borishmoqda. Bizning maqsadimiz O‘zbekistonda yuvenal adliya tizimini isloh qilish strategiyasini ishlab chiqishni tashkillashtirishdan iborat. Shu maqsadda bir qator islohotlar olib borilishi lozim.

Masalan, yurtimizda voyaga yetmaganlar uchun jinoyat adliya tizimini yanada takomillashtirish maqsadida yoshlarni huquqiy savodxonlikka o‘rgatish kerak. Bunda OTMlardagi yuridik fakultet talabalari uchun voyaga yetmaganlar huquqlari, ular o‘rtasida sodir bo‘layotgan jinoyatchilik sabablarini o‘rganuvchi maxsus o‘quv-uslubiy darsliklar yaratish masalasini ko‘rib chiqish kerak. Shuningdek, maktab o‘quvchilariga huquqiy madaniyat tushunchasi haqida kengroq ma'lumot berish lozim. Ular o‘zlarining huquqlaridan xabardormi? Bu bo‘yicha master-klasslar tashkil qilinishi ham ijobiy samara beradi. Darslik ishlab chiqishda UNICEF tashkiloti bilan hamkorlikni boshlashdan mamnun bo‘lar edik.

Yana bir islohotni amalga oshirish juda muhim, deb o‘ylayman, 18 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar ishlarini ko‘rib chiquvchi alohida sudlarni tashkil qilish kerak. Bepul yuridik yordam xizmatini joriy qilish lozim. Toki yoshlar o‘zlarini himoyasiz his qilmasin», degan Saidovning so‘zlarini keltirmoqda «Kun.uz» muxbiri.

Mavzuga oid