Jamiyat | 15:23 / 19.07.2018
20196
5 daqiqa o‘qiladi

Beshikdaligidayoq o‘t azobini ko‘rgan Muhibillo madadga muhtoj

Insoniylik sifati. Bu ta'rifga loyiq bo‘lish uchun ko‘plab sifatlar sohibi bo‘lish lozim. Avvalo, o‘z jigarbandlari uchun mehrli bo‘lmoq, ular uchun yashamog‘ darkor.

Kun.uz tahririyati muxbirlari navbatdagi murojaat sabab Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida bo‘lishdi.

13 yoshli Muhibillo Abdug‘aniyev hozirda buvisi Adolat Yoqubovaning qaramog‘ida o‘smoqda. Shu sababli bizni Adolat xola kutib oldi va boshlaridan o‘tkazgan musibatni so‘zlab berdi.

Bu mudhish voqea 2006 yilning 26 noyabr kuni sodir bo‘lgan. Shu kuni kech soat 23:00larda Adolat xolaning o‘g‘li va kelini (Muhibilloning ota-onasi) uylariga kirib ketishadi. Oradan 1 soatlar chamasi vaqt o‘tgandan so‘ng, Adolat xola o‘g‘lining ovozini eshitib, tashqariga chiqadi. O‘g‘li va kelini yashayotgan uy olov ichida edi. Yong‘in nosoz isitgich (tarakan pechka) sababli kelib chiqqan edi.

“Kelinimning ko‘p joyi kuymadi. Lekin yuqori nafas yo‘llari kuyganligi sababli bir kundan so‘ng olamdan o‘tdi. O‘g‘lim 10 kun yashadi”, dedi og‘ir judolikka uchragan Adolat xola.

“Voqea sodir bo‘lganida, hovliga otilib chiqdim. Kelinim ham kuygan. Uyda nevaram beshikda chinqirib yotar edi. Eshikni oldigacha sudrab borgan edim beshik ikkiga bo‘linib ketdi. Avvaliga nevaramdagi kuyiklarni payqamadik. Bilganimizdan so‘ng, shifokorga olib bordik. Shu ishlardan so‘ng nevaram mening qo‘limda qolib ketdi”, deya Adolat xola bo‘lgan voqeani so‘zlab berdi.

Ayol bilan gaplashganimizda nevarasini shu kungacha o‘ksitmay qarab kelayotganligini, hech kimdan yordam so‘ramay, shu kungacha davolatganini aytdi. Bu holatga tushishiga, avvalo, o‘zini aybdor his etadi. Kemtik holatda o‘smasin deb hatto yakka tartibda ham o‘qitilishiga rozi bo‘lmagan. Bolalarga qo‘shilsin, ular bilan o‘ynasin, bir chekkada qolib ketsa, uyidan chiqolmay yursa buni men qanday ko‘taraman deb maktabga bergan.

Muhibilloni davolatish uchun mushtipar buvisi ko‘p joylarga yugurdi. Imkoniyati yetgunicha muolajalar qildirdi. Qo‘liga pul tushdi deguncha nevarasini olib shifoxonaga bordi.

“2016 yil Toshkentdan sayyor guruh keldi. O‘tgan yili Andijonga koreyslar keldi. Ularga ko‘rsatdim. Boshqa joylarga olib bordim. ADMIga, SAMPIga bordik. Hammasi order kerak deyishdi. Homiy topish kerak deyishgan edi. O‘zimga o‘zim homiyman dedim. U paytlar sharoitim bor edi. Ancha operatsiyalarni o‘tkazdik. Yana bir-ikki operatsiyalari bor. Qo‘llari, yuzini plastik operatsiya qilish kerak. Quloqlari yaxshi ochilmagan. Buyog‘iga endi ko‘makka muhtoj bo‘lib qoldim bolam”, deydi Adolat xola.

Muhibillo bilan suhbatlashgan chog‘imizda uning hayotga qiziqishi baland ekanligini bildik.  Dunyoqarashi ham juda keng ekan. Futbol, kitob o‘qish, texnika va texnologiyalardan yaxshigina xabari ham bor ekan. Kelajakda shifokor bo‘lishni maqsad kilgan.

Oilaning bu tarixini eshitib bee'tibor bo‘lolmaydi inson. Bu baxtsizliklardan keyin ham qaddini tik tutib bor imkoniyatini ishga solayotgan Adolat xolaning iroda kuchiga tan bermay iloj yo‘q, albatta. Oldinda hali sinovlar bisyor. Nevarasini oz emas ko‘p emas 14 marotaba operatsiya kutib turibdi (shifokorlar tasdig‘i bo‘yicha). Operatsiyalarning hammasiga 20 million atrofida mablag‘ ketar ekan.

Shundoq ham ota-onasiz, ko‘ngli yarim o‘sgan Muhibilloga ham ruhiy, ham moddiy taraflama madad qo‘lini cho‘zaylik. Yosh o‘ksik qalb egasini mudhish voqealardan qolgan asoratlardan xalos etaylik. Savobli amallardan to‘xtamaylik.

Buvisi Adolat Yakubovaning nomiga ochilgan plastik kartochka:

Click/PayMe: 8600 0423 2486 2472

Telefon: (91) 143-52-76

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid