Joriy yilning 12 iyun kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Surxondaryo viloyati Qiziriq tuman sudida B.Mamadaminov raisligida ochiq sud majlisi o‘tkazildi. Sudlanuvchi J.Begimqulovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” va “b” bandlari (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-taroj qilish) va 209-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlari (mansab soxtakorligi) bo‘yicha jinoyat ishlari ko‘rib chiqildi.

Kun.uz`ga ma'lum bo‘lishicha, sudlanuvchi J.Begimqulov Angor tuman IIB XChK va FR (xalq tilida “pasport stol”)da katta inspektor lavozimida ishlab kelgan. Dastlabki tergov organi hujjatlariga ko‘ra, bo‘linma boshlig‘i I.Qobilov, inspektor A.Abdurahimov “Agrobank”ning Angor tumani filiali maxsus kassa kassiri S. Usmonov bilan oldindan til biriktirib, biometrik pasportlarni rasmiylashtirib berish va qo‘llanilgan jarimalarni to‘langanligini soxtalashtirish, fuqarolar tomonidan to‘lanadigan jami 166 198 035 so‘m pulni kirim qilmasdan, ushbu pul mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-taroj qilgan, deya gumon qilingan ekan.

Ushbu masala yuzasidan Surxondaryo viloyat Nazorat taftish boshqarmasi tomonidan 2016 yil 29 aprelda dalolatnoma tuzilgan.
Sud majlisida J.Begimqulov aybga umuman iqror bo‘lmadi. J.Begimqulov 2016 yil 20 sentabrga qadar ichki ishlar tizimida katta inspektor lavozimida ishlaganligi, haqiqatan ham tekshirish o‘tkazilganligi va 166 198 035 co‘m pul mablag‘lari topshirilmaganligi aniqlanganligi, ammo uning hech qanday aybi yo‘qligini aytgan. Fuqarolardan davlat bojini olib qolish va kvitansiya to‘ldirish hamda pul tushumi yuzasidan bank bilan solishtirma o‘tkazish uning vazifasiga kirmaganligi, shaxsan o‘zi fuqarolik pasportlari uchun topshiriladigan davlat bojlarini qabul qilib olmaganligi va kvitansiya to‘ldirmaganligi, ushbu vazifalar maxsus kassa xodimlariga yuklatilganligini aytgan. Kassadagilar bank g‘aznasiga topshirishi lozim bo‘lganligi, u faqat boshliq ustxati qo‘yilgan hujjatlar va kvitansiyalarni rasmiylashtirganligini aytgan.
Ayblanuvchining so‘zlari sudda bir necha guvohlar tomonidan tasdiqlangan.
Shuningdek, J.Begimqulovning so‘zlariga ko‘ra, 2016 yil 20 sentabrda uni va hamkasbi A.A.ni Surxondaryo viloyati IIB XChK va FRB faoliyati kuratori, MXX xodimi X.T. chaqirib olib, shu yerda ularni haqorat qiladi. Unga kiyimlarini yechishni aytishadi. Boshiga urishganda u hushini yo‘qotgandi. So‘ng kafel yopishtirilgan yer to‘lada ekanini bilib qolganligini, uning oldiga MXX xodimlari 6 kishi deyarli har kuni soat 23:00dan keyin kelib, qo‘l-oyoqlarini bog‘lab, badaniga tan jarohatlari yetkazib, kimga pora berganini va kimdan pora olganini aytaverganligi, lekin hech kimga pora bermaganini va hech kimdan pora olmaganini aytganida ham, MXX xodimlari yana urish va qiynashni davom ettirishadi. MXX xodimlari unga nisbatan doimo jismoniy va ruhiy tazyiqlar o‘tkazadi, oyoq tovonlarini igna bilan teshishadi, turmush o‘rtog‘ining nomusiga tegish va boshqa tahdidlar bilan qo‘rqitishadi.

















