Jinoyat işlari böyiça sud protsesslarini xalq vakillari hay’ati (jury) iştirokida ötkaziş yölga qöyiladi. Bu prezidentning 16 fevraldagi farmoni bilan tasdiqlangan 2026 yilga möljallangan islohotlar dasturida nazarda tutilgan.

Hujjatga köra, 2026 yil noyabrdan boşlab birinçi bosqiçda Toşkent şahri va Toşkent viloyatida öta oğir jinoyatlarni xalq vakillari hay’ati iştirokida körib çiqiş amaliyoti yölga qöyiladi (tinçlik va xavfsizlikka qarşi jinoyatlar bundan mustasno).

Jinoyat işlarida xalqaro tan olingan Xabeas korpus instituti doirasida tergov sudyalariga qamoqqa oliş, uy qamoği tarzidagi va boşqa ehtiyot çoralarini özgartiriş va bekor qiliş vakolati beriladi. Buning natijasida jinoyat protsessida majburlov çoralari qöllanilişi, inson huquqlariga rioya etilişi ustidan sud nazorati kuçaytirilib, respublikadagi barça tergov sudyalari vakolatlari kengaytiriladi.

2026 yil 1 iyundan boşlab jinoyat işini sudga yuborişda ayblov xulosasi bilan birga «himoya fikri»ni taqdim etiş tartibi joriy etiladi. Buning natijasida 7 mingdan ortiq advokatlar uçun jinoyat protsessida himoya ostidagi şaxslarning huquqlarini himoya qilişdagi qonuniy vakolatlari kengaytiriladi.

Jinoyat işida himoyaçiga öz himoyasi ostidagi gumon qilinuvçi, ayblanuvçi yoki jabrlanuvçi iştirokida ötkazilgan protsessual harakatlarga oid hujjatlar hamda dalillar bilan tanişib, undan nusxalar oliş, suriştiruv, dastlabki tergov davomida istalgan vaqtda öz himoyasi ostidagi gumon qilinuvçi yoki ayblanuvçiga nisbatan yuritilayotgan jinoyat işini qözğatiş, tugatiş haqidagi qarorlardan nusxa oliş vakolatlarini beriş yölga qöyiladi.

Advokatlar söroviga ma’lumotlar bepul taqdim etilişi, şuningdek, notarial harakatlar va kadastr organlaridan olinadigan ma’lumotlarni advokat sörovi orqali oliş imkoniyati yaratiladi.