Sport | 19:03 / 20.07.2018
21379
15 daqiqa o‘qiladi

Chempion hikoyalari. Darvozabonlar «Messi»si yoxud dunyodagi eng qimmat posbon haqida

Foto: Getty Images

«Liverpul» 62.5 million yevro evaziga braziliyalik darvozabon Alisson Bekkerni sotib oldi. Bu bilan Bekker futbol tarixida eng qimmat darvozabonga aylandi. Bonuslari bilan bu transfer qiymati yana 10 millionga oshishi mumkin.

O‘tgan mavsumda Yevropada eng sermahsul hujum chizig‘iga ega bo‘lgan, ammo himoyadagi xatolar evaziga sovrinlarga da'vogarlik qila olmagan «Liverpul» qishda Virjiyl van Deykni himoyachilar uchun rekord narxga sotib olgandi. Yevropa Chempionlar ligasidagi xato uchun esa, ko‘rib turganimizdek, Karius kechirilmadi. Yurgen Klopp juda katta narxga bo‘lsa-da, darvoza chizig‘ini yaxshilash kerakligini tushunib yetdi. 

Ammo bu yerda faqat «Liverpul» hikoyasi yo‘q. Ikki yilgina oldin Voysex Shchesnining o‘rinbosari bo‘lib yurgan braziliyalik darvozabonning shu qisqa vaqtda dunyoning eng qimmat darvozaboniga aylanishi haqiqatan ham ajoyib ertak. Alisson Bekker: kim o‘zi u?

Chamasi qirq yoshlar atrofidagi erkak balkonga chiqdi va sigareta tutatdi. Braziliyaning Novu Amburgu munitsipalitetdagi ular yashaydigan kvartira juda tor, buning ustiga shiftdan suv tomchilab turardi. Bu rayonda asosan etnik nemislar istiqomat qiladilar. Umuman olganda, eplasa bo‘ladi, lekin qo‘shni uydagi futbol jinnilari bo‘lgan ikki bolakayga chidab bo‘lmasdi.

Tartibga o‘rgangan nemischa tarbiya buni xazm qila olmas, lekin bolakaylarning ota-onasiga qilingan shikoyatlar foyda bermasdi.

Bir kuni qo‘shnilar - Xose va Magali Bekkerlar magazinga ketishganda, yana boshlandi. To‘p ovozidan avvaliga devor, keyin boyagi erkakning qulog‘i larzaga kelardi. Yo‘q, bunga chidab bo‘lmaydi. Oxiri, bir narsa «chirs» etgani eshitildi, erkakning ko‘zlari yondi. Nimadir sindi. «Haha, Xose kelsin, ularning ta'zirini beradigan bo‘ldi» – deb o‘yladi u. Balki endi ularga to‘p o‘ynash taqiqlanar?

«Dadam seni o‘ldiradi» – deb shivirlayotgandi devor orqasida Muriel ukasiga.

«Sen kattasan. Sen qarashing kerak edi» – deydi bilmasdan lyustrani mo‘ljalga olgan Alisson. Kechqurun ikkovi ham kaltak yedi, albatta.

Oradan 14 yil o‘tib, Braziliyaning «Internasonal» klubi darvozaboni Alisson Bekker telekanallaridan biriga intervyu berar ekan, kulib, o‘sha voqeani gapirib bergandi.

«Ko‘p qavatli uylarda kichkinagina kvartiramiz bo‘lardi. Shuning uchun ota-onam joydan tejash maqsadida akam ikkovimizga ikki qavatli karavot olib berishgandi. Karavotlarning orasini biz futboldagi darvoza o‘rnida ishlatar, navbati bilan birimiz darvozaga turib, ikkinchimiz tepardik. Lyustraning sinishi ham xuddi shu «o‘yin»ning oqibati bo‘lgandi».

Novu Amburgu (Yangi Hamburg) rayoni Riu-Grandi-du-Sul shtatida 1927 yilda paydo bo‘lgan. Nomidan bilinib turganidek, uni 20-asrda Yevropadan Braziliyaga ko‘chib borgan nemislar tashkil etishgan. O‘sha ko‘chib kelganlar ichida Bekkerlarga mana shunday jarangdor, yevrey-nemischa familiyani meros qilib qoldirgan ajdodlari ham bo‘lgandi. 
Aksariyat braziliyaliklar singari, yosh Alissonni darvozabonlik qiziqtirmasdi. Ammo har doim guruhda eng kichigi bo‘lgani uchun shunga majbur edi. Ota bolalarini maktab darsliklarini va dinni chuqur o‘rganishga undar, katta o‘g‘il – Murielning futbolchi kasbini tanlayotganini yoqtirmas, va tabiiyki, kichik o‘g‘lining ham akasining orqasidan ketishini istamasdi. Ammo Alisson har ikki tarafni ham eplashiga ishontira oldi va 10 yoshdi «Inter»ning akademiyasiga bordi.

Shu o‘rinda, Muriel Bekker, Alissonning besh yosh katta akasi ham darvozabonlikni tanlagan, 2007-17 yillarda «Internasonal» a'zosi hisoblanib, o‘tgan yili Portugaliyaning «Belenensesh» klubiga ko‘chib o‘tgan.

Sakkizinchi sinfgacha Alisson ham sportni, ham o‘qishni birdek olib bordi. Akademiyadagi mashg‘ulotlar kuniga ikki mahalga o‘tgach, darslar ko‘pincha tungi vaqtga qolib ketardi. U sportni tanlagan bo‘lsa-da, otasining talablarini ham unutmadi.

«Men doim dunyo bilan hamnafas bo‘lishga, yangiliklarni ta'qib qilishga urinaman. Bo‘sh vaqtlarimda ko‘p kitob o‘qiyman. Injilni varaqlayman, Isoning diniga o‘zimni bog‘langan his qilaman» – deydi Bekker.

Foto: Getty Images

Otasining qat'iy talablari va siqiq grafikdan tashqari, Alisson ortiqcha vazn bilan ham juda qiynaldi. Tengqurlari uning jig‘iga tegishar, diyetalar, tabletkalar yordam bermasdi. Ammo o‘n besh yoshga yaqin hammasi ortda qoldi, Alisson bir yilda o‘n yetti santimetrga o‘sdi, qomati modellarga o‘xshab qolgandi.

Uch yil o‘tib u Braziliya yoshlar terma jamoasidagi birinchi raqamiga aylanganda, hatto unga model agentligidan murojaat qilishdi va podiumga chiqish uchun mukammal qomatga ega ekanini aytishdi. Ammo Alisson taklifni rad etdi va asosiy maqsadi «Internasonal»ning asosiy tarkibida o‘ynash ekanini aytdi.

Rostan ham o‘sha paytlari u bo‘lajak moda yulduziga o‘xshab qolgan. Baland bo‘yi, tik qomati, moviy ko‘zlari qizlarni o‘ziga jalb qilardi. Hozir ham rafiqasi Nataliga oson emas, Alisson ayollar ichida juda mashhur, ijtimoiy tarmoqlardagi akkaunti va rasmlari doimiy ravishda qizlarning hujumiga uchrab turadi, ko‘chada qizlar tinch qo‘yishmaydi, birga rasmga tushish, quchoqlashish uchun, navbatlar paydo bo‘lardi.

Foto: twitter.com/SCInternacional

«Internasonal» esa, darvozabon pozitsiyasida o‘zgarish qilishga muhtoj emasdi. Bekker asosiy tarkibda 20 yoshga kiribgina debyut qildi – Portu Alegrining «Kruzeyro»siga qarshi kubok o‘yinida. Turli yillarda Alissonning bu pozitsiyadagi raqobatchilari – Roberto Abbodanseri, Renan, Dida va akasi Muriel bo‘lishgandi.

«Mening kumirim – Jiji Buffon» – deydi Alisson Bekker klubdagi debyut o‘yinidan so‘ng – «Shuningdek, Dida yoqadi. Braziliyada futbolga bo‘lgan mehr juda katta. Har bir futbolchi agar ko‘chada qolishni istamasa, bor kuchi bilan mehnat qilishi kerakligini yaxshi biladi. Dida menga umumiy natijadagi mas'uliyatni his qilishni o‘rgatdi».

Qizig‘i, ilk o‘yinidan so‘ng, Buffonni eslagan Alisson oradan hech qancha vaqt o‘tmay, aynan italiyalik afsonaning rekordini yangiladi. Eng qimmatbaho darvozabonga aylandi. O‘sha debyutdan bir yarim yil o‘tib esa, 41 yoshli Didaning o‘rnini egalladi. Bir yil o‘tib, 2016 yilning avgustida esa, Alisson «Roma»ga ko‘chib o‘tdi. Transfer 7.5 million yevroga baholandi.

«Roma»dagi ilk uchrashuv «Dragau»da, «Portu»ga qarshi Chempionlar Ligasi saralash o‘yiniga to‘g‘ri keldi. O‘shanda portugaliyaliklar yagona gollarini penaltidan urishgan bo‘lsa-da, Alissonning o‘yini bosh murabbiy Spalettini qoniqtirmadi shekilli, javob o‘yinida asosiy tarkibda Voysex Shchesni tushdi. Rimliklar o‘z maydonlarida yirik hisobda yutqazib, Yevropa Ligasida o‘ynaydigan bo‘lishdi.

Asosiy muammo shunda ediki, Braziliyada darvozabonlar ko‘proq eski uslubda harakat qilishadi – juda kam holatlarda darvoza chizig‘idan uzoqlashishadi. Spaletti darvozabondan o‘yinda faol ishtirok etishni, oldinga chiqishni talab qilardi. Qisqa vaqtda uslubini tubdan o‘zgartirishga yosh darvozabon tayyor emasdi. 

Foto: Getty Images

«Menimcha darvozabonlarni rotatsiya qilish foyda bermayapti. Men Braziliyada har hafta o‘ynashga odatlangandim. Rimga o‘tayotganimda murabbiy menga Shchesni chempionatda, men Yevropa Ligasida o‘ynashimni aytmagandi. Ammo men mehnat qilishda davom etyapman. Italiya chempionati yanada qiyinroq, lekin o‘rganib qolaman yaqinda». Alisson ilk mavsumdagi muammolari haqida O Globo ga so‘zlab bergandi.  

«Bekker dunyoning har qanday jamoasida va Braziliya terma jamoasida o‘ynay oladigan salohiyatga ega, lekin «Roma»da zaxirada o‘tiribdi, – deb yozg‘irgandi bir yil oldin Braziliya terma jamoasi darvozabonlar murabbiyi, Alissonning ashaddiy muxlisi Klaudio Taffarel. – Zaxirada o‘tirgan darvozabonni terma jamoada asosiy tarkibda o‘ynatish tahlikali».

1994 yilgi chempionat oldidan, asosiy tarkibda o‘ynash uchun jamoasini o‘zgartirgan, «Parma»dan «Redjana»ga o‘tgan Taffarel shogirdiga jamoani almashtirishni maslahat berdi. Aks holda terma jamoa eshiklari yopilishini sezgan qahramonimiz «Roma»ning yangi murabbiyi Di Francheskoga shart qo‘ydi – «yo o‘ynayman yoki ketaman».

Spaletti allaqachon «Inter»ga ketgan, Eusebio uchun esa Alisson kerak edi. Buning ustiga Voysex ham Rimda qolishdan ko‘ra, «Yuventus»da zaxirada o‘tirishni afzal bilib, ketib qolgandi. 

«Mavsum boshida onam qo‘ng‘iroq qildi va «Libosingdagi yozuvni o‘zgartirsang bo‘lmaydimi? Alissonlar ko‘p, Alisson Bekker esa, bitta bo‘lardi» dedi. Men futbolkamga «A.Bekker» deb yozdirdim. Endi mening familiyam haqidayam odamlar bilishadi».

Foto: Getty Images

Rebrending foyda berdi. Italiya chempionatining dastlabki 11 turida darvozabon 7 o‘yinda o‘z darvozasini daxlsiz saqladi. Ayniqsa, «Atletiko»ga qarshi kechgan Chempionlar Ligasi o‘yinida u jamoasini shu darajada ko‘p qutqardiki, ayniqsa, so‘nggi daqiqada Kokening yaqin masofadan bergan zarbasini qaytarish ajoyib chiqqandi.

«Hamma tushunib bo‘ldi, bu bola – fenomen. Darvozabonlar «Messi»si desayam bo‘ladi, chunki ularning mentalitetida ham o‘xshashlik bor. Alisson o‘z davrining qahramoniga aylanishi mumkin. Uni Donarumma bilan solishtirib bo‘lmaydi, uni Dino Zoffga qiyoslagan bo‘lardim. Ishoning, men nima deyayotganimni bilaman. Alisson yana kamida o‘n yil tengsiz bo‘ladi. «Roma» uni saqlab qolishi kerak» – degan edi «Milan»ning o‘z vaqtida juda ko‘p sovrinlarni yutgan darvozabonlar murabbiyi Roberto Negrisolo.

Foto: Global Look Press

Undan keyin esa, Yevropa Chempionlar ligasi pley-off o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Alisson «Shaxtyor», «Barselona» va «Liverpul»ga qarshi ajoyib o‘yinlar o‘tkazdi. Alissonning kuchli darvozabon ekaniga yana bir fakt shuki, Tite jahon chempionatida asosiy tarkibga Edersonni emas, aynan Alissonni tanladi. Edersonning «Manchester Siti»da qanday mavsum o‘tkazganini esa, tushuntirib o‘tirish shart emas.

Alisson aniq zarbalarni qaytarish foizi bo‘yicha Buffon bilan birgalikda A Seriyada yetakchi bo‘ldi. Ammo qaytarilgan zarbalar soniga e'tibor bering – 119! «Yuventus» darvozabonida esa, seyvlar soni 58 xolos. Butun Yevropada esa, u dunyoda uchinchi o‘rinni band etdi – 89.26 foiz. Faqat David De Xea (80.26) va Yan Oblak (82.68) da yaxshiroq ko‘rsatkich xolos.

Jahon chempionatida Alisson faqat 5 marotaba seyv amalga oshirdi xolos – qatnashchi darvozabonlar ichida 27-o‘rin. Lekin bu braziliyaliklarning himoyada yaxshi o‘ynaganliklarini bildiradi xolos. Agar foiz (62.5) bo‘yicha olinsa, faqat Kasper Shmayxelda (91.3%) balandroq xolos. 

Foto: REUTERS

«Barselona», «Chelsi» kabi klublar Alissonni o‘z safida ko‘rishni istadilar, ammo «Liverpul» chaqqonlik qildi.

«Nihoyat orzum amalga oshdi. «Liverpul»dek buyuk, bir qancha ajoyib g‘alabalarga erishgan jamoaning libosini kiyish sharaf. Bu mening faoliyatimdagi oldinga tashlangan juda katta qadam deb bilaman va ishontirib aytamanki, jamoa uchun borimni beraman» – dedi Alisson marsisaydliklar bilan shartnoma imzolagach.

Darvozabonning kelishida Yurgen Klopp ham qat'iyat ko‘rsatganini e'tirof etish kerak. Murabbiy va Alissonning o‘ta samimiy va do‘stona munosabatlarini bir voqeadan ham bilish mumkin. Alisson klub uchun intervyu berar ekan, Yurgen Klopp xonaga tashrif buyurdi va suhbatni to‘xtatib, darvozabonga omad tiladi. Undan katta umid qilinayotganini e'tirof etdi. Klopp xonani tark etgach, Alissonning murabbiyga bo‘lgan munosabatini yaqqol sezish mumkin.

Aslida esa, futbolchining Liverpulni tanlashida asosiy rolni braziliyalik hujumchi Roberto Firminoning rafiqasi bajargan ekan. Aynan ataylab Rimga borib, dugonasi Natalini quyoshli Rimdan yomg‘irli Britaniyaga ko‘chib o‘tishdek qiyin tanlovga ko‘ndirishga muvaffaq bo‘ladi. Uyog‘i esa, u qadar qiyin emas.

«Alisson hozirda Yevropadagi yetarlicha baholanmagan darvozabonlardan biridir, – degandi A Seriyaning britaniyalik eksperti Bler Nyuman, This Is Anfield`ga intervyu berar ekan. - U oldinga chiqishdayam, yakkama yakka holatlardayam benazir. Uni har qanday pozitsiyada dog‘da qoldirish oson emas. Bekker oyog‘i bilan ham yaxshi o‘ynaydi, demak yuqori himoyada o‘ynaydigan jamoalar uchun ham juda mos keladi» .

O‘ylashimizcha, endi Nyuman rozi, nihoyat Alisson munosib baholandi. Ayni paytda u - dunyodagi eng qimmat, demak eng yaxshi darvozabon.  Mavsum boshlanishini kutamiz. 

Sports.ru materiallari asosida Q.Aslanov tayyorladi.

Mavzuga oid