O‘zbekiston | 14:45 / 20.07.2018
11678
3 daqiqa o‘qiladi

Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi qoidalari tasdiqlandi

Foto: LiveJournal

Favqulodda vaziyatlar vazirining buyrug‘i bilan gidrotexnika inshootlaridan xavfsiz foydalanish, ularning elektr ta'minoti, aloqa, signalizatsiya va yoritish tizimlariga doir talablar, shuningdek ularni nazorat va monitoring qilishni tashkil etish tartibi belgilandi, deb xabar qilmoqda Norma.

Gidrotexnika inshootlariga (bundan keyin – GTI) to‘g‘onlar (plotinalar), gidroelektr stansiyalar binolari, suv tashlash, suv bo‘shatish, suv o‘tkazish va suv chiqarish inshootlari, tunnellar, kanallar, nasos stansiyalari, suv omborlari qirg‘oqlarini, daryolar va kanallar o‘zanlarining qirg‘oqlari va tubini toshqin hamda yemirilishlardan muhofaza qilish uchun mo‘ljallangan inshootlar, sanoat va qishloq xo‘jaligi tashkilotlarining suyuq chiqindilar saqlanadigan joylarini o‘rab turuvchi inshootlar (ko‘tarmalar) kiradi.  

GTI tizimiga kiradigan inshootlardan foydalanuvchi tashkilot (balansida GTI bo‘lgan) tomonidan tasdiqlanadigan yo‘riqnoma asosida foydalaniladi. Yo‘riqnoma har yili qayta ko‘rib chiqilishi kerak. Barcha xodimlar mazkur hujjat, shuningdek unga kiritiladigan o‘zgartirishlar bilan tanishib chiqqan bo‘lishlari shart.

Bundan tashqari, foydalanuvchi tashkilot ilovada taqdim etilgan sxemaga muvofiq favqulodda vaziyatlardagi harakatlar rejasi ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini ta'minlashi kerak.

GTIlardan xavfsiz foydalanish uchun mas'ul bo‘lgan texnik rahbar gidrotexnika sohasida oliy ma'lumotli mutaxassislar orasidan tayinlanadi.
 
GTIlarda doimiy xizmat qiladigan navbatchi xodimlarni qish mavsumida isitish va yog‘ingarchiliklardan himoya qilish uchun maxsus turar joylar ajratilishi lozim. Ular elektrlashtirilgan, tezkor aloqa vositalari, stollar, stul va skameykalar, ichimlik suvi uchun idish, ustki kiyim uchun ilgaklar, birinchi tibbiy yordam vositalari bilan jihozlangan bo‘lishi zarur.

Yilning sovuq davrida xona ichidagi havo harorati 20°S dan past bo‘lmasligi kerak. Binoning yoritilishi Qoidalarda nazarda tutilgan talablarga mos kelishi kerak.

Hujjat 18.07.2018 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid