O‘zbekiston | 10:25 / 25.07.2018
4266
2 daqiqa o‘qiladi

Qo‘chqorov va Mori JBning islohotlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha keyingi harakatlarini muhokama qildilar

O‘zbekiston Respublikasi bosh vazir o‘rinbosari - moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov Jahon bankining (JB) O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Xideki Mori boshchiligidagi delegatsiya a'zolari bilan uchrashdi. Bu haqda Moliya vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Konstruktiv suhbat chog‘ida bo‘lib o‘tayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlari va Jahon banki tomonidan yanada qo‘llab-quvvatlash usullari, Yo‘l xaritasining keyingi bosqichlarini ishlab chiqish borasida fikr almashinildi.

«Biz O‘zbekistonda bo‘lib o‘tayotgan yangiliklar va o‘zgarishlarni katta qiziqish bilan kuzatib bormoqdamiz. Ta'kidlash joizki, juda ko‘p yangiliklar bo‘lib o‘tayotgan islohotlar bilan uzviy bog‘liq.
Mamlakat hayotidagi deyarli barcha jabhalarini qamrab oluvchi dinamika – atrofdagi barchani qiziqtirib, katta taassurot uyg‘otib kelmoqda. Siz juda kuchli va keng qamrovli islohotlar dasturini boshladingiz. Biz esa o‘z navbatida, sizga ushbu ishlarni har tomonlama amalga oshirishda yordam berish va hamkorlik qilish uchun tayyormiz», - dedi Jahon bankining makroiqtisodiy amaliyot, savdo va sarmoyalar bo‘yicha menejyeri Sandip Maxadjan.

Shuningdek, o‘rta va uzoq muddatli makroiqtisodiy barqarorlikni ta'minlash, xususiy sektor rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash, oilaviy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, biznes muhitida raqobatbardoshlikni oshirish, mamlakatning sarmoyaviy muhitini takomillashtirish va aholining zaif qatlamlariga yo‘naltirilgan ijtimoiy himoya ko‘rsatish masalalari ko‘rib chiqildi.

Mavzuga oid