O‘zbekiston | 18:30 / 25.07.2018
11263
4 daqiqa o‘qiladi

O‘tgan yil 28 tonnadan ortiq go‘sht utilizatsiya qilingan

Senatning Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi hamda Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasining  qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda mazkur qo‘mitalar huzurida tuzilgan ishchi guruh tomonidan 2018 yilning may-iyun oylarida “Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining davlat nazorat organlari tomonidan ijro etilishini o‘rganish natijalari muhokama etildi.

Foto: senat.uz

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati xabariga ko‘ra, “O‘zstandart” agentligi tomonidan 2017 yil va 2018 yilning 1 apreliga qadar standartlashtirishga doir normativ hujjatlarning majburiy talablari hamda metrologiya va sertifikatlashtirish qoidalari bajarilishi yuzasidan oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi va sotuvchi 67 ta tadbirkorlik sub'yektida o‘tkazilgan davlat nazorati tekshiruvlarida 183 turdagi oziq-ovqat mahsulotidan 42 turdagisi amaldagi me'yoriy hujjatlar talablariga muvofiq emas, deb topilgan.

Shuningdek, 2017 yil davomida Davlat sanitariya-epidemiologiya xizmati tomonidan sanitariya-epidemiologiya xulosasini rasmiylashtirish davrida jami 385,1 kg., 2 608 l., 265 dona qadoqlangan oziq-ovqat mahsulotlari sanitariya qoidalariga, normalariga va gigiyena normativ talablariga javob bermaganligi uchun belgilangan tartibda yo‘q qilingan.

O‘tgan davr mobaynida veterinariya va laboratoriya ko‘riklari natijalariga ko‘ra kushxona va dehqon bozorlarida iste'molga yaroqsiz deb topilgan 28,6 tonna go‘sht, 118,7 tonna submahsulotlar, 104,7 tonna sut va sut mahsulotlari hamda 3 022 tonna o‘simlik oziq-ovqat mahsulotlari belgilangan tartibda utilizatsiya qilingan.

Majlisda qayd etilganidek, ayrim ishlab chiqaruvchilar shaxsiy manfaatlarini ko‘zlab, mahsulot qadoqlarida saqlash sharoitlari va ishlab chiqarilgan sanalarni ko‘rsatmasligi oqibatida savdo rastalarida uzoq muddat saqlanib, yaroqlilik muddati o‘tib bo‘lgan mahsulotlar fuqarolar tomonidan iste'mol qilinishi oshqozon-ichak tizimida buzilishlar, boshqa turli xil kasalliklarning kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda.

Foto: senat.uz

Aksariyat oziq-ovqat ishlab chiqarish korxonalari loyiha asosida qurilmaganligi, mahsulotlar boshqa maqsadlar uchun qurilgan binolarda ishlab chiqarilishi, mahsulot ishlab chiqarishning har bir jarayonida xavfsizlik talablari bajarilmasligi, oziq-ovqat qo‘shimchalarini belgilangan retseptura asosida me'yorida qo‘shilmayotgani, ularni qadoqlash, tamg‘alash, tashish va saqlash hamda texnologik jarayonlar ketma-ketligiga rioya etilmayotgani ayrim hollarda odamlarning sog‘ligiga jiddiy zarar keltirmoqda.

Bosh davlat sanitariya vrachi tomonidan tasdiqlangan amaldagi aksariyat sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari davlat tilida tayyorlamaganligi keng aholi orasida mazkur hujjatlar bilan tanishish imkonini bermayapti.

Foto: senat.uz

Bugungi kunda veterinariya sohasida 1300 dan ziyod oliy ma'lumotli mutaxassis yetishmayapti. Chorvachilikka ixtisoslashgan 5 mingdan ortiq fermer xo‘jaligi va 2 mingga yaqin parrandachilik xo‘jaligida veterinariya vrachi shtat birligi mavjud emas.

Shuningdek, xonadonlarda hayvonlarni so‘yish ishlari ham nazoratdan chetda qolmoqda.

Mamlakatda o‘simlik ko‘chatlarida, o‘simlik va meva-sabzavot urug‘larida genetik modifikatsiyalangan organizmlarni aniqlash bo‘yicha ishlar ham tashkil etilmagan.

Majlis yakuniga ko‘ra oziq-ovqat mahsulotlari sifati va xavfsizligini ta'minlash yo‘nalishidagi qonun hujjatlarini hamda nazorat mexanizmlarini takomillashtirish yuzasidan qo‘shma qaror qabul qilindi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid