Jahon | 20:25 / 26.07.2018
7251
3 daqiqa o‘qiladi

Makronning sobiq tansoqchisi namoyishchini kaltaklagani haqida: katta xato qildim

Foto: Philippe Wojazer/Reuters

Fransiya prezidentini qo‘riqlash xizmati sobiq yuqori mansabli vakili Aleksandr Benalla Fransiyaning Le Monde gazetasiga eksklyuziv intervyu berdi. U Parijda namoyishchini kaltaklagani tufayli surishtiruv ishlari boshlangan.

Muxbir Benalladan Makronga «xiyonat qilgani» haqida qanday fikrda ekani bilan qiziqqan. Benallaning javob qaytarishicha, Makron tomonidan berilgan bunday bayonotni to‘g‘ri tushunib turibdi. Sobiq tansoqchining so‘zlariga ko‘ra, prezident bilan ishlaydiganlar rasmiylar uchun qandaydir muammolar keltirib chiqarmasligi lozim. Benallaning bildirishicha, Makron unga har kunlik ishda ishonib kelgan.

Shundan so‘ng, unga Makronga nisbatan xiyonat qilganini his qilayotgani borasida savol berishdi.

«Men respublika prezidenti Emmanuel Makronga xiyonat qildim, deb hisoblamayman. Men katta xato qildim, deb o‘ylayman. Aybdorman. Biroq, bu ayb - ko‘proq siyosiy nuqtai nazardan: men bu tadbirga borishim kerak emasdi», - deya javob qaytargan Benalla.

Gap Parijdagi bir may manifestatsiyasi haqida ketmoqda. Avvalroq, Le Monde gazetasi Makronning tansoqchisi namoyishchini do‘pposlagani tasvirlangan videoni e'lon qildi. O‘tgan hafta Benalla Yelisey saroyidan bo‘shatib yuborildi. Unga nisbatan dastlabki surishtiruv olib borilmoqda.

Bundan tashqari, Benalla intervyu vaqtida Makronning dushmanlarini ayblab chiqdi. Ular, uning fikricha, Fransiya prezidentini obro‘sizlantirish uchun ro‘y bergan voqeadan foydalanib qolishdi.

«Mening ishim o‘zaro hisob-kitob qilib olish uchun foydalanildi, u keng ko‘lamlik ko‘rinish oldi... Men yolg‘on qurboni bo‘ldim, deb ayta olmayman, shunchaki bu respublika prezidenti Emmanuel Makronni obro‘sizlantirish uchun turli manfaatlar doirasiga xizmat qildi, demoqchiman», - deya aytib o‘tdi Benalla.

U aniq ismlarni aytmagan, biroq mojarodan o‘z manfaati yo‘lida foydalanishda «siyosatchilar va politsiya»ni aybladi.

Mavzuga oid