O‘zbekiston | 09:25 / 26.07.2018
20404
3 daqiqa o‘qiladi

Nyu-York va Samarqanddagi bir xil kamchilik: bizning imkoniyatimiz bor

Bu chorshanba kuni tushdan so‘ng, soat 17:30da yuz berdi. Nyu-York shahrida yuzga yaqin tezlikni kuzatish kameralari jimgina o‘chirib qo‘yildi. Ular kuzatib turgan maktab binosi oldidan yuqori tezlikda o‘tishga iymangan motoristlar yana eski odatga qaytishi mumkin.

Foto: The New York Times

Kameralar shaharning mashinalar eng tirband bo‘ladigan ko‘chalarida joylashgan 140ta maktab yaqiniga o‘rnatilgandi. Nyu-York Transport departamentining ma'lum qilishicha, dars paytlari kamera hududidan o‘tuvchi transport vositalarining tezligi 63 foizgacha tushgandi. 

2013 yili kameralar xavfsizlik chorasi sifatida qonuniylashtirilgan bo‘lsa, shu yilga kelib, ularni boshqa maktablar oldida ko‘paytirish o‘rniga, barchasini noqonuniy qurilma sifatida olib tashlash buyurildi. 

Foto: The New York Times

O‘tgan haftada Toshkent shahrining Abdulla Qodiriy va Mahatma Gandi chorrahasidagi piyodalar o‘tish joyida Mercedes-Benz mashinasi urib ketishi oqibatida iste'dodli aktrisa Farangiz Rejametova hayotdan ko‘z yumgani haqida xabarlar tarqadi.  Voqeadan bir necha kun o‘tib, Toshkent shahar IIBB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi  poytaxtdagi  Abdulla Qodiriy ko‘chasining tunnel bor qismiga, unga kirish va chiqish joyida 4ta kamera o‘rnatganini ma'lum qildi. 

Shuningdek,  «Bektemir — Chorbog‘» avtomobil yo‘lining 7-, 9- va 11-kilometrlari oralig‘i, ya'ni Bordonko‘l MFYda, 14- va 17-kilometrlari oralig‘i, ya'ni Istiqlol MFYda, «Yangibozor — Parkent» avtomobil yo‘lining 3- va 7-kilometrida hamda «Toshkent — Olmaliq» avtomobil yo‘lining 29-kilometrida, Polvonak MFYda yangi namunadagi maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari o‘rnatildi.

Ammo, Samarqand shahrining Mirzo Bedil ko‘chasidagi serqatnov yo‘ldan o‘tishda qiynalgan mahalliy bolakaylar bo‘r yordamida «zebra»ni qayta chizib chiqmaguncha, mahalliy hokimiyat bunga ahamiyat bermadi. 

Balki, Nyu-York shahri kabi rivojlanish uchun infratuzilma yetishmas, ammo ularning xato va kamchiligidan ibrat olishimizni hech kim taqiqlamagan. ​

Mavzuga oid