Tanosil kasalliklarini aniqlash bo‘yicha majburiy tibbiy ko‘riklar nega o‘tkazilmayapti?
Keyingi ikki yilda mamlakat sog‘liqni saqlash tizimini yaxshilash masalalari kun tartibidagi ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylandi. Ayniqsa, patronaj xizmatini yaxshilash, xalqning tibbiy madaniyatini yuksaltirish, kasalliklarni erta aniqlash, profilaktika sifatini oshirishga katta e'tibor qaratilmoqda. Shu bilan birga shunday xastaliklar ham borki, O‘zbekistonda bunday bemorlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, ularni davolash alohida yondashuvni talab etadi. Ulardan biri tanosil kasalliklaridir.
Qonunchilik palatasi saytida xabar qilinishicha, parlament quyi palatasi Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan “Respublikamizda tanosil kasalliklariga chalingan bemorlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish hamda ularni davolash holati” mavzusida o‘tkazilgan davra suhbatida ushbu masala deputatlar, tegishli vazirlik va idoralar, sog‘liqni saqlash muassasalari rahbarlari, shuningdek qo‘mita ekspertlari ishtirokida atroflicha muhokama qilindi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan mamlakatda tanosil kasalliklariga chalingan bemorlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, davolash holati Ichki ishlar vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligining mutaxassislari bilan birgalikda o‘rganildi.
– O‘rganish natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri va ichki ishlar vazirining 1997 yil 15 maydagi “Xavfli guruhga kiruvchi shaxslarning jinsiy yo‘l bilan yuquvchi kasalliklari profilaktikasi to‘g‘risida”gi buyruqlari mazkur ikki vazirlik rahbarlarining 2016 yil 31 avgustdagi buyruqlari bilan bekor qilingani sababli hozirgi kunda tanosil kasalliklarini aniqlash bo‘yicha majburiy tibbiy ko‘riklar o‘tkazilmayapti, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Muxarram Dadaxodjayeva. – Shuningdek, mazkur xastalikka chalingan shaxslar to‘g‘risidagi statistik ma'lumotlar yuritilmayapti.
Davra suhbatida majburiy tibbiy ko‘rik va davolanish ishlarining olib borilmasligi natijasida hozirgi kunda tanosil kasalligiga chalingan bemorlar sog‘lom odamlar salomatligiga jiddiy xavf tug‘dirayotgani aytib o‘tildi.
Tadbir davomida xorijiy davlatlarning bu boradagi tajribasiga ham e'tibor qaratildi. Xususan Rossiya, Belorus, Qozog‘iston, Tojikiston, Ukraina kabi davlatlar qonunchiligida mazkur kasallikka chalingan bemorlar sud qarori asosida majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi va davolanishi belgilangani qayd etib o‘tildi.
Ushbu kasallikning ijtimoiy xavfi yuqoriligini e'tiborga olib, davra suhbati ishtirokchilari tomonidan bu boradagi me'yoriy-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish, jumladan “Tanosil kasalliklarining profilaktikasi va davolash to‘g‘risida”gi Qonunni ishlab chiqish to‘g‘risida fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdilar. Qayd etilganidek, ushbu Qonunning qabul qilinishi, hozirgi kunda respublikada huquqiy jihatdan tartibga solinmagan, aholining sog‘lig‘i uchun xavfli bo‘lgan tanosil kasalliklarini majburiy davolashga imkon yaratib, uning tarqalishi oldini olishga yordam beradi.
Mavzuga oid
16:01 / 28.10.2024
Qibrayda bepul tibbiy ko‘rik uchun o‘qituvchilardan pul olinayotgani aytilmoqda
16:29 / 16.09.2024
Shishgan, qizargan, yiringlagan ko‘zlar – kon’yunktivitni qanday davolash mumkin?
11:28 / 22.07.2024
Nikohlanuvchilar qanday tibbiy ko‘riklardan o‘tishi kerak?
07:55 / 09.07.2024