O‘zbekiston | 20:54 / 26.07.2018
5668
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda uy-joyga muhtoj 118 nafar yetim bolaning murojaatidan 50tasi e'tiborsiz qolgan

Foto: parliament.gov.uz

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi tomonidan “Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning huquqiy kafolatlari: amaliyot, muammo va istiqboldagi rejalar” mavzusida o‘tkazilgan davra suhbatida ijtimoiy himoyaga muhtoj, ota-ona qaramog‘idan mahrum hamda yetim bolalarni ijtimoiy himoya qilishga oid qonunchilikni yanada takomillashtirish masalalari muhokama etildi. Bu haqda Qonunchilik palatasi sayti xabar bermoqda.

Deputatlar hamda ta'lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya sohasi vakillari, huquq-tartibot organlari va nodavlat-notijorat tashkilotlari xodimlari ishtirok etgan tadbirda ota-ona qaramog‘idan mahrum va yetim bolalar huquqlarini himoya qilish, ularning ta'lim olishi, sog‘lig‘ini muhofazalash, hayotga moslashishi bo‘yicha qonunchilik tarqoq holatda, ya'ni bir nechta qonunlarda aks ettirilganligi ta'kidlandi. Bunday bolalarni himoya qilish borasida alohida yaxlit qonun qabul qilinmagan. Shu bois, ayrim holatlarda ularning ta'lim olish, mehnat qilish, hatto uy-joyga ega bo‘lish huquqlarining buzilishi holatlari uchramoqda.

Deputatlarning o‘rganishlari chog‘ida, masalan, Toshkent shahrida 2016-2017 yillar davomida uy-joyga muhtoj bo‘lgan 118 nafar yetim bolaning arizasi ro‘yxatga olingani, ulardan 50tasi bugungi kunga qadar ham hal etilmagani aniqlangan. Ayrim hududlarda bunday bolalarga ajratilayotgan uylarning ahvoli yaxshi emasligi, eski va nurab ketgani, ko‘p qavatli uylardagi xonadonlarning kommunal tizimi nosozligi, yashash sharoiti yaratilmagani, shu jumladan ijaraga berilganlarining shartnoma muddatlari tugashi bilan chiqarib yuborilishi, xususiylashtirish mumkin emasligi ijtimoiy himoyadagi bolalar oldiga keskin muammolarni keltirib chiqarmoqda. Bunday holatlarga Toshkent shahrida, Qashqadaryo, Sirdaryo, Surxondaryo, Namangan viloyatlarida duch kelingan.

Ayni muammolardan kelib chiqib, davra suhbatida bola huquqlarini ta'minlash sohasidagi ijro hokimiyati faoliyati ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida qo‘mita tomonidan Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan “Ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar va yetim bolalarning ijtimoiy himoyasi kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi.

Qonun loyihasida ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar va yetim bolalarning alohida huquqlari kafolatlanishini belgilash, ularning ta'lim olishi, mehnat qilishi, sog‘lig‘ini tiklashi, uy-joy bilan ta'minlanishi va boshqa ijtimoiy xizmatlardan foydalanishiga oid normalar qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Qonun loyihasida bunday bolalarni huquqiy jihatdan muhofazalashda yuridik xizmat va sud himoyasi kabi tushunchalar kiritilib, yangi mexanizmlar joriy qilish taklif etilmoqda.

Mavzuga oid