Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkentda 13 nafar tadbirkorni aldab kelgan jinoiy guruh ishi sudga oshirildi
Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan firibgarlik bilan shug‘ullanib kelgan 29 yoshli T.J., 20 yoshli T.M. va 21 yoshli M. A.ning noqonuniy faoliyatiga oid tergov-surishtiruv ishlari yakuniga yetkazildi. Guruhning to‘rtinchi a'zosiga nisbatan ayni vaqtda qidiruv e'lon qilingan. Bu haqda poytaxt IIBB axborot xizmati xabar bermoqda.
Tergov jarayonida ushbu shaxslarning firibgarlikdan tashqari uyushgan guruh tuzib zo‘ravonlik hamda transport vositalarini olib qochish bilan shug‘ullanib kelganliklari aniqlandi.
T.M. hamda uning sheriklari oziq-ovqat va maishiy texnika savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarni bir necha oy davomida aldab kelganlar. Xususan, ular tadbirkorlardan katta pul miqdoridagi turli tovar va mahsulotlarni sotib berish uchun olganlar. Ishonarli bo‘lishi uchun hatto ijaraga ofis ham ochilgan. O‘zlashtirilgan mahsulotlarni o‘z bahosidan arzon narxda sotib, pullarning bir qismini tovar egasiga dastlabki daromad sifatida qaytarganlar. Shu yo‘l bilan yangi mahsulotlarni olish uchun endi boshqa tadbirkor oldiga borganlar. Bu usul bilan jinoiy guruh a'zolari 13 nafar tadbirkorni chuv tushirganlar. Jabr ko‘rganlardan hech biri ichki ishlar organlariga murojaat qilmagan. Sababi, firibgarlar vaqti-vaqti bilan ularga pullarining bir qismini berib kelganlar. Natijada tadbirkorlar shubhaga bormay, pullarining qaytarilishini kutib yuraverganlar.
Qilmishlari jazosiz qolayotgan jinoiy guruh a'zolari keyinchalik yolg‘on va ishonchni suiiste'mol qilish yo‘lidan og‘irroq jinoyatga ham qo‘l ura boshlaganlar. Jumladan, jabrlanganlardan biri A.M.ni ish yuzasidan uchrashuvga chaqirib, uni zo‘ravonlik bilan salonga o‘tqazadilar. Jinoyatchilardan biri esa mashina boshqaruvini o‘z qo‘liga oladi va noma'lum tarafga yo‘l oladilar. Yo‘lda jinoiy guruh a'zolari tadbirkor hayotiga tahdid qilib, undan katta summadagi mahsulotlarni talab qilishadi. Mashina svetoforning qizil chirog‘ida to‘xtaydi. M. esa bu fursatdan unumli foydalanib chaqqonlik bilan avtomobildan tushib qoladi va jinoyatchilardan qochib ketishga muvaffaq bo‘ladi.
M. fursatni boy bermay bo‘lib o‘tgan voqea yuzasidan ichki ishlar organlariga murojaat qiladi. Transport vositasining olib qochilganligi va sodir etilgan zo‘ravonlik yuzasidan jinoyat ish qo‘zg‘atiladi. Tergov-surishtiruv jarayonida T.M. va uning sheriklari tomonidan sodir etilgan firibgarlik jinoyatlari fosh etildi. Jinoiy guruh tomonidan 13 nafar tadbirkorga keltirilgan zarar miqdori 400 million so‘mni tashkil etgani aniqlandi.
Ayni vaqtda mazkur ish sudda ko‘rib chiqilmoqda.
Mavzuga oid
16:28 / 13.06.2026
Toshkentda yo‘l talashgan haydovchi ikkinchi haydovchiga tayoq bilan hujum qildi
20:25 / 10.06.2026
Qozog‘istonda jinsiy zo‘ravonlik jinoyatlari tergovi ayol tergovchilarga topshiriladi
20:06 / 10.06.2026
Prezident huzurida Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyati va rejalari ko‘rib chiqildi
16:55 / 09.06.2026