Sport | 13:21 / 30.07.2018
12226
3 daqiqa o‘qiladi

Hasanboy Do‘smatov nega boksni tanlaganini aytdi

Foto: MOQ axborot xizmati

Milliy olimpiya qo‘mitasi Olimpiya o‘yinlari chempioni, 2016 yilgi jahonning eng yaxshi bokschisi Hasanboy Do‘smatov bilan suhbat uyushtirdi.

Avval kikboks, keyin esa boks

Avvaliga sportning kikboks turi bilan shug‘ullanardim. Olimpiya zaxiralari kollejida ham aynan ushbu yo‘nalish bo‘yicha o‘qishni istagandim. Biroq, u yerda kikboks yo‘nalishi yo‘qligi sabab boksni tanlaganman. Shu tariqa, kollejda boks bo‘yicha tahsil ola boshladim.

Foto: MOQ axborot xizmati

Diyetolog tavsiyasiga ko‘ra ovqatlanadi

Ovqatlanish tartibi haqida gapiradigan bo‘lsam, kuniga uch mahal ovqatlanamiz. Terma jamoamizda diyetologlar ham bor. Taomlarni aynan ularning tavsiyasiga binoan iste'mol qilamiz.

Sevimli sportchisi – futbolchi

Sevimli sportchim «Barselona»ning argentinalik futbolchisi Lionel Messidir. Uning o‘yinlari, maydonda o‘zini tutishi menga juda yoqadi. Bokschilardan esa filippinlik afsonaviy charm qo‘lqop ustasi Menni Pakyaoga havas qilaman.

Foto: MOQ axborot xizmati

Kutilmagan voqea

Hayotimdagi eng kutilmagan voqea sifatida Olimpiada chempioni bo‘lganimni ko‘rsatishim mumkin. To‘g‘risi, buni ko‘pchilik, shu o‘rinda o‘zim ham kutmagandim. Ammo bu sharafli vazifani uddalay oldim. Bundan judayam xursandman.

Foto: MOQ axborot xizmati

Intizom va mehnat

Chempionlikka erishish uchun birinchi navbatda intizom va albatta qattiq mehnat talab etiladi. Shuningdek, murabbiy ko‘rsatmalarini ham o‘z vaqtida va to‘liq bajarish lozim.

Osiyo o‘yinlarida chempion bo‘lmoqchi

Qit'adagi to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasi ham oson kechmaydi. Chunki, u yerda barcha chempionni mag‘lub etishga harakat qiladi. Unga qarshi ringga ikki barobar kuch bilan chiqishadi. Chempion ularning barchasiga qarshi turib bera olishi lozim. Asosiy maqsadim Osiyo o‘yinlari chempioni bo‘lib, Vatanimiz bayrog‘ini yana bir bor jahon arenalarida yuqoriga ko‘tarishdir. Nasib qilsa, O‘zbekistonga chempion bo‘lib qaytamiz.

Mavzuga oid