O‘zbekiston | 19:25 / 30.07.2018
3381
7 daqiqa o‘qiladi

Buxgalter va auditorlar DSQ huzuridagi markazda malaka oshira oladilar

Foto: Norma

Qonun hujjatlari ta'sirini baholash tizimi portalida Vazirlar Mahkamasining «Davlat soliq xizmati organlari xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori loyihasi muhokama qilinmoqda, deb yozadi Norma
 
Eslatib o‘tamiz, Prezidentning 2018 yil 26 iyundagi «Davlat soliq xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ–3802-son qarori bilan Soliq akademiyasi Malaka oshirish markazi etib qayta tashkil qilindi.
 
Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda DSQga 2018/2019 o‘quv yili boshlanguniga qadar quyidagilarning tegishli ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha ko‘chirilishini ta'minlash vazifasi topshirildi:  
 
•  Toshkent moliya institutiga – qayta tashkil etilayotgan Soliq akademiyasining «Soliqlar va soliq solish» ta'lim yo‘nalishi bo‘yicha bakalavriat 2 va 4-bosqich talabalarining davlat granti asosida o‘qish shaklini saqlab qolgan holda;
•  Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga – qayta tashkil etilayotgan Soliq akademiyasining «Soliqlar va soliq solish» ta'lim yo‘nalishi bo‘yicha bakalavriat 3-bosqich talabalarining davlat granti asosida o‘qish shaklini saqlab qolgan holda, shuningdek 2-bosqich magistrantlarining to‘lov-kontrakt asosida o‘qish shaklini saqlab qolgan holda.
 
Shuningdek manfaatdor vazirlik va idoralar Ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasiga Soliq akademiyasi qayta tashkil etilishi munosabati bilan 2018/2019 o‘quv yilida Toshkent moliya instituti va Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga qabul kvotalari bo‘yicha takliflarini kiritishlari kerak.
 
Belgilanishicha, Markaz davlat soliq xizmati organlari xodimlarini qayta tayyorlovchi va ularning malakasini oshiruvchi, shuningdek soliq ma'muriyatchiligi va soliq siyosatini takomillashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiquvchi bazaviy o‘quv-uslubiy va ilmiy muassasa hisoblanadi.
 
Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilandi:
 
•  birinchisi – murakkab va o‘zgaruvchan muhitda uzoq muddatli asosda olingan bilimlarni strukturalash hamda amaliy vazifalar yechimiga tizimli yondashish ko‘nikmalarini hosil qilish maqsadida qo‘shimcha professional ta'lim dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
•  ikkinchisi – soliq organlarining innovatsion rivojlanishini ta'minlay oladigan davlat soliq xizmati organlarining kadrlar salohiyatini mustahkamlash va takomillashtirish;
•  uchinchisi – soliq ma'muriyatchiligi va soliq siyosatini takomillashtirishga doir takliflarni ishlab chiqish;
•  to‘rtinchisi – kadrlar malakasini oshirish, qo‘shma ta'lim dasturlarini amalga oshirish, professor-o‘qituvchilar tarkibining malakasini oshirish va stajirovka o‘tashi yuzasidan tajriba almashish vositasida yetakchi xorijiy oliy ta'lim va ilmiy muassasalar bilan xalqaro hamkorlikni rivojlantirish;
•  beshinchisi – tinglovchilarni o‘qitish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati borasida qo‘yilgan maqsadlarga erishish uchun pedagoglar va xodimlarning boshqa toifalari professional faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoitlarni ta'minlash;
•  oltinchisi – buxgalterlar, auditorlar va soliq maslahatchilarini shartnoma asosida o‘qitish va malakasini oshirish;
•  yettinchisi – ta'lim jarayoniga masofadan turib o‘qitish va treninglar o‘tkazish zamonaviy usullarini joriy etish.
  
Markazda quyidagi kurslarni tashkil etish taklif qilinmoqda:
 
•  davlat soliq xizmati organlarida rahbarlik lavozimlarini egallash uchun zaxirada turgan kadrlar malakasini oshirish, bir oygacha muddatli;
•  davlat soliq xizmati organlariga ishga qabul qilinadigan, soliq qonunchiligi va ma'muriyatchiligi, shuningdek soliq organlarida ish yuritishni tashkil etish asoslariga o‘qitish uchun yo‘llangan shaxslarni qayta tayyorlash, uch oygacha muddatli;
•  soha bo‘yicha oliy ma'lumotga ega bo‘lmagan davlat soliq xizmati organlari xodimlaridan bo‘lgan shaxslarni qayta tayyorlash, o‘n oygacha muddatli; 
•  tumanlar (shaharlar) davlat soliq inspeksiyalari xodimlari uchun malaka oshirish dasturlari bo‘yicha qisqa muddatli ta'lim (bir oygacha).
 
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar davlat soliq boshqarmalari huzurida Markazning yuridik shaxsni tashkil etmaydigan mintaqaviy filiallarini ochish rejalashtirilmoqda.

Markaz filiallarida tumanlar (shaharlar) davlat soliq inspeksiyalari xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha qisqa muddatli (bir oygacha) kurslar tashkil etiladi. 
 
Markazning quyidagilarni amalga oshirishiga ruxsat etiladi:
 
•  DSQ bilan kelishgan holda o‘quv kurslarini tashkil etish va tinglovchilar kontingentini shakllantirish tartibini, o‘quv rejalari va o‘quv dasturlarini, shuningdek ta'lim jarayonini tashkil etish uchun zarur boshqa o‘quv-uslubiy hujjatlarni ishlab chiqish va tasdiqlash;
•  shartnoma asosida, shu jumladan mehnatga soatbay haq to‘lash sharti bilan, sud va huquqni muhofaza qilish organlari, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va boshqa davlat boshqaruvi organlarining malakali xodimlari, shuningdek notijorat tashkilotlari ekspertlari, biznes-tuzilmalar vakillari va xalqaro ekspertlarni o‘qituvchi sifatida jalb etish;
•  buxgalterlar, auditorlar, soliq maslahatchilarining qisqa muddatli va o‘rta muddatli kurslarda shartnoma asosida o‘qishi va malaka oshirishini tashkil etish.
 
Belgilanishicha:

•  Markazga DSQ Raisining buyrug‘i bilan tayinlanadigan direktor boshchilik qiladi;
•  Markaz direktori maqomi bo‘yicha DSQ markaziy apparati boshqarmasi boshlig‘iga tenglashtiriladi;
•  Markazning rahbar, boshqaruv, texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlariga nisbatan DSQ markaziy apparatidagi tegishli lavozimlar uchun nazarda tutilgan mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shartlari tatbiq etiladi;
•  Markaz professor-o‘qituvchilari tarkibining lavozim maoshlari oliy ta'lim muassasalari tegishli xodimlarining bazaviy lavozim maoshlari miqdorida belgilanadi;
•  Markazning rahbar, boshqaruv xodimlari va professor-o‘qituvchilari tarkibiga nisbatan maxsus unvonlarga ega bo‘lgan shaxslarga maxsus unvon uchun va ko‘p yil ishlaganligi uchun oylik ustamalar belgilagan holda davlat soliq xizmati organlarida xizmatni o‘tash shartlari tatbiq etiladi.
 
Markazni Kichik halqa yo‘li ko‘chasi, 3-uy manzilida joylashtirish rejalashtirilmoqda.

Mavzuga oid

E`lonlar