Sport | 19:07 / 30.07.2018
14168
2 daqiqa o‘qiladi

Qo‘qondagi voqealar tafsiloti - hakamning ko‘z oldida raqibini urgan Xolmuhammedov, murabbiylarning o‘yindan keyingi janjali videolari

Foto: PFK Sogdiana

Superliganing 19-turida «Qo‘qon-1912» Jizzaxning «So‘g‘diyona» jamoasini qabul qildi va 2:1 hisobida g‘alaba qozondi.

Avvalroq, «So‘g‘diyona» Qo‘qonda qanday «o‘ldirildi» degan xabarda «Qo‘qon-1912» bahsli penalti hisobiga g‘alaba qozonganini yozgan edik.

Bu safar «So‘g‘diyona» matbuot xizmati tomonidan keltirilgan videolar asnosida, mezbonlar himoyachisi Murod Xolmuhammedovning «xurmacha qiliqlari» to‘g‘risida xulosa chiqarishimiz mumkin bo‘ladi.

Birinchi videoda Xolmuhammedov (22-raqamda) «So‘g‘diyona» hujumchisi Shoxruz Norxonovni ochiqchasiga urganini ko‘ramiz. U hakamning ko‘z oldida futbolchining yuziga musht tushirgan. 

Ikkinchi videoda Xolmuhammedov jarima maydoniga kirib kelgan Norxonovni tirsagi bilan urib yiqitgan. 

Qizig‘i shundaki, Xolmuhammedov bu o‘yinning 32-daqiqasida bosh hakam Ahrol Risqullayev tomonidan ogohlantirilgan. Ammo, bu ogohlantirish keltirilgan videolarning qaysi biridagi qo‘pollik uchun berilgani ma'lum emas. Fikrimizga ko‘ra, Xolmuhammedov hujumchi Norxonovning yuziga musht tushirgan vaziyatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri qizil kartaga loyiq edi.

Eslatib o‘tamiz, himoyachi o‘yinni oxirigacha maydonda harakat qilib, bahs tugashiga oz vaqt qolganida hal qiluvchi penaltini aniq amalga oshirgan edi.

Yana bir videoda o‘yindan keyingi vaziyat aks etgan. Unda «Qo‘qon-1912» bosh murabbiyi No‘'mon Hasanov (qora ko‘ylakda) hakam yonidagi noma'lum shaxslardan biriga e'tiroz bildirgani, so‘ngra «So‘g‘diyona» bosh murabbiyi Sergey Lushchan bilan «san-man»ga borganini ko‘rish mumkin.

Mavzuga oid