O‘zbekiston | 22:30 / 31.07.2018
15772
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqand viloyat perinatal markazidagi voqeaga zudlik bilan rasmiy munosabat - Sog‘liqni saqlash vazirligi xizmat tekshiruvi o‘tkazadi

Bugun, 31 iyul kuni KUN.UZ saytida Samarqand viloyat perinatal markazida muddatidan avval tug‘ilgan chaqaloqning jinsini qayd etish bilan bog‘liq xatolikka yo‘l qo‘yilgani va chaqaloq nobud bo‘lgach, turli tushunmovchiliklar va shubha-gumonlar kelib chiqqanini aniqlashtiruvchi «Samarqanddagi viloyat perinatal markazida tug‘ilgan chaqaloq almashtirib qo‘yilgan edimi?» sarlavhasi ostida surishtiruv materiali e'lon qilingan edi.

KUN.UZ’da e'lon qilingan mazkur maqolaga O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi zudlik bilan o‘z rasmiy munosabatini bildirdi.

Vazir o‘rinbosari Elmira Bositxonova mazkur vaziyat yuzasidan o‘z munosabatini quyidagicha bayon etdi:

«Samarqand viloyat perinatal markazida ro‘y bergan mazkur hodisa, albatta, kishini o‘yga toldirmasdan qolmaydi, — dedi sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari. — Tibbiyot xodimlarning qo‘pol xatoga yo‘l qo‘yishi, e'tiborsizligi turli shubha va gumonlarning urchishiga sabab bo‘ladi».

E.Bositxonovaning bildirishicha, Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Yusupaliyev boshchiligida guruh xizmat tekshiruvi o‘tkazish uchun Samarqand shahriga jo‘nab ketgan.

«Albatta, ayrim shifokorlarning vrachlik etikasi va deontologiyasi qoidalarini buzganligi, murakkab vaziyatda muomala madaniyati va xatti-harakatlari risoladagidek bo‘lmagani xizmat tekshiruvi davomida atroflicha o‘rganib chiqilib, kerakli choralar ko‘riladi», — dedi E.Bositxonova KUN.UZ’ga.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid