Sudlarga qonunosti hujjatlarini talqin qilish huquqini berish lozim
Advokat Ilhom Azizov qonunlar va qonunosti hujjatlari o‘rtasida tez-tez yuzaga keladigan ziddiyatlar sabablarini o‘rganib, vaziyatdan chiqish yo‘lini taklif etdi, deb yozmoqda Norma.
Qonunlar hamda qonunlarni amalda qo‘llash uchun zarur mexanizmlar va tartib-taomillarni yaratishga mo‘ljallangan qonunosti hujjatlari o‘rtasida obektiv ziddiyatlar mavjud. Ijroiya hokimiyati organlarining norma yaratish amaliyoti u yoki bu darajada parlamentar qonunchilik amaliyotiga doim zid keladi. Bunday ziddiyatlar barcha huquqiy tizimlarda mavjud.
Qonunlar va qonunosti hujjatlari bir-biriga muvofiq kelmasligining sababi nimada
Ziddiyatlarning asosiy sababi – qonunlar va ularni implementatsiya qiluvchi qonunosti hujjatlarini qabul qilish bilan har xil manfaatlarni ko‘zlovchi turli organlar shug‘ullanadi. G‘arbdagi tizimlarda qonunlar ustuvorligi izchillik bilan ta'minlanadi. Biz ham ushbu prinsipga amal qilishimiz belgilangan, biroq amalda ko‘pincha qonunosti hujjatlari ustunlik qiladi.
Quyidagi asosiy noto‘g‘ri yondashuvlar ham bunga sababchi bo‘ladi:
1. «Ruxsatlarning detallashtirilishi huquqiy tartibot takomillashuviga xizmat qiladi»
Qonunchilikning takomillashtirilishiga ko‘pincha huquqiy munosabatlar tartibga solinishini, buning ustiga ruxsatlarni tavsiflash nuqtai nazaridan detallashtirish deb qaraladi. Bunday yondashuv avvalboshdan boshi berk ko‘chaga olib kiradi, sababi bironta qonun hujjati (u qonun yoki qonunosti hujjati bo‘lsin) huquqiy munosabatlarni bir yo‘la tartibga sola olmaydi, buning ustiga huquqiy munosabatlarning o‘zi dinamikada turibdi. Shu sababli boshqa yondashuv mavjud, bunda taqiqlangan narsalargina tartibga solinadi, bunday taqiq esa faqat qonun bilan belgilanadi. Bir vaqtning o‘zida sudga tadbirkorlik sub'yektlarining dastlabki erkinligi cheklanishini bartaraf etish uchun idoraviy norma ijodkorligi ustidan nazorat qilish huquqi beriladi.
2. «Huquq va qonun bir xil»
Aksariyat normativ hujjatlarni ishlab chiquvchilarning xatosi shundaki, ular u yoki bu huquqiy munosabatlarni tartibga solar ekan, ularning ishtirokchilariga muayyan huquqlarni «tuhfa qilyapmiz» (taqdim etyapmiz) va majburiyatlarni yuklayapmiz deb hisoblaydilar. Aslida obektiv ravishda, ya'ni norma yaratuvchi organning xohish-irodasidan qat'i nazar tomonlarning huquqlari mavjud bo‘ladi, regulyatorning vazifasi esa ko‘proq taqiqlarni tartibga solish, huquqni matnda adekvat «qayd etish» (aks ettirish) bilan cheklangan.
3. «Qonun to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta'sir kuchiga ega hujjat bo‘la olmaydi»
Qonunlar implementatsiya qiluvchi qonunosti hujjatlariga ega bo‘lishi kerakligi haqidagi postulat navbatdagi xato hisoblanadi. Bu qonunlar umumlashtiruvchi, hadli, ya'ni tafsilotsiz va tugallanmagan tusdagi normalarni o‘z ichiga olishiga sababchi bo‘ladi. Shu boisdan ham qonunlarni to‘ldirish, batafsillashtirish va amalda qo‘llashga yo‘naltirilgan qonunosti hujjatlariga talab yuzaga keladi. Parallel ravishda qonunosti hujjatlarini ishlab chiquvchilar qonunlardagi nuqsonlardan xohlab-xohlamay «sex» (idoraviy) va shaxsiy manfaatlarini ko‘zlab foydalanadilar. Natijada amalda tegishli qonunlar bilan nazarda tutilmagan yoki tartibga solinmagan yangi munosabatlar belgilanadi.
4. «Qonun hujjatlari yagona huquq manbai hisoblanadi»
Aslida nafaqat qonunlar yoki hokimiyat organlarining boshqa normativ-huquqiy hujjatlari huquq manbai hisoblanadi. Doktrinalar, urf-odatlar, shartnomalar va sud amaliyoti ham mavjud. Shunga qaramay, huquqiy munosabatlarni takomillashtirish usullari ancha cheklangan – bu moddiy huquq (qonunlar va qonunosti hujjatlari) va huquqni qo‘llash (ma'muriy va sud) amaliyotini takomillashtirishdir.
Huquqni qo‘llash qonun ijodkorligiga qarshi
Qonunlar va qonunosti normativ hujjatlar o‘rtasidagi ziddiyatlarni bartaraf etish muammosini faqat qonunchilikni takomillashtirish yo‘li bilan hal etib bo‘lmaydi. Ko‘rsatilgan ziddiyatlarni moddiy huquq sohasida emas, balki protsessual huquq sohasida hal etish lozim. Bu mazkur ixtilofni soddalashtirgan, bo‘rttirgan holda tushunishdir. Biroq sud nazoratisiz qonunchilikni takomillashtirish bilangina ko‘p narsani o‘zgartirib bo‘lmasligini anglash muhim.
Haqiqatan ham, amaldorlarning ulkan armiyasi hayotiy faoliyatning barcha sohalarini tartibga soluvchi normativ hujjatlarni paydar-pay chiqarmoqda. Shu sababli normativ hujjatlarni qisqartirish yoki ularni tizimlashtirish haqidagi gaplar muammoni to‘liq hal etmaydi – amaldorlar bir yil o‘tgach avvalgilariga zid keluvchi yangi hujjatlarni chiqarib, yana ziddiyatlarga to‘qnash keladilar va hujjatlarni yana tizimlashtirish zaruratini yuzaga keltiradilar. Buning chorasi – ma'muriy qonun hujjatlari ishlab chiqilishi ustidan sud nazorati tizimini shakllantirish yo‘li bilan amaldorlarning tadbirkorlik faoliyatiga aralashuvini qisqartirishda.
Qonunlar va qonunosti hujjatlar o‘rtasidagi ziddiyatlarni hal etishning yuridik mexanizmlari
Xorijda qonunlar va normativ hujjatlar o‘rtasidagi ziddiyatlar muammosi ikki xil yo‘l bilan hal etiladi:
1) qonunosti tartibga solishni qisqartirish bilan (ayniqsa individning fundamental huquqlariga oid munosabatlar borasida);
2) qonunlarni talqin qilish bilan.
Qonunning qabul qilinishiga rasmiy doktrina hamrohlik qiladi. Doktrina (huquqiy ideologiya) har qanday qonun mavjud bo‘lgan paytda amal qilishini kuzatadi. Doktrina qonunning ruhi va g‘oyasi, uning maqsad va niyatlarini belgilaydi. Normativ hujjatlar preambula bilan boshlanishi bejiz emas (garchi bu kontinental Yevropa uchun uncha xos bo‘lmasa ham). Natijada keyin qabul qilinadigan har qanday qonun hujjatlari ushbu rasmiy doktrinadan kelib chiqishi va qonun chiqaruvchining niyatini buzib ko‘rsatmasligi kerak bo‘ladi. Rivojlangan huquqiy tizimlarda qonun chiqaruvchi organning niyatlarini belgilash maqsadida qonunlar va qonunosti hujjatlar qoidalari o‘rtasidagi ziddiyatlar yoki mutanosibliklarni aniqlash uchun maxsus qonunlarni talqin qilish huquqiga ega bo‘lgan organlar aniq belgilangan. Doktrinal qoidalar, odatda, qonunlarning preambulalarida, dasturiy normativ hujjatlarda va sud organlarining rasmiy talqinlarida bayon etiladi.
Bizning huquqiy tizimda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi Konstitutsiya va qonunlar normalarini rasmiy talqin qilish vakolatiga ega. Biroq uning amaliyoti ancha cheklangan. Buning ustiga faqat ayrim davlat organlari hamda deputatlar va senatorlar guruhlari Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqiga ega. Adliya tizimi organlari orasida esa bunday huquq faqat sudlar va prokuraturaning oliy organlariga berilgan. Advokatura, uning organlari timsolida, adliya tizimidagi boshqa organlar maqomiga teng maqomda bo‘lishiga qaramay, ayrim yuridik shaxslar va fuqarolar singari Konstitutsiyaviy sudga murojaat qila olmaydi.
Eng achinarlisi, qonunda qonunosti hujjatlar normalariga rasmiy sharhni ularni qabul qilgan organlarning o‘zi berishga vakolatli ekanligi nazarda tutilgan. Ijroiya hokimiyati organlarining bunday huquqi, ayniqsa ijroiya organi o‘zini o‘zi cheklashi talab etilganda, qonunosti hujjatlar tegishli qonunlar doirasida talqin qilinishini har doim ham ta'minlay olmaydigan ko‘rinadi.
Tavsiyalar
Yuqorida aytilganlarni inobatga olgan holda, mavjud organlardan biriga qonunlar va qonunosti hujjatlarning ziddiyatli qoidalarini aniqlash va bartaraf etish choralarini ko‘rish vakolatlarini berish zarur. Qonunchilik normalarini ishlab chiqmaydigan va hokimiyatning ijroiya tarmog‘i qismi hisoblanmaydigan organgina ana shunday organ bo‘lishi mumkin. Mamlakat huquqiy rivojlanishi tarixi hokimiyatning hech qaysi nazorat ijroiya organi qonunni lozim darajada talqin qila olmasligini ko‘rsatdi. Sababi – hokimiyatning ijroiya tarmog‘i tizimidagi maqomida, buning uchun zarur bo‘lgan oshkora tartib-taomillar (tortishuv, protsessual qoidalar), shuningdek qonunlarni talqin qilish uchun zarur vakolatning yo‘qligida.
Qonunlarni talqin qilish va qonunlarga muvofiqlikni nazorat qilish vazifasini hokimiyatning uchinchi tarmog‘i bo‘lgan sudlargina amalga oshira oladigan ko‘rinadi. Aslida bu vazifa normativ nizolar to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha joriy sud amaliyotini muntazam umumlashtirish va hujjatlarining amal qilishi to‘xtatib qo‘yilgan yoki hatto bekor qilingan organlarga tegishli tavsiyalar berish vazifasiga mos keladi. Biroq bunda nazorat haqida emas, balki qonunga zid qonunosti hujjatning sudlar tomonidan butunlay bekor qilinishini nazarda tutuvchi yanada keng nazorat vazifasi haqida so‘z bormoqda.
Ma'muriy sudlar ma'muriy nazoratni amalga oshiradilar. Shu sababli «Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi Qonunning 43-moddasidagi «qonunosti hujjatlar normalariga rasmiy sharhni ularni qabul qilgan organlar beradi» deb ko‘rsatilgan qismini «qonunosti hujjatlar normalariga rasmiy sharhni ma'muriy sudlar beradi» deb almashtirish mantiqqa to‘g‘ri kelgan bo‘lar edi.
Ma'muriy sudlar ayni paytda bunday vakolatga ega emasligini hisobga olgan holda, ularning vakolatini kengaytirish masalasini ko‘rib chiqish lozim. Buning uchun Ma'muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksning 27-moddasida «Sud: 1) idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar yuzasidan nizolashish to‘g‘risidagi; … ishlarni hal qiladi» so‘zlari o‘rniga «Sud: 1) qonunosti hujjatlar yuzasidan nizolashish to‘g‘risidagi; … ishlarni hal qiladi» so‘zlari nazarda tutilishini taklif etamiz. Kodeksning 15-moddasida esa:
«Sud ma'muriy ishni ko‘rayotganda ma'muriy organning hujjati qonunga muvofiq emasligini, shu jumladan hujjat vakolat doirasidan chetga chiqilgan holda qabul qilinganligini aniqlasa, qonunga muvofiq qaror qabul qiladi», –
o‘rniga quyidagilarni ko‘rsatish to‘g‘ri bo‘lar edi:
«Sud ma'muriy ishni ko‘rayotganda qonunosti hujjat qonunga muvofiq emasligini, shu jumladan hujjat tegishli organ vakolati doirasidan chetga chiqilgan holda qabul qilinganligini aniqlasa, uni bekor qilish, o‘z kuchini yo‘qotgan va haqiqiy emas deb topish to‘g‘risida qaror qabul qiladi».
Va, albatta, Konstitutsiyaviy sudga murojaatlarni taqdim etish huquqiga ega bo‘lgan sub'yektlar ro‘yxatini kengaytirib («O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonunning 25-moddasi), uni Advokatlar palatasiga tatbiq etish lozim.
Quyidagi o‘zgartirish va qo‘shimchalarni kiritishni ham tavsiya etamiz:
1. «Sudlar to‘g‘risida»gi Qonunda quyidagilarni belgilovchi 2-moddasi (Sudning vazifalari) 2-qismini:
«sudning faoliyati qonun ustuvorligini, ijtimoiy adolatni, fuqarolar tinchligi va totuvligini ta'minlashga qaratilgandir», –
yangi tahrirda bayon etish zarur:
«sudning faoliyati huquq ustuvorligini, ijtimoiy adolatni, fuqarolar tinchligi va totuvligini ta'minlashga qaratilgandir».
2. «Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi Qonunda:
5-modda «Normativ-huquqiy hujjatlarning turlari»ga «z) majburiy kuchga yoki tavsiya tusiga ega bo‘lishi mumkin bo‘lgan sud talqinlari (sud pretsedentlari)» singari normativ-huquqiy hujjatlar turi yoki huquq manbalari qo‘shimcha qilinishi lozim;
yangi 14-modda «Sud talqinlari (sud pretsedentlari)» qo‘shimcha qilinishi, unda sud pretsedenti tushunchasi, uning O‘zbekiston Respublikasi huquqqa oid hujjatlar tizimidagi ahamiyati va o‘rni bayon etilishi lozim. Maqsad – sud amaliyoti yagonaligini (ya'ni sudlar tomonidan huquq normalari bir xil talqin qilinishi va qo‘llanilishini) ta'minlash.
3. Oliy Majlis hujjatlari (qarorlar yoki qonunlar) asosida sud pretsedentini bekor qilish mexanizmini nazarda tutish zarur.
Mavzuga oid
12:00 / 12.10.2024
Sergelidagi portlash: 4 nafar ayblanuvchining har biri 5 yilga ozodlikdan mahrum qilindi
08:30 / 12.10.2024
Ayrim shaxslarga O‘zbekiston hududiga kirish rad etilishi mumkin
14:10 / 02.10.2024
Mehnat organlariga murojaat qilganlardan ortiqcha hujjatlar talab etilishi oldi olinadi
13:02 / 21.08.2024