O‘zbekiston | 07:19 / 03.08.2018
4921
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda jinoyatchilik 61,6 foizga pasaygani ma'lum qilindi

Foto: IIBB axborot xizmati

Yakkasaroy tuman IIO FMBda «Xavfsiz poytaxt» konseptsiyasi doirasida o‘tgan bir oyda amalga oshirilgan ishlar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi IIV, Toshkent shahar IIBB, Milliy gvardiya, Toshkent shahar hokimligi hamda jamoatchilik institutlari vakillari ishtirok etdilar. Bu haqda poytaxt IIBB axborot xizmati xabar berdi.

Ta'kidlanishicha, o‘zaro hamkorlikdagi uzluksiz patrullash xizmati doirasida shahar miqyosida iyul oyida jinoyatchilikni sezilarli ravishda pasaytirishga erishildi. O‘tgan yilning iyul oyi bilan solishtirganda shaharda jinoyatchilik 61,6%ga, kechki va tungi vaqtlarda esa 62,7%ga pasaygan. Xuddi shu ko‘rsatkich Yakkasaroy tumanida -72,8% ni ko‘rsatmoqda, shu jumladan kechki vaqtlarda -61,4%.

Qayd etilganidek, sodir etilgan huquqbuzarliklarga munosabat bildirish, chora-ko‘rish darajasi oshmoqda. Toshkent shahar IIBB tomonidan tezkor xodimlarning voqea joyiga imkon qadar qisqa fursatda, uzog‘i 5 daqiqada yetib borishini ta'minlash mexanizmini joriy qilish ustida ish olib borilmoqda.

Yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan jinoyatlarni barvaqt aniqlash, ayniqsa alkogol ichimlik ta'sirida sodir etilayotgan bezorilik, tanaga jarohat yetkazishga oid huquqbuzarlik holatlari tanqidiy ko‘rib chiqildi. Shuningdek, aholi o‘rtasida yo‘l harakati qoidalariga amal qilish madaniyatini shakllantirishga qaratilgan targ‘ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirish lozimligi ta'kidlandi.

Mavzuga oid