Jamiyat | 14:20 / 06.08.2018
65466
2 daqiqa o‘qiladi

MIB tuman boshlig‘i pichoqlanganidan uch oy o‘tib vafot etdi

Majburiy ijro byurosi Yakkabog‘ tuman bo‘limi boshlig‘i qo‘l ostida ishlagan xodimning pichoq bilan zarbasidan uch oy o‘tib, vafot etdi.

Qashqadaryo viloyat MIB boshqarmasi Matbuot xizmati Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, joriy yilning 3 may kuni taxminan soat 15:00da Majburiy ijro byurosi Yakkabog‘ tuman bo‘limi sobiq davlat ijrochisi Ibrat Shavkatov u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingani sababli xizmat xonasidan o‘ziga tegishli buyumlarni olib ketish maqsadida bo‘limga borganida suiqasdga qo‘l uradi. U bo‘lim boshlig‘i Bahrom Jo‘rayev bilan tortishib qolib, yonida bo‘lgan oshxona pichog‘ini boshliqning qorin sohasiga sanchib, unga og‘ir tan jarohati yetkazadi. Natijada Jo‘rayev Yakkabog‘ tumani tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

Mazkur holat yuzasidan Yakkabog‘ tuman prokuraturasi tomonidan 3 may kuni O‘zR JKning 25,97-moddasi 1 qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ayblanuvchi Shavkatovga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanildi. 

Ayni paytda Qashqadaryo viloyat prokuraturasi 18-bo‘lim tomonidan mazkur ish yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Jo‘rayev 4 maydan hozirgi kunga qadar kasallik ta'tilida bo‘lgani holda davolanib kelgan va sog‘ligi yomonlashgani bois, 13 iyul kuni Toshkent shahriga keltirilgan.

U 1 avgust kuni soat 21:30larda Toshkent shahridagi Shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish Respublika ilmiy markazining jonlantirish bo‘limida vafot etgan.

Hozirda mazkur holat Qashqadaryo viloyat prokuraturasi ish yurituvidagi jinoyat ishi doirasida ko‘rib chiqilmoqda.

Mavzuga oid