Sport | 20:39 / 06.08.2018
12047
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston mundialga saralash siklini ilk marta yagona murabbiy qo‘l ostida o‘tkazadi

O‘zbekiston terma jamoasining hisob bo‘yicha 24-murabbiyi – Ektor Kuper bugundan o‘z lavozimiga kirishadi. Xabaringiz bor, terma o‘z tarixida hali biror marta JCh saralashini yagona murabbiy qo‘l ostida o‘tkazgan emas.

Murabbiylar almashinuvi sabab yakunda muvaffaqiyatsizlik uchun kim mas'uliyatni yelkasiga olishi masalasi doim bahslarga sabab bo‘lgan. Bugungi matbuot anjumanida O‘FA xalqaro aloqalar bo‘limi rahbari Diyor Isametdinov shu masalaga oydinlik kiritib, Osiyo kubogi final bosqichi yoki Tokio olimpiadasi yo‘lidagi ehtimoliy muvaffaqiyatsizlik murabbiyning iste'fosiga sabab bo‘lmasligini ma'lum qildi.

«Xabaringiz bor, Jahon chempionati saralashi 2021 yil noyabriga qadar davom etadi. O‘sha muddatda agar JCh yo‘llanmasi qo‘lga kiritilgan bo‘lsa, shartnoma o‘z-o‘zidan bir yilga uzayadi. Aks holda, murabbiy bilan xayrlashamiz.

Albatta, bunga qadar ham murabbiy oldiga qo‘yilgan boshqa vazifalar bor. Masalan, Tokio olimpiadasiga yo‘llanma olish. Biroq murabbiyning o‘zi ham ta'kidlaganidek, bu qat'iy talab emas. Sekin-asta yoshlar bilan ishlashni ham yo‘lga qo‘yishimiz kerak, ular milliy terma jamoa uchun baza vazifasini o‘taydi. Shuning uchun faqat milliy terma emas, Olimpiya jamoamizni shakllantirishga ham o‘z yordamlarini ayamaydilar.

Osiyo kubogi boshlanishiga 5 oygina vaqt qoldi. Bu musobaqaga 1-2 yildan buyon tayyorgarlik ko‘rayotgan jamoalar bor. Shunday ekan, 5 oy vaqt ichida murabbiydan mo‘jiza kutishimiz to‘g‘ri emas. Albatta, Osiyo kubogi finaligacha chiqishni istaymiz, lekin qolgan muddatdan kelib chiqqan holda, buni talab qilishga hali haqqimiz yo‘q», - deya tushuntirdi O‘FA rasmiysi. 

Ektor Kuper ham ushbu savolga munosabat bildirib, «agar o‘z vazifasini bajara olmasa, qo‘l berishini, do‘st sifatida xayrlashishga tayyor ekanini» aytib o‘tdi.

Matbuot anjumanida Ektor Kuper O‘zbekistondagi faoliyati davomida yil bo‘yi uzluksiz mamlakatda bo‘lishi yoki xorijda yashab, faqat yig‘inlar va muhim vazifalar uchungina kelib turishi masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi.

«Mendan oldin ishlagan murabbiylar qanday yo‘l tutganidan bexabarman. Bu haqda hozirdanoq nimadir deyishim qiyin. Ispaniya va Argentinaga borib turishim mumkin. Albatta, imkon boricha bu yerda ko‘proq bo‘lishga harakat qilaman», - dedi murabbiy.

O‘z ixtiyoringizdagi futbolchilarning imkoniyatlaridan kelib chiqib o‘yin uslubingizni tanlaysizmi yoki ma'lum taktik sxemaga mos tushuvchi o‘yinchilarni tarkibga jalb etasizmi, degan savolga murabbiy quyidagicha javob berdi:

«Yuqorida ham ta'kidlab o‘tdim, bu adaptatsiya jarayoniga bog‘liq. Vaqti kelib o‘z o‘rniga tushadi. Bu ikki tomonga ham bog‘liq bo‘lgan masala. Masalan, mening talablarimga futbolchilar javob bera olmasa, mening qo‘limdan hech narsa kelmaydi. Bularning barchasi ko‘rib, bilib, yaxshilab tanishib olgandan keyin hal qilinadi».

«Birinchi navbatda tartibli jamoani shakllantirishni istayman. Agar psixologik tayyorgarlikni gapiradigan bo‘lsam, albatta, buni ham yaxshilashga harakat qilamiz. Men o‘yinlarni tahlil qilib, shuni narsani ko‘rdimki, O‘zbekiston – rspektivasi bor jamoa. Ayrim bir o‘zgartirishlar bilan yaxshigina psixologik ta'sir qilsa bo‘ladi», - deya fikr bildirdi 62 yoshli murabbiy.

«Agar sabr bo‘lsa, zarur sharoitlarning hammasi yaratib berilsa, albatta, Jahon chempionatiga chiqish mumkin. Men kafolat berishim mumkin bo‘lgan narsa – bu ishlash. Qo‘limdan kelgan barcha ishni qilaman», - deya so‘zini yakunladi Ektor Kuper.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq argentinalik mutaxassis bilan «3+1» sxemasida shartnoma tuzilgani, bitimning moliyaviy jihatlari aynan murabbiyning iltimosi bilan oshkor etilmayotgani xabar qilingandi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid