20:08 / 08.08.2018
25983

Tokioda 10 yildan ortiq vaqt davomida abituriyent qizlarning imtihon natijalari pasaytirib kelingani ma'lum bo‘ldi

Foto: REUTERS/Toru Hanai

Tokiodagi tibbiyot institutida kelajakda shifokorlik kasbini erkaklar ko‘proq egallashi uchun ayol jinsiga mansub abituriyentlarning kirish imtihonlaridagi natijalari o‘n yildan ortiq vaqt davomida o‘zgartirib kelingani aniqlandi. Bu haqda Britaniyaning The Guardian gazetasi xabar berdi.

Institutda kirish imtihonlari natijalarini o‘zgartirish 2006 yildan yoki undan ham avvalroq boshlangan, deyiladi Yaponiyaning Yomiuri Shimbun gazetasi o‘tkazgan surishtiruv xulosasida. Bundan tashqari, NHK va Kyodo News kabi boshqa yapon OAVlari ham imtihonlar natijalari o‘zgartirilgani haqida xabar qilishgan.

Oliy o‘quv yurti ma'muriyati bundan buyon bunday holat boshqa takrorlanmasligini bildirdi. Shuningdek, bunday soxtakorlik qurboni bo‘lganlarni o‘qishga qabul qilish masalasi ko‘rib chiqilishini ma'lum qildi.

Surishtiruvda ma'lum bo‘lishicha, bu yilgi kirish imtihonlarida o‘quv yurti birinchi bosqichdagi testlarda barcha abituriyentlarning ballarini 20%ga pasaytirgan, so‘ngra erkak jinsiga mansub abituriyentlarga kamida 20 balldan qo‘shgan. 

Institutda abituriyentlarning imtihon natijalarini o‘zgartirish bilan bir necha yil davomida shug‘ullanib kelishgan, ular ayol shifokorlar kamroq bo‘lishini istashgan. Institutdagilar  ayollar ehtimoliy onalik tufayli tibbiyotdagi faoliyatlarini qisqartirishlari yoki to‘xtatishlari mumkin degan xavotirda bo‘lishgan.

Top