20:01 / 10.08.2018
8098

Daraxtlar kesilayotgani haqidagi xabarlarga aniqlik kiritildi - IIBB

Shu yilning 8 va 9 avgust kunlari Toshkent IIBB 102 telefon raqamiga 4 nafar fuqarodan qo‘ng‘iroq bo‘lib, joylarda kesilayotgan daraxtlarning qonuniyligini tekshirish so‘ralgan, deb xabar bermoqda poytaxt IIBB axborot xizmati.

Mazkur murojaatlar asosida xodimlar vaziyatni joyida o‘rgandilar va 3 holatda obodonlashtirish boshqarmasi vakillari tomonidan tegishli hujjatlar – ruxsatnomalar taqdim etilgan.

Jumladan, Chilonzor tumani 9-uy oldida qurib qolgan daraxt olib tashlangan bo‘lib, u anchadan beri xavf tug‘dirayotgan bo‘lgan. Zero, istalgan vaqtda sinib tushishi mumkin bo‘lgan ushbu daraxt tanasi yon-atrofdagi avtomobil, elektr simlari va hatto insonlar hayotiga zomin bo‘lishi mumkin edi. Shuning uchun ham uni kesib tashlashga qaror qilingan.

Bunyodkor ko‘chasidagi ayrim daraxt shoxlari esa tartibsiz o‘sib, yo‘l belgilarini to‘sib qo‘ygani uchun daraxtlarga ziyon yetkazmagan holda uning shoxlariga shakl berilib, tartibga keltirilgan.

Yunusobod tumani 11-dahada yashovchi fuqaro esa 36 va 39-uy o‘rtasidagi maydonda noma'lum shaxslar daraxtlarni kesayotgani haqida xabar bergan edi. Tekshiruv jarayonida bu yerda olib borilayotgan obodonlashtirish ishlari ham tabiat va ekologiyaga zarar yetkazmayotgani aksincha aholi xavfsizligi maqsadida qurigan daraxt shoxlari kesilgani ma'lum bo‘lgan.

Ushbu tumandagi yana bir murojaatchining xabariga ko‘ra, Bog‘ishamol ko‘chasidagi holat ham tekshirildi. Ma'lum bo‘lishicha, daraxt kesilayotgandek bo‘lib tuyulgan arraning ovozi aslida ko‘p qavatli uylarning yo‘laklari oldida olib borilayotgan ta'mirlash ishlaridan tarqalayotgan bo‘lgan. Quruvchilarning so‘zlariga ko‘ra, bu yerda hech kim daraxtlarni kesish bilan shug‘ullanmagan. Shunga ko‘ra ushbu tezkor xabar o‘zining tasdig‘ini topmagan.

“Toshkent shahar IIBB daraxtlarning noqonuniy kesilishi bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha 102 telefon raqami, Tabiatni muhofaza qilish va ekologiya davlat qo‘mitasining 277-75-43 ishonch telefoni va Bionazorat inspeksiyasining 268-36-86 telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilish mumkinligini eslatib o‘tadi”, - deyiladi xabarda.

Top