O‘zbekiston | 11:40 / 10.08.2018
6062
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va yana to‘rtta turkiy tilli davlat qo‘shma sayyohlik paketini yo‘lga qo‘ymoqda

O‘zbekiston va yana to‘rtta turkiy tilli mamlakat «Zamonaviy Ipak yo‘li» qo‘shma sayyohlik paketini ishga tushiradi, deb xabar beradi «Atameken» biznes-telekanali.

Paket butun dunyodan keluvchi sayyohlarga ushbu mamlakatlarga alohida yoki umumiy holda tashrif buyurishga imkon beradi. Uni targ‘ib qilish maqsadida beshta turkiy tilli davlatning Turizm vazirliklari vakillari ehtimoliy sayyohlar barcha kerakli ma'lumotlarni topa oladigan shu nomdagi veb-sayt ishga tushirilishini e'lon qilishdi.

Foto: Atameken

Loyihani ishga tushirish g‘oyasi uzoq vaqtdan beri bor edi, ammo Turkiy tilli davlatlar kengashining turizm bo‘yicha vazirlari to‘rtinchi yig‘ilishi yakunlariga ko‘ra qo‘shma loyiha boshlangani haqida e'lon qilindi.

Ostonada sayyohlik sohasidagi hamkorlikning barcha tashkiliy jihatlari batafsil muhokama qilindi va tegishli bayonnoma imzolandi.

«Zamonaviy Ipak yo‘li» loyihasining maqsadi - Buyuk Ipak yo‘lidagi turkiy tilli davlatlarning boy tarixiy merosini namoyish etish. Dastlabki tur ikki haftadan so‘ng, joriy yilning 31 avgust kuni Qozog‘iston va Qirg‘izistonda boshlanadi», - deya aytib o‘tdi Turkiy tilli davlatlar kengashi bosh kotibining o‘rinbosari Umar Kojaman yakuniy matbuot anjumanida. 

Umar Kojaman
Foto: Atameken

Uning qo‘shimcha qilishicha, tur davomida mehmonlar III Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlarining ochilish marosimida ishtirok etishlari mumkin.

Turkiya madaniyat va turizm vaziri o‘rinbosari Ahmad Holiq Dursunning fikricha, garchi Markaziy Osiyoning boy madaniyati va tarixi xorijiy sayyohlarni o‘ziga jalb qilsa-da, turkiy tilli davlatlarning sayyohlik salohiyati hali yetarlicha ochib berilmagan.

Ahmad Holiq Dursun
Foto: Atameken

«Menimcha, «Zamonaviy Ipak yo‘li» loyihasi dunyoga mashhur va ommabop brendga aylanishi mumkin, ammo buning uchun barcha turkiy tilli davlatlar marketing va reklama strategiyasini yaxshilab ishlab chiqishlari kerak. Faqatgina shunda o‘rta muddatli istiqboldayoq biz ijobiy natijalarga erisha olamiz», - deya ta'kidlab o‘tdi Dursun.

Mavzuga oid