O‘zbekistonlik qo‘shin razvedkachilari “ArMI-2018” o‘yinlarida uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi
Rossiyaning Novosibirsk oliy harbiy qo‘mondonlik bilim yurti dala o‘quv maydoni bazasida bo‘lib o‘tgan “Qo‘shin razvedkasi a'lochilari” musobaqasida o‘zbekistonlik qo‘shin razvedkachilari uchinchi o‘rinni egallashdi. Bu haqda O‘zbekiston Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Musobaqalar 28 iyuldan 9 avgustga qadar Xalqaro armiya o‘yinlari doirasida bo‘lib o‘tdi.
Unda Rossiya, Belorus, Qozog‘iston, Armaniston, O‘zbekiston, Xitoy, Zimbabve va Sudanning qo‘shin razvedkachilari jamoalari o‘zaro bellashdi. Filippin va Hindiston vakillari esa kuzatuvchi sifatida ishtirok etishdi.
Tanlov “Desant bo‘lib tushish va marsh-brosokni amalga oshirish”, “Mexanik-haydovchilar musobaqasi”, “Razvedkachi so‘qmog‘i”ning kompleks to‘siqlarini yengib o‘tish”, “O‘q otish” va “Razvedka bo‘linmasining vazifani bajargandan so‘ng yig‘in punktiga chiqishi” bosqichlarida o‘tkazildi.
“Musobaqaning barcha bosqichlarida yaxshi natijalarga erishgan holda jamoamiz musobaqa sovrindorlari safidan o‘rin olish uchun astoydil kurash olib bordi va ko‘zlagan maqsadlariga erishdi. Ushbu ko‘rsatkichlarga harbiy xizmatchilarning professionalligi, bilim va ko‘nikmalarining yuksak darajada ekanligi, shuningdek, jamoadagi o‘zaro hamjihatlik va jipslik, g‘alaba qozonishga bo‘lgan ishtiyoq tufayli erishildi”, — deydi o‘zbekistonlik razvedkachilar jamoasi rahbari polkovnik Shuhrat Ikramov.
Birinchi o‘rin rossiyalik razvedkachilarga nasib etgan bo‘lsa, ikkinchi o‘rinni Xitoy vakillari egalladi.
11 avgust kuni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida musobaqa ishtirokchilari tantanali ravishda kutib olindi.
Eslatib o‘tamiz, 2017 yilda ham Xalqaro armiya o‘yinlari doirasidagi “Qo‘shin razvedkasi a'lochilari” musobaqalarida o‘zbekistonlik razvedkachilar 3-o‘rinni egallashgandi.
Mavzuga oid
18:23 / 07.11.2024
Chaqiriqqacha boshlang‘ich tayyorgarlik o‘qituvchisi shtati Mudofaa vazirligiga o‘tadi
23:41 / 25.10.2024
KXDR Rossiyaga ikkinchi guruh harbiylarini yuborishga tayyorlanmoqda - Bloomberg
09:30 / 15.10.2024
Germaniya razvedka xizmati rahbari RFdan kelayotgan harbiy xavfga ishora qildi
20:11 / 01.10.2024