Jamiyat | 10:39 / 15.08.2018
7749
2 daqiqa o‘qiladi

Namangan viloyati byudjyetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tumanlarda aholi bilan ochiq muloqotlar o‘tkazmoqda

Moliya vazirligi huzuridagi byudjyetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi Namangan viloyati boshqarmasi vakillari Uychi tumanida aholi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Ochiq muloqot tumandagi Pastguzar MFYda tashkil etilib, yig‘ilish davomida fuqarolar davlat pensiya ta'minoti tizimini isloh etish bo‘yicha ishlab chiqilgan Kontseptsiya loyihasi, pensiya ta'minotiga oid qabul qilingan Farmonlar, qarorlar va qonunchilikka kiritilayotgan o‘zgarishlar to‘g‘risida ma'lumotlarga ega bo‘ldilar.

Fuqarolar tomonidan berilgan – “Boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi kimlarga tayinlanadi?”, “Kimlar pensiyaga chiqqandan keyin ishlasa to‘liq miqdorda pensiya oladi?”, “Ikki yil ish staji bor bo‘lsa, pensiya tayinlanadimi?” kabi fuqarolar hamda pensiya va nafaqa oluvchilarning ko‘plab savollariga boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Azizbek Jo‘raboyev, bo‘lim boshlig‘i Ne'matjon Usmonqulov hamda bosh mutaxassis Nodirbek Iminovlar javob berdi.

Uchrashuvda muammoli masalalar muhokama qilindi. Fuqarolar o‘zlarining qiziqtirgan o‘nlab savollariga javob oldilar, qo‘shimcha o‘rganish talab qilinadigan murojaatlar bo‘yicha Pensiya jamg‘armasining mas'ul xodimlariga topshiriqlar berildi.

Bundan tashqari, Pastguzar MFY, Fidokor ko‘chasi 48-uyda yashovchi 2-guruh bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxs Baxtiyor Mirzaboyevni Mustaqilligimizning 27 yilligi bilan tabriklab, ularga yaratilayotgan qulayliklar haqida suhbatlashildi.

Mana shunday tadbirlar belgilangan reja asosida viloyatning barcha tumanlarida o‘tkazilmoqda.

Elmurod Ermatov, Andijon
KUN.UZ
muxbiri

Mavzuga oid