Iqtisodiyot | 11:55
537
2 daqiqa o‘qiladi

Namanganda “chempion” tadbirkorlar va yirik investitsiya loyihalari qo‘llab-quvvatlanadi

Namangan viloyatida 2026–2027 yillarda iqtisodiy faollikni oshirish, tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Bu prezidentning “2026 yilda Namangan viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda aholi turmush darajasini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilandi.

Qarorga muvofiq, viloyatda 20 nafar “chempion” tadbirkor tanlab olinib, ular ishtirokida mehnat unumdorligi va ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga qaratilgan qo‘shma loyihalar amalga oshiriladi.

Jumladan, Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti (GIZ) bilan hamkorlikda korxonalarda ishlab chiqarish jarayonlarini maqbullashtirish, mahsulot tannarxini kamaytirish va raqobatbardoshlikni oshirishga xizmat qiluvchi Lean Six Sigma dasturi joriy etiladi.

Shuningdek, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda “Kichik biznesga maslahat” dasturi doirasida tadbirkorlarga konsalting xizmatlari ko‘rsatish hamda arzon moliyaviy resurslarni jalb qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishish ko‘zda tutilgan.

Turizm sohasini rivojlantirish maqsadida Namangan shahridagi Sharq tongi mahallasi hududida joylashgan Samarqand va Ko‘zagarlik ko‘chalari milliy me’morchilik va hunarmandchilik an’analarini zamonaviy servis bilan uyg‘unlashtirgan “Eski shahar” turizm majmuasiga aylantiriladi.

Qaror bilan kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, 2027-2028 o‘quv yilidan Yangiqo‘rg‘on tumani 2-sonli texnikumi va Chortoq tumani 1-sonli texnikumida Avstriyaning Krems amaliy fanlar universiteti bilan hamkorlikda xizmat ko‘rsatish va turizm sohalari uchun Yevropa standartlari asosida mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.

Mazkur texnikumlarning ikki yillik kasbiy ta’lim dasturlari davlat granti asosida amalga oshiriladi. Bitiruvchilarga esa davlat namunasidagi diplom beriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid