Iqtisodiyot | 09:56 / 16.08.2018
4078
3 daqiqa o‘qiladi

1-yarim yillikda O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi tovar aylanmasi 256,8 mln dollarni tashkil etdi 

Foto: senat.uz

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari S.Safoyevning AQSh Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha savdo vakili yordamchisi M. Linskott rahbarligidagi AQSh Savdo vakili ofisi delegatsiyasi a'zolari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati xabar berdi.

Tomonlar mazkur uchrashuvga ikki tomonlama munosabatlarni jadallashtirish nuqtai nazaridan qarash lozimligini ta'kidladilar. Bu esa O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Sh.Mirziyoyevning joriy yil may oyida AQShga tarixiy tashrifi bilan boshlangan muloqotning mantiqiy davomi hisoblanadi. Tashrif chog‘ida “O‘zbekiston va AQSh: strategik sheriklik yangi davrining boshlanishi” deb nomlangan qo‘shma bayonot qabul qilingan edi. Hozirgi vaqtda umumiy hajmi qariyb 5 mlrd dollarlik kelishuvlarni bajarish bo‘yicha ikki tomonlama “yo‘l xaritalari” amalga oshirilmoqda.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi va AQSh o‘rtasidagi savdo munosabatlarida imkon qadar qulaylik berish tartibi amal qilmoqda. Xususan, 2018 yil birinchi yarim yilligi yakunlariga ko‘ra O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi tovar aylanmasi 256,8 mln dollarni tashkil etdi.

Tomonlar AQShning O‘zbekistonga savdo imtiyozlarini taqdim etishi to‘g‘risidagi masalani hal qilish uchun intellektual mulk huquqlarini himoya qilish va majburiy mehnatga barham berish sohasida O‘zbekiston muayyan muvaffaqiyatlarga erishganini e'tirof etdilar. Uchrashuvda Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo‘lish masalasida AQSh mamlakatimizni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekani bildirildi.

Uchrashuvda Markaziy Osiyo mamlakatlari hamda AQSh o‘rtasida savdo va investitsiyalar bo‘yicha hadli bitim ishtirokchi mamlakatlari anjumanini (TIFA) joriy yil oktabr oyida Toshkent shahrida o‘tkazish masalalari muhokama etildi. Ushbu anjumanda mintaqadagi savdo-investitsiya muhitini yaxshilash imkoniyatlari muhokama etiladi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati hamda Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi (AO‘SP) Qo‘shma qo‘mitasining majlisini o‘tkazish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Ushbu majlis O‘zbekistonning AO‘SP doirasidagi hamkorligini innovatsiyalar, yuksalish va tadbirkorlikni rivojlantirish ruhida mustahkamlashga bag‘ishlanadi.

Amaliy muloqot ruhida o‘tgan uchrashuv yakunida ikki tomonlama manfaatlarga oid boshqa masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

Mavzuga oid