23:18 / 17.08.2018
63043

Ijtimoiy ahamiyatga ega dorilar nega qimmat?

Betob kishining ko‘ziga hech nima ko‘rinmaydi. Hattoki, buyurilgan dorining narxi ham unchalik ahamiyat kasb etmaydi. Maqsad - shu darddan forig‘ bo‘lib, shifoxonaga qaytmaslik. Ko‘p hollarda dorilar narxi qimmat bo‘lsa-da, savdolasha olmaysiz. Qancha narx belgilangan bo‘lsa, majburan xarid qilasiz. Ushbu mavzuni bejiz ta'kid bilan boshlamadik.

Masalan, Respublika Onkogematologiya markaziga ahvoli og‘ir va zudlik bilan davolanishga muhtoj bemorlar murojaat etib keladi. Bilganingizdek, onkologik xastaliklarni davolashga ko‘p pul sarflanishi sir emas. Ko‘pchilik bemorlarning bunga qurbi yetmaydi, albatta. Lekin davolanmasa ham bo‘lmaydi. Xo‘sh, ular qanday yo‘l tutishadi?

Markazdagi bir nechta bemorlarning yaqinlari bilan gaplashdik. Ularning aytishicha, bir kurs muolaja olish uchun o‘rtacha 5-6 mln. so‘m sarflanadi. Kurslar ham adadsiz davom etadi: har mavsumda yangi muolajalar boshlanadi. Bir necha yillardan beri shifoxona shiftiga termulib yotganlarni ko‘rib achinasan. Qiziqqanimiz – dori narxlari borasida edi. Bu masala shu markazdagi bemorlarning eng og‘riqli nuqtasi, desak mubolag‘a bo‘lmas.

Uzoq viloyatdan nevarasini davolatishga olib kelgan onaxonning aytishicha, dori narxlari tez-tez o‘zgarib turar ekan: ba'zan qimmat, ba'zan arzon. Eng arzoni 30 ming so‘m bo‘lsa, eng qimmati 1.200.000 so‘m. Buning sabab va omillari ham turlicha. Suhbatdoshimizdan preparatlar nomini yozib olib, dorilar narxining turlicha o‘zgarib turishini mustaqil o‘rganishga tushdik.

Birinchi halqa: ta'sirchan dori - doim qimmat

Bu borada shifokorlar fikriga quloq tutishdan boshlaymiz. Respublika Onkogematologiya markazi shifokori Hamidxon Nig‘matov “ko‘plab bemorlar tavsiya qilingan dori narxlaridan nolish”ini aytdi.

“Shunday paytda to‘g‘ri tushuntirishga harakat qilamiz. Ushbu preparatlar kimyoviy usulda ishlab chiqarilgani va Yevropadan import qilingani uchun qimmat turadi. Dorilarning arzonroq alternativlari bormi, deb ko‘p so‘rashadi. Turli davlatlarda ishlab chiqarilgan bitta nomdagi preparatlar bo‘ladi. Ularning narxlari orasida tafovut bor. Masalan, Yevropa mamlakatlari, xususan, Germaniyadan keltirilgan onkologik dorilar Yaponiya va Hindistondagi raqobatchilaridan ancha ustun turadi va samarali ta'sir qiladi. Shuning uchun bemorlarga Germaniya preparatlarini tavsiya qilamiz”, deydi u.

Ikkinchi halqa: qimmat dorining ustama puli ham katta

Zanjirning keyingi halqasi dorilarni yetkazib beruvchi sotuvchi-farmatsevtlardir. Uzoqqa bormay, Onkogematologiya markazi ro‘parasidagi dorixonalar eshigidan mo‘raladik; xushmuomala farmatsevtga retseptni ko‘rsatib, narxlarni so‘radik.

Aniq bo‘ldiki, ro‘yxatdagi eng qimmat dori – Asparaginaza (Germaniya)ning narxi 1,200,000 so‘m turadi. Uning 600 ming so‘mlik (Yaponiya) va 750 ming so‘mlik (Hindiston) variantlari ham bor, ammo shifokor ta'kidlaganidek, vaqtinchalik ta'sir kuchiga ega dorini, deyarli, hech kim sotib olmaydi.

Asparaginaza (Germaniya)

Aptekachidan “nima uchun qimmat narxda sotasiz?”, deb so‘raganimizda, u “import mahsulot har doim yuqori baholanishi va unga 15-20% ustama narx qo‘yilishi” haqida gapirib berdi. Kasalxonaga eng yaqin ikkita dorixonadagi vaziyat bir xil.

Leunase (Yaponiya)

Keyingilariga bordik: xuddi shu preparat (Asparginaza) 100 ming so‘m arzonroq. Sal uzoqlashsangiz, dori bahosi yanada pasayadi. Buning sababi oddiy: farmatsevtlar dorilarga o‘zi belgilagan foizlarda narx qo‘yadi va ular turli distribyutorlar bilan ishlashadi. Endi buyog‘i vijdon masalasiga bog‘liq. Dorixonaning shifoxonaga yaqin yo uzoq masofada joylashgani ham katta omil bo‘la oladi. Hamma o‘z kuyini bilganicha chalaveradi, deganimi bu? Xulosa qilishga shoshilmang. Keyingi bosqichda ahvol qanday?

Uchinchi halqa: bojxonadan dori olib kirish tartibi

Qani, O‘zbekiston Davlat Bojxona qo‘mitasi eshigini ham taqillatib ko‘raylik-chi. Savollarimiz bisyor: birinchidan, O‘zbekiston hududiga dori vositalarini olib kirish tartibi haqida ma'lumot zarur. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Otabek Hasanov quyidagilarni ma'lum qildi:

“O‘zbekiston Respublikasiga dori vositalarini import qilish uchun jismoniy va yuridik shaxslardan quyidagi hujjatlar talab etiladi:

bojxona yuk deklaratsiyasi;

transport hujjatlari;​

tovarlarni kelib chiqish sifati;

“O‘zstandart” agentligi tomonidan beriladigan muvofiqlik sertifikati.

Olib kirilayotgan dori vositalari Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan maxsus ro‘yxatda bo‘lishi kerak. Shuningdek, dori vositalari davlat tili (o‘zbek tili)da markalanishi lozim.O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi 211-moddasining 6-bandida nazarda tutilgan qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyozlar tatbiq qilinmaydigan dori vositalari ro‘yxati tasdiqlangan.

Unga ko‘ra, yurtimizga import qilinayotgan dori vositalari umumiy qiymatining 20% miqdorida davlat boji undiriladi. Bu ro‘yxatga kirmaydigan dori vositalariga imtiyoz qo‘llaniladi va dori vositalari umumiy qiymatining 0.2% miqdorida davlat boji olinadi, xolos. Bu me'yor yuridik shaxslarga nisbatan qo‘llaniladi. Jismoniy shaxslarga keladigan bo‘lsak, shaxsiy maqsadda olib kiriladigan dori vositalariga miqdor belgilangan. Shu me'yordan oshib ketmasligi shart.

Unga ko‘ra, yuqorida aytilgan qimmat dori – “Asparaginaza” (ineksion eritma) ni 5 o‘ram (har biri 10 ampula yoki 10 flakon)gacha miqdorda shaxsiy maqsadlar uchun O‘zbekiston hududiga olib kirish mumkin”.

Ma'lum qilinishicha, 2018 yil boshidan 1 avgust kuniga qadar “Asparaginaza” nomli dori bojxona ro‘yxatida qayd etilmagan. O‘z-o‘zidan aniq bo‘ldiki, bu dori vositasi jismoniy shaxslar tomonidan olib kirilgan. Lekin dorixonalarga borsangiz, “Asparaginaza” yoki boshqa shu turdagi onkologik dori vositalarini istagancha topishingiz mumkin. Savol tug‘iladi: ushbu dori vositasi O‘zbekistonga qaysi yo‘llar bilan olib kirilyapti?

To‘rtinchi halqa: qonuniy yo‘l bilan kirib kelgan dorini aniqlash usuli bor

O‘zbekistonga import qilinadigan dori vositalari bo‘yicha nazoratni amalga oshiruvchi tashkilot - Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshidagi farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish Davlat markazi” ga murojaat qildik.

Mutaxassis “Asparaginaza” dorisi qanday qilib O‘zbekistonga kirib kelganligi borasida fikrini ayta turib, u ham bojxona xodimlari kabi bir xil javob berdi.

Markaz bo‘lim boshlig‘i Muhabbat Ibragimova shu kabi onkologik dorilarning narx-navosi, O‘zbekistonga olib kirish jarayoni borasida tushuncha berdi:

“O‘zbekiston Respublikasiga import qilinadigan dori vositalari qayd etiladi va bizning agentligimiz tomonidan sifati tekshiriladi. So‘ng Sog‘liqni saqlash vazirligi ro‘yxatiga kiritiladi. Mana shu ro‘yxatga kirgan dori vositalari ishonchli hisoblanadi. Fuqarolarimiz sotib olayotgan dori vositalarini O‘zbekistonga qonuniy kiritilganini aniqlash uchun Uzpharm-control.uz saytiga kirib, o‘sha dori nomi va seriyasini kiritishlari lozim. Shaxsiy maqsadlarda foydalanish uchun olib kiriladigan dori vositalari esa bu ro‘yxatga kiritilmaydi. Bundan xulosa qilish mumkinki, “Asparaginaza” preparati yuridik shaxs tomonidan emas, balki shaxsiy maqsadda foydalanish uchun O‘zbekiston hududiga kiritilgan va qonunga ko‘ra, dorixonalarda sotilishi ta'qiqlanadi.

Onkologik dori vositalarining qimmat narxda sotilishi masalasini atroflicha o‘rganmoqchi bo‘lgan kishi bir omilni hisobga olishi zarur: eng avvalo, bunday turdagi dori vositalari deyarli mahalliy sharoitda ishlab chiqarilmaydi, import qilinadi. Xorijda ushbu preparatlarni ishlab chiqarish uchun juda katta miqdorda mablag‘ sarflanadi. U yerdan qimmat narxda sotib olingan dori vositasi iste'molchi qo‘liga yetib kelguncha bir nechta “qo‘l”dan o‘tadi. Bunda tabiiy ravishda narx oshadi.

Lekin bu, dori vositalari istalgan narxda sotiladi, deganimas. Masalan, siz oddiy iste'molchi sifatida dorixonaga kirib, dori vositasining muvofiqlik sertifikati, qancha narxda olinganligi va unga necha foiz (qonunga asosan, 20%gacha) narx qo‘shilganligi to‘g‘risidagi hujjatlarni talab qilishga haqlisiz. Ushbu preparat ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositasi ro‘yxatida mavjud bo‘lsa, uni ijtimoiy dorixonalardan arzonroq bahoda (10%gacha ustama narxi) harid qilishingiz mumkin. “Asparaginaza” preparati Sog‘liqni saqlash vazirligi tasdiqlagan ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari ro‘yxatida bor. Hamyurtlarimiz ijtimoiy dorixonalardan bu preparatni so‘rash imkoniyatiga egalar”.

Mutaxassisning so‘zlaridan ayon bo‘ladiki, ijtimoiy ahamiyatga ega dorini bojxona orqali rasmiylashtirish, tijorat maqsadida olib kirgan tadbirkor ko‘p foyda topmasligi mumkin. Bunga qonun yo‘l qo‘ymaydi, ammo "kulrang" sxemada tarqatilayotgan dorilarning savdosini kim nazorat qiladi?

Xulosa shundayki, sohada muammoli masalalar haligacha yechimini kutmoqda. Uni bartaraf qilishga harakat qilishyapti, albatta. Lekin “qonuniy” yo‘l bilan olib kirilayotgan dori vositalarini noqonuniy savdosi to‘siq qo‘yishning samarali mexanizmi ishlab chiqilmagan. Balki, bu yerda zanjirning bizga ko‘rinmas halqalari bordir? Aholi orasida kelib chiqadigan noroziliklarni oldini olish uchun huquqiy me'yoriy hujjat bo‘lishi, noqonuniy distribyutorlarning tanobini tortib qo‘yish vaqti kelgandir? Muammo borligini ko‘rsatish bilan ish bitmaydi. Uni bartaraf etish bo‘yicha aniq takliflar zarur. Bizning taklifimiz – xorijiy va mahalliy farmatsevtik kompaniyalar o‘rtasida dori yetkazib berish masalasida manfaatli hamkorlik amalga oshirilsa, barchasi qonuniy ravishda bo‘lsa, yurtimizga kirib keluvchi dori vositalarining narxi biroz tusharmidi.

Muhabbat Ma'mirova

Top