O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 28 iyundagi qaroriga muvofiq mustaqillik yillarida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning oilalaridan xabar olinmoqda. Mudofaa vazirligi matbuot xizmati shu haqida xabar berdi.
Bir guruh harbiy xizmatchilar Samarqand viloyati Bulung‘ur tumaniga tashrif buyurib, 2000 yilda Sariosiyo va Uzun tumanlarida terrorchilarga qarshi kurashda halok bo‘lgan Ma'rufjon Rajabovning uyiga, shuningdek, u tahsil olgan maktabga bordi. Tumandagi 18-sonli umumta'lim maktabiga Ma'rufjon Rajabovning nomi berilgan bo‘lib, hozirda ushbu maktabga qahramonimizning akasi, zahiradagi podpolkovnik To‘lqin Rajabov direktorlik qilmoqda.
Maktabda marhumning onasi Shakarbonu aya G‘ofurova ishtirokida o‘quvchi yoshlar hamda faxriylar uchun «Vatan fidoiy farzandlarini unutmaydi» shiori ostida xotira uchrashuvi o‘tkazildi, ularga turli sovg‘a-salomlar ulashildi.
Ma'ruf Rajabov bilan jang maydonida birga kurashgan serjant Alisher Kattaqulov yig‘ilganlarga o‘tgan kunlar xotiralari haqida so‘zlab berdi.
Shu bilan birga, Samarqand shahrida ham yuqorida qayd etilgan janglarda terroristik kuchlarga qarshi kechgan kurashda mardlarcha halok bo‘lgan leytenant Sayyor Sadinovning xotirasiga bag‘ishlab yoshlar bilan uchrashuv tashkillashtirildi. Samarqand shahridagi 19 umumta'lim maktabi Sayyor Sadinov nomi bilan atalmoqda va u yerga marhumning byusti o‘rnatilgan.
Tadbir so‘ngida ishtirokchilarga O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Maxsus operatsiya kuchlari batalonlari tashkil topishi hamda 2000 yilda Sariosiyo va Uzun tumanlarida bo‘lib o‘tgan jangovar harakatlarda ishtirok etgan harbiy xizmatchilarga bag‘ishlangan hujjatli film namoyish etildi.