Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Adliya vazirligi yo‘l xo‘jaligini rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan muammolarni aniqladi
Adliya vazirligi O‘zbekiston Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi va VM huzuridagi Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi faoliyatini o‘rganib, yo‘l xo‘jaligida davlat boshqaruvi tizimi samaradorligini tahlil etdi. Tahlil natijalari Ma'muriy islohotlar konsepsiyasi, amaldagi qonunchilikka zid bo‘lgan hamda tarmoqni jadal rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan izchil kamchilik va muammolar mavjudligini ko‘rsatdi. Bu haqda Adliya vazirligi Axborot xizmati Kun.Uz’ga ma'lum qildi.
Xususan, Qo‘mita respublikamizda yo‘l xo‘jaligi sohasida yagona texnik siyosat yurituvchi davlat boshqaruv organi hisoblanadi va ayni paytda avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta'mirlash ishlarini amalga oshiradi. Qo‘mitada ishlab chiqarish jarayonlari konsentratsiyalashgan.
Ta'kidlash joizki, davlat tartibot va xo‘jalik funsiyalarining birlashuvi hamda bitta organda buyurtmachi, pudratchi va nazoratchi vakolatlarining konsentratsiyasi mazkur sohada raqobatning butunlay cheklanganini anglatadi va yo‘l tarmog‘ini rivojlantirishga to‘sqinlik qiladi. Masalan, 2017 yildan to joriy yilning 1-yarim yilligiga qadar yo‘l xo‘jaligi sohasida 70dan ortiq yo‘l-qurilishi tashkilotlari borligi sababli yirik salohiyatga ega bo‘lishiga qaramay, avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha xususiy tashkilotlar bilan bironta ham shartnoma imzolanmagan.
Bundan tashqari, yo‘l xo‘jaligi tarmog‘ining loyiha ehtiyojlari “Yo‘l loyiha byurosi” MChJ davlat loyiha tashkiloti imkoniyatlaridan sezilarli darajada oshgan. Buning natijasida, davlat dasturlari hamda davlat rahbari va hukumat topshiriqlarida belgilangan ishlarni bajarishda ko‘plab asossiz kechikishlar yuzaga kelmoqda.
“Yo‘l loyiha byurosi” MChJ tomonidan 2017-2018 yillarda 81 kelishuvdan 26 tasidagi kelishuv (umumiy miqdorning 32 foizi) majburiyatlarini bajarmasligi natijasida, xususiy loyiha tashkilotlari bilan bitim tuzilgan. Bu yo‘l xo‘jaligi faoliyatida xususiy sektor xizmatlariga bo‘lgan talabning yuksakligidan dalolatdir. Texnik va mualliflik nazorati zamonaviy talablar, bajarilgan ish hajmi hamda qurilish obektlari soniga javob bermaydi.
Har bir inspektorga 8tadan 25tagacha obekt to‘g‘ri keladi, ular oralig‘idagi masofa 50 kilometrdan 500 kilometrgacha bo‘lgan masofani tashkil etadi. Xodimlar shtatidagi yetishmovchiliklar, ular malakasining pastligi, qurilish obektlari sonining ko‘pligi va ortiqcha nazorat shakllarining mavjudligi sababli olib borilayotgan nazorat samarasiz hisoblanadi.
Bu nazoratni rasmiylashtirish va ish sifatining pasayishiga olib keladi. Shuningdek, avtomobil yo‘llari tarmog‘iga innovatsion texnologiyalar va materiallarni joriy etish bo‘yicha amaliy choralarning qabul qilinmagani, jumladan qurilish-ta'mirlash ishlarida qo‘llanilayotgan mahalliy resurs uslubi qator muammolarni keltirib chiqarib, budjet mablag‘laridan samarali foydalanish imkonini bermayapti va bu ish sifatining yomonlashuvi bilan birga nazoratchilar zanjirining oshishiga sabab bo‘lmoqda.
Shu bilan birga, Qo‘mita tuzilmasida davlat-xususiy sheriklik va konsessiya asosida xorijiy sarmoyalarni jalb qilish uchun mas'ul bo‘lgan bo‘linmalar oldindan e'tiborga olinmagan. “Konsessiyalar to‘g‘risida”gi Qonunda avtomobil yo‘llari konsessiyalar sifatida ko‘zda tutilmagan. O‘tgan vaqt mobaynida pulli yo‘llar qurish va ishga tushirishni tartibga soluvchi bironta ham hujjat ishlab chiqilmagan, tarmoqda budjet xarajatlarini optimallashtirishga doir chora-tadbirlar qabul qilinmagan.
O‘tkazilgan tahlil yakuni bo‘yicha hamda xorijiy tajribani inobatga olgan holda, Adliya vazirligi tomonidan yo‘l xo‘jaligi boshqaruvi tizimini takomillashtirish hamda raqobatbardosh yo‘l tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha tegishli takliflar ishlab chiqildi.
Mavzuga oid
09:17 / 11.06.2026
Professordan tarbiyachigacha: pedagogik lavozimlar ro‘yxati belgilandi
08:39 / 04.06.2026
Insofsiz sug‘urta agentlarining ochiq reyestri yuritiladi
11:51 / 22.05.2026
IIV, Adliya va Tog‘-kon vazirligi - davlat boshqaruvidagi eng ilg‘or idoralar
15:51 / 12.05.2026