Osiyo o‘yinlarida ikkinchi kun yakunlari. O‘zbekistonda jami 7ta medal
Bugun, 20 avgust kuni Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida XVIII yozgi Osiyo o‘yinlari davom ettirildi.
Asosiy bahslarning ikkinchi kunida O‘zbekiston nomidan 7 sport turi bo‘yicha atletlar musobaqalarda qatnashishdi.
Taekvondo WTF
Bugun taekvondochilar ikkita, erkin kurash jamoasi bitta va ushu jamoasi bitta medal olib berdi.
O‘zbekiston taekvondo jamoasining -58 kg vazn toifasi vakili Niyoz Po‘latov Osiyo o‘yinlari finalida mag‘lub bo‘ldi va kumush medal bilan kifoyalandi.
-67 kg vazn toifasida ishtirok etgan Nigora Tursunqulova esa yarim finalda yutqazgach, bronza medal bilan taqdirlandi.
Erkin kurash
O‘zbekiston erkin kurash terma jamoasining 125 kg vazn toifasidagi vakili Davit Modzmanashvili Osiyo o‘yinlarining bronza medali sovrindoriga aylandi. Musobaqa davomida Indoneziya, Mo‘g‘uliston vakillarini mag‘lubiyatga uchratib, final ostonasida mag‘lub bo‘lgan Davit Modzmanashvili bronza uchun hindistonlik Sumit Sumitga qarshi gilamga chiqdi va 2:0 hisobida (1:0, 1:0) g‘alaba qozondi.
Ayollar kurashida 50 kg vazn toifasida ishtirok etgan Dauletbike Yaxshimuratova ham bronza uchun kurashdi. Ammo u medal uchun bahsda janubiy koreyalik Kim Hyungjuga yutqazdi - 0:6.
53 kg vazn toifasidagi Sevara Yeshmuratova nimchorak finalda yaponiyalik Okuna Xarunaga 0:10 hisobida (0:8, 0:2) mag‘lub bo‘lib, birinchi bosqichdayoq ishtirokini to‘xtatdi.
57 kg vazn toifasidagi Nabira Yesenbayeva ilk jangida indoneziyalik Ayuningtias Mutiarani muddatidan oldin 7:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi, lekin chorak finalda hindistonlik Danda Pujaga yutqazib qo‘ydi - 1:12.
O‘q otish
10 metrga o‘q otishda Vadim Skorovarov saralash bahslarida muvaffaqiyatli ishtirok etdi va final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Ammo u finalda oxirgi o‘rinni egalladi.
Saralashda Sakina Mamedova 17, Zaynab Pardaboyeva 32-o‘rinni egalladi.
Ushu
Ushu sport turining Taulu yo‘nalishida ishtirok etayotgan Darya Latisheva 19 avgust kuni saralash bahslarida uchinchi natijani qayd etib, finalga chiqqandi. U bugun 12 nafar sportchi ichida ikkinchi natijani qayd etdi va kumush medalga sazovor bo‘ldi.
Akmal Rahimov saralashda qirg‘izistonlik Kanatbek Abdug‘aniyevni mag‘lub etib keyingi bosqichga o‘tdi.
Islombek Haydarov esa vetnamlik Ngiyem van Yiga mag‘lub bo‘ldi.
Sport gimnastikasi
O‘zbekiston yigitlar jamoasi jamoaviy bahslarda yettinchi natijani qayd etgan holda finalga yo‘l oldi.
Akademik eshkak eshish
Shahboz Xolmurzayev o‘z chiqishida uchinchi ko‘rsatkichni qayd etdi va keyingi bosqichga yo‘l oldi.
Sakkiztalik bahslarda startga chiqqan o‘zbekistonlik sportchilar finishga birinchi bo‘lib yetib borishdi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri finalda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritishdi.
To‘rttalik bahslarida ishtirok etgan hamyurtlarimiz marraga uchinchi bo‘lib yetib borishdi va keyingi bosqichga yo‘l olishdi.
Tennis
Yakkalik bahslarida ishtirok etgan o‘zbekistonlik tennischilarning barchasi - Denis Istomin, Sanjar Fayziyev, Sabina Sharipova va Nigina Abduraimova keyingi bosqichga o‘tdi.
Juftlikda esa X.Sultanov/F.Do‘stov, S.Fayziyev/J.Karimov hamda Iroda To‘laganova/Oqgul Omonmurodova juftligi keyingi bosqichda, Sabina Sharipova/Nigina Abduraimova juftligi janubiy koreyaliklardan mag‘lub bo‘ldi.
Ikkinchi kun musobaqlaridan keyin O‘zbekiston delegatsiyasi jami 7 medal (1-2-4) jamg‘argan holda umumiy reytingda kuchli o‘nlikni yakunlab turibdi.
Mavzuga oid
23:05 / 09.08.2024
Parij-2024. G‘ulomjon Abdullayev – bronza medali sohibi
21:51 / 09.08.2024
Parij-2024. Razambek Jamalov finalga chiqdi
20:07 / 08.08.2024
Ulug‘bek Rashitov Olimpiada finaliga chiqdi
12:18 / 02.07.2024