Jahon | 22:07 / 20.08.2018
7218
2 daqiqa o‘qiladi

Tojikistonda sentabrdan bitta sim-karta narxi 26 dollar bo‘ladi 

Foto: depositphotos

Tojikistonda 1 sentabrdan boshlab bitta sim-karta narxi 250 somoniyga (26 dollar) teng bo‘ladi. Unga qadar ruxsat etilgan ikkita sim-kartadan tashqari yangisini olishga va qayta ro‘yxatdan bepul o‘tkazishga ulgurish mumkin, deb yozadi «Aziya-Plyus».

Tojikiston hukumati huzuridagi aloqa xizmati tojik mobil aloqa kompaniyalariga sim karta uchun 250 somoniy miqdorida to‘lov joriy etdi. Tojikiston uyali aloqa kompaniyalarining xabar berishicha, endilikda sim-karta sotib olish yoki boshqa odam nomiga qayta rasmiylashtirish pullik bo‘ladi. Raqamini tiklamoqchi bo‘lganlar ham shuncha pul to‘laydi.  

Sim-karta uchun to‘lov joriy etish taklifini xavfsizlik maqsadlarida Tojikiston IIV berdi. IIVning fikricha, shunda tojik operatorlarining sim-kartalari tasodifiy qo‘llarga tushib qolmaydi: aniq raqam ichki ishlar vazirligi ma'lumotlar bazasiga kiritilgach, sim-karta egasi bu raqam uchun javobgar bo‘ladi.

Tojikistonda bir abonent qo‘lida bitta kompaniyaning faqatgina ikki dona sim-kartasi bo‘lishi mumkin xolos. Agarda abonentda sim-kartalar ko‘p bo‘lsa, u operator servis markaziga kelishi va sim-kartani undan foydalanayotgan abonent nomiga qayta rasmiylashtirishi lozim. Buni 1 sentabrgacha bepul amalga oshirish mumkinligi aytilmoqda.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid