O‘zbekiston | 20:26 / 21.08.2018
23404
19 daqiqa o‘qiladi

«Vatanim O‘zbekiston, Pokiston emas!» yoki milliy turizmni rivojlantirish nimalarga bog‘liq?

Amerika Qo‘shma Shtatlarida bir necha yildan buyon yashayman. Ishdan qaytayotib, kichik bir do‘konga kirdim. Kerak narsani xarid qilib navbatda turganimda, bir odam mendan ingliz tilida “Qayerdansan?” deb so‘rab qoldi. “O‘zbekiston” dedim. Shunda u “Haa, Pokistonmi?” dedi. Unga qaytadan tushuntirdim. Unchalik tushunmadi. Shunda Google orqali dunyo xaritasini ochdim va O‘zbekistonni ko‘rsatdim. Shundagina u odam endi tushunganini aytib, menga rahmat dedi.

Bir qaraganda oddiy tuyulgan bu voqea meni o‘ylantirib qo‘ydi. “Nega endi dunyoga mashhur fozilu fuzalolar yurti bo‘lgan O‘zbekistonimiz haqida xorijlik oddiy insonlar bilishmaydi?”, degan savol ortidan, miyamga bir fikr kelib qoldi.

Qanday fikr ekan deysizmi? Hozir tushuntiraman.

Internetdagi YouTube xizmatini hammamiz bilamiz. Unda har kuni millionlab odamlar o‘z videolarini ko‘rsatishadi. Ularni videoblogerlar deb atashadi. Ko‘pchilik videoblogerlar yuz minglab obunachiga ega. Odamlar o‘z blogerlarining har bir videosini kutib turishadi va qayta-qayta ko‘rishadi, boshqalarga ham jo‘natishadi. Tomoshabini ko‘p videolardan YouTube ham pul ishlaydi. Ushbu xizmat tomashabinbop videolar ichiga reklamalar joylaydi va foyda ko‘radi. Shu tariqa, kanal blogerlarga video uchun pul ham to‘laydi.

Millioner bo‘lib ketgan videoblogerlar dunyoda ko‘plab topiladi. Aksari tashkilotlar, korxonalar, ishlab chiqaruvchilar nomdor va obunachisi ko‘p blogerlarni chaqirib, o‘z mahsulotlari haqida material tayyorlatishadi. Natijada ular tayyorlagan videoni dunyodagi millionlab tomoshabin ko‘radi.

O‘zbekistondek yurtimizni dunyoga tanitishda bizga YouTube videoblogerlari yordam berishsachi?

Angliya, Fransiya, Yaponiya, Afrika, Amerika, Braziliya, Hindiston, qo‘yinki, qayerda nomi chiqqan va obunachisi ko‘p videobloger bo‘lsa, ularni bir vaqtning o‘zida (yoki guruhga ajratib, navbati bilan) O‘zbekistonga taklif qilish kerak. Ularni O‘zbekistonning barcha diqqatga sazovor joylariga olib borish, mamlakatimizdagi to‘ylar, tantanalar, bayramlar, xalqaro musobaqalarni ko‘rsatish kerak! Qo‘li gul hunarmandlarimizni ustaxonalariga, bog‘bonlarimizning bog‘u-rog‘lariga kirish, Xiva, Buxoro, Samarqandu Qo‘qonda bo‘lishlarini tashkillashtirish, ajdodlarimiz qurgan obidalarni ko‘rsatish zarur.

Aminmanki, ular tayyorlagan videobloglarni yer yuzidagi millionlab tomoshabin ko‘radi va O‘zbekiston degan yurtning qayerda joylashgani, odamlari, tabiati, ishlab chiqarishi, iqlimi va shaharlari haqida tasavvurga ega bo‘lishadi. Dunyo taniydigan videoblogerlar uncha ko‘p emas va ularning hech bo‘lmasa 10 nafarini O‘zbekistonga chaqirish unchalik ko‘p xarajat talab etmaydi. Qolaversa, mamlakatni dunyoga tanitishdek oliy maqsad uchun har qancha harakat va xarajat oz.

Men uchun kutilmagan yangilik: Oliy Majlis taklifimga e'tibor qaratdi!

O‘zbekistonni butun dunyoga yanada ko‘proq tanitish uchun boshqa mamlakatlardan blogerlarni taklif qilish haqidagi fikrimni «Feysbuk»dagi sahifamda tarqatganimdan so‘ng, Oliy Majlis deputati  Shuhrat Yakubov men bilan aloqaga chiqdi.  Deputat mening bu taklifimni Oliy Majlisning turizm masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda o‘rtaga tashlashini aytdi.

Shuhrat Yakubov aytganida turdi! U turizm davlat qo‘mitasining raisi Oliy Majlisda hisobot berayotgan paytida bu g‘oyani qo‘llab so‘zga chiqdi. Deputatlardan Akmal Umirzakov va Dilnavoz Ilxomovna Nosirovalar ham bu g‘oyani qo‘llab-quvvatlashdi. Keyin eshitishimcha, turizm qo‘mitasi takliflarga befarq bo‘lmadi va ularni amalga oshirishga alohida etibor qaratishlarini bildirdi.

Kichik bir taklifimni Oliy Majlis deputatlari tomonidan muhokama etilgani, menga yanada kuch va ilhom berdi. Qolaversa, Oliy Majlis deputatlari oddiy fuqarolarning takliflarini o‘z majlislarida muhokama qilishlari, respublikamizda haqiqatan ham yangi bir davr boshlanganidan darak berayotganini anglatardi men uchun.  

Demak, vatanimizda milliy turizmni rivojlantirish uchun yana nimalar qilinishi kerak?  

O‘zbekistonda, avvalo, sayyohlar uchun servis turlari sonini va sifatini mutlaqo yangi darajaga ko‘tarish zarur. Yaqinda bir tanishim, dunyoning yetti mo‘'jizalaridan biri bo‘lgan Toj Mahalni ko‘rib kelaman deb Hindistonga ketdi. Oradan bir hafta o‘tib qaytib kelgan tanishimdan safar taassurotlarini so‘radim.

«Toj Mahal juda go‘zal, ko‘rib hayratda qolasan kishi, ammo safar chog‘ida meni qiynagan va o‘ylantirgan jihatlar ko‘p bo‘ldi. Masalan, odamlari juda qashshoq, mehmonxonalar va ovqatlanish tizimi jahon talablari darajasida emas. Boshqa shaharlariga borganimizda yo‘llar yomonligidan qiynaldik», dedi u.

Hikoyasi so‘ngida do‘stim mening miyamga qattiq urilgan bir gapni aytdi: «Hindistonga qaytib hech qachon bormagan bo‘lar edim va senga ham borishni maslahat bermayman!». Tanishimning shu gapidan so‘ng o‘ylanib qoldim. Xo‘sh, bizning yurtimizga kelayotgan sayyohlar qanday taassurotlar bilan qaytishmoqda? Ular o‘z yurtlariga borib «O‘zbekiston qanday davlat ekan?», deganlarga nima deb javob berishyapti?

Raqobat bor joyda o‘sish bor

O‘zbekistonda turizmni rivojlantirishning vaqti allaqachon kelgan. Vatanimiz jozibador turistik salohiyatga ega. Agar sohada jiddiy islohotlar qilinsa, yurtimizga bir kelgan mehmon, «Shu mamlakatga yana bir marta kelsam!», deb niyat qilib ketadigan bo‘ladi.

Turizmni rivojlantirar ekanmiz, sohaga xizmat ko‘rsatuvchi ishlab chiqaruvchilar hamda servis ko‘rsatish tizimi rivojlanadi, demak yangi ish o‘rinlari ochiladi. Turistlar soni ko‘payishi bilan ularga xizmat ko‘rsatuvchilar o‘rtasida raqobat boshlanadi. Har qanday biznes uchun raqobat faqat o‘sish uchun xizmat qilishini aytmasak ham bo‘ladi. Raqobat - ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish samaradorligini oshiradi, iste'molchilar uchun kengroq tanlov tashkil qiladi, narxlarni pasaytiradi va albatta sifatni yaxshilaydi.

 Ikki tildagi yo‘l va ko‘cha belgilari (bilingual signs)

(Bu surat misol tariqasida ishlatildi)

O‘zbekistonda ko‘cha nomlari hamda borishingiz kerak bo‘lgan manzilni ko‘rsatuvchi yo‘l belgilariga ham alohida e'tibor berish kerak. Aksariyat yo‘nalishlarda belgilardagi yozuvlar o‘zbek va rus tillarida xolos. Turizm sohasidagi islohotlar o‘z samarasini berib, mamlakatimizga chet ellardan mehmonlar oqimi kuchaygach, ko‘cha belgilarini hech bo‘lmasa ingliz tilida bo‘lishligi talab etiladi. Bu narsa nafaqat sayyohlarni balki investorlarni ham diqqatini tortadi.

Avto mashinalar ijara xizmati (Car Rental)

(AQShdagi xalqaro aeroportdan biridagi Car Rental joylashuvlar)

Masalan, yurtimizga bir dunyo xarajatlar bilan kirib kelgan har qanday xorijlik mehmon, bu yerda ham o‘z yurtidagi kabi qulay va komfortli avtomobilda yurgisi keladi. Xorij filmlarida ko‘rganmiz: film qahramonlari boshqa shaharga borganlarida istagan turdagi va modifikatsiyadagi avtomobilni osongina ijaraga olib ketaveradi. Poytaxtimizda yoki Samarqand, Xiva, Buxoro, Shahrisabz, Qo‘qon kabi turistlar ko‘plab keladigan shaharlarda esa sifatli avtomobillarni ijaraga beruvchi tizim deyarli yo‘q. Tegishli tashkilotlar va vazirliklar orqali, chet elda ishlab chiqarilgan yuqori klassdagi avtomobillarni O‘zbekistonga imtiyozli olib kelish masalasini hal qilish vaqti kelib bo‘lgan. Ma'lum bo‘lishicha, Oliy Majlis deputatlari yaqinda avtomobillar ijarasi bo‘yicha qonun qabul qilishgan. Ushbu qonunda, deputatlarning aytishlaricha, mamlakatga olib kiriladigan sayyohlar uchun kichik va katta avtobuslar ijarasi uchun ham imtiyozlar belgilab qo‘yilgan.

Bu ayni vaqtida qabul qilingan qonun. Umid qilamizki, endi bu qonun to‘siqlarsiz ishlab ketadi va yurtimiz mehmonlari bu qulaylikdan faqat mamnun bo‘lishadi.

Yana bir gap: sayyohlar uchun ijaraga beriladigan yuqori klassli yengil avtomobillarni, shuningdek, sayyohlar uchun mo‘ljallangan kichik va katta avtobuslarni mamlakatimizga emin-erkin, va o‘ta minimal to‘lovlar bilan olib kirishni yo‘lga qo‘yish ham zarur. Chunki osmon qadar chegara to‘lovlari bilan biznes uchun keltirilgan avtomobillarning servisi ham qimmat bo‘ladi.  Chegaradan olib o‘tishda ustiga bir dunyo boj to‘lovlari va boshqa xarajatlar yuklangan avtomobil, keyin albatta o‘ta qimmat narxlarda ijaraga beriladi. Qolaversa, xorijdan keltirilgan yuqori klassli avtomobillar faqatgina turistlar uchun emas, o‘z xalqimiz uchun ham xizmatda bo‘ladi.

Albatta, chet el avtomobillarini sayyohlar uchun ijaraga beraman degan maqsadda olib kirib, so‘ngra bu avtomobillardan boshqa maqsadda foydalanuvchilar ham paydo bo‘lishi tabiiy. Buning oldini olish maqsadida, ijaraga beriladigan avtomobillarga, mamlakat hududiga kirganidan so‘ng, ularga maxsus raqamlar berilishini yo‘lga qo‘yish lozim. Masalan, raqam o‘rniga ijara kompaniyasi nomi yozilgan sariq yoki moviy rangdagi metall karta joriy qilinsa, ijara biznesidagi ko‘zbo‘yamachilikka barham berilardi.

Turizmga oid qonunlarga Oliy Majlis tahriri kerak

Ba'zan o‘ylab qolaman: Turizm sohasini tubdan yangilash haqida hurmatli prezidentimiz gapiryapti. Atrofdagilar ham harakat qilishyapti, lekin turizmga oid qonunlar haligacha Oliy Majlisga yangi tahrirda kiritildimi?  Tadbirkorning, ayniqsa, turizmga aloqador tadbirkorning soliqlaridan tortib milliy turizmning qonun-qoidalarini 21-asrga mos ravishda birma bir elakdan o‘tkazib, takomillashtirish vaqti kelgan. Sohani zamon talabiga mos bo‘lgan qonuniy asoslarisiz rivojlantirish uzoq yillarga cho‘ziladi. Demak milliy turizmga oid qonunning har bir bandini qayta ko‘zdan kechirib chiqish vaqti allaqachon bo‘ldi.

Umuman olganda, turizmga oid biznesga solinadigan soliqlarga imtiyozlar kiritilishi lozim. Imtiyoz bo‘lganda ham sezilarli va samaradorli imtiyozlar bo‘lishi zarur.  Chunki tadbirkorning ishi yurishsa,  xalqning ishi yurishadi.

«Tourism Free Call Center» - Sayyohlarga bepul maslahat aloqa markazi   

Bugungi davr bu - texnologik jarayonlar davri. Texnologiya kundalik hayotimizning asosiy qismiga aylanib ulgurdi. Hayotimizni uyali aloqa tizimi, aqlli televizorlar, kompyuterlar orqali boshqaryapmiz. Turizm sohasini rivojlantirishga qaratilgan harakatlarimizni aynan texnologik jarayonlar bilan bog‘liqlikda qilsak, ishimizning samarasi oshadi, xorijlik mehmonlarni ham bunday qulayliklar yoqimli hayajonga soladi.

Misol uchun, Toshkent Xalqaro aeroportining o‘zidayoq, xorijlik mehmonning telefoniga, uzluksiz internet oqimi mavjud bo‘lgan sim karta o‘rnatish servisini ishga tushirish lozim. Hozir oddiy xalqimiz turmush tarzidan katta joy olgan internet aloqasi, butun boshli boshqa mamlakatdan kelgan sayyoh uchun muhim ehtiyoj hisoblanadi. Natijada mamlakatimiz bo‘ylab safarga chiqqan mehmon kunning istalgan vaqtida o‘zi istagan xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, mehmonxona, politsiya yoki tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘limi bilan bog‘lana oladi va albatta, marketingga ham bu xizmat o‘z hissasini qo‘shadi.

O‘zga mamlakatdan kelgan sayyohlarga qulaylik yaratish va ular duch kelgan masalalarni hal qilish maqsadida ular uchun haftaning 7 kunida 24 soat ingliz, rus, xitoy, arab, hind kabi bir qancha xorijiy tillarda bepul xizmat ko‘rsatadigan «Tourism Free Call Center» telefon xizmatini ishga tushirish eng zamonaviy usul hisoblanadi. Bu O‘zbekiston hukumati sayyohlarga befarq emasligini ko‘rsatadi.

«Tourism Free Call Center» markazining vazifasi sayohatchilarga telefon orqali tezkor va aniq ma'lumotlarni taqdim etish. Bu tizimda chet tillarini o‘rganayotgan talabalarimiz ishlashlari mumkin va ular uchun bu ish katta malaka maktabi ham bo‘ladi. Axir til o‘rganishda va olingan saboqni mustahkamlashda, o‘sha tilda gapiruvchi xalq bilan kunlik muloqot qilish talaba uchun amaliy saboq emasmi?  

Ta'kidlash joizki, «Tourism Free Call Center» davlat tomonidan moliyalanadi va u mutlaqo bepul xizmat bo‘ladi. O‘zi istagan mahalda birgina qo‘ng‘iroq bilan o‘z mamlakatining konsuliga ulanish, ob-havo ma'lumotidan xabar topish, mehmonxonalar va sayyohlar uchun ziyorat maskanlari haqida axborot olish yoki o‘zi tushib qolgan favqulodda vaziyat haqida kerakli idoralarga xabar berish har qanday sayyoh uchun juda ham ahamiyatli. Shuni alohida aytgan bo‘lardimki, jahondagi birorta mamlakatda turistlar davlat qaramog‘ida emas va ularning xizmati pullik.

Bu xizmat maxsus ilova orqali smartfonlarga yuklab olinadi. Yurtimizga yetib kelgan har bir turistga bu xizmatning afzalliklari haqida so‘zlab beriladi, telefonlariga maxsus ilovani yuklab olish orqali bu xizmatdan foydalanishlari mumkinligi tushuntiriladi. Bu xizmat turi orqali reklamalarni ham yo‘lga qo‘yish mumkin. «Tourism Free Call Center»ga bog‘langan turistlar o‘z ona tillarida kerakli maslahatlar olishadi. Asosiysi, ular O‘zbekiston o‘z mehmonlariga yuqori sifatli xizmat ko‘rsatadigan mamlakat ekanini his qilishadi.

Xulosa qilib aytilganda, mamlakatimiz prezidenti Shavkat Mirziyoyev, har bir rahbardan Vatan uchun tinib-tinchimaslikni talab qilib, o‘zi bu borada barchaga namuna bo‘layotgan bir paytda, mutasaddi tashkilotlar o‘zbeklar va O‘zbekistonni dunyoga tanitishdek ezgu vazifa yo‘lida jon kuydirishlari zarurdir.

Youtube’ning taniqli blogerlarini O‘zbekistonga taklif qilish, turizm sohasida ichki bozor raqobatni oshirish, xorij mashinalarini O‘zbekistonga kiritish, avtomashina ijara xizmatini yo‘lga qo‘yish, ikki tilli yo‘l belgilar  va albatta sayyohlar uchun bepul maslahat aloqa markazini ishga tushirish, mamlakatimizning  turizm sohasini anchagina yaxshilashiga imkon beradi.

Albatta, bu borada qonunchilikka ham o‘zgartishlar kiritilyapti, Oliy Majlisda milliy turizmning rivojiga ta'sir etuvchi qonunlar qabul qilinyapti. Lekin turizmga oid qonunlar majmuasi to‘liq ko‘rib chiqilib, uni yangi tahrirda qabul qilinsa, ushbu sohadagi islohotlar yanada samarali bo‘lardi.

Aql va ishbilarmonlik bilan yo‘lga qo‘yilgan turizm biznesining mamlakatimiz iqtisodiga ham katta foyda keltirishini aytmasa ham bo‘ladi. Asosiysi, bu sohaning rivojidan xalqimiz ham daromadga ega bo‘ladi, yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Bizneslar o‘rtasidagi raqobat esa servisning sifati va asosiysi xalqimiz turmush madaniyati darajasini ko‘tarishga xizmat qiladi.

O‘zim haqimda bir og‘iz...

Maqolani o‘qigan odamda, muallif haqida «Bu yigit kim o‘zi?» degan savol tug‘iladi. Men 8 yildan buyon AQShda yashayman, shu yerda ta'lim olib, ishlab kelmoqdaman.  

Shavkat Mirziyoyev prezident bo‘lib saylanganidan keyin, juda ko‘pchilikda, shu jumladan, menda ham mamlakatimizning rivojida yangi davr boshlangani haqida umid paydo bo‘ldi.

Mendagi bu umid, prezidentning shu yilning may oyida Vashingtonga qilgan tashrifidan so‘ng ishonchga aylandi. Nima uchun deysizmi?

Prezidentning AQSh safari boshlanmasidan oldin menga Vashingtondagi O‘zbekiston elchixonasidan qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Men bilan gaplashgan elchixona xodimi, O‘zbekiston prezidentning tashrifiga tayyorgarlik ko‘rish uchun AQShga yetib kelgan prezident komandasi va matbuot xodimlariga yordam berishimni iltimos qildi.

Shu tariqa men O‘zbekistondan kelgan vakillar bilan  yelkama yelka ishlashga muvaffaq bo‘ldim. Ularga vaqti kelganda tarjimonlik qildim, kerakli manzillarni oson topishlariga yordam berdim, qisqasi ular bilan kechasiyu kunduzi birga bo‘ldim. Mana shu yerda bir narsa mening e'tiborimni tortdi: Shavkat Mirziyoyev tashrifiga hozirlik ko‘rayotgan komanda bilimli, epchil, aqlli va eng muhimi yosh kadrlardan iborat edi. Ular bilan uchrashuvim va o‘zaro aloqalarim menga O‘zbekiston yangicha boshqaruv va kreativ siyosat yo‘lini tanlaganini ko‘rsatdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Vashington safarida, AQShda yashayotgan qator o‘zbeklar bilan uchrashib, ular qatorida mening qo‘llarimni mahkam siqib ko‘rishdi. Mana shunda men tushundimki, O‘zbekiston bunday samimiy prezident bilan har qanday dovonlarni ishg‘ol qila oladi. Buning uchun, biz yoshlar, Shavkat Miromonovich bilan yonma yon turishimiz, o‘zimizda fikr va takliflar bilan u boshlagan islohotlarni amalga oshirish uchun harakat qilishimiz kerak bo‘ladi.

Nur Parpiyev

Mavzuga oid