O‘zbekiston | 15:20 / 25.08.2018
14238
3 daqiqa o‘qiladi

Jazoni ijro etish muassasalari ichki tartib qoidalariga qo‘shimchalar kiritilmoqda

Foto: Sputnik

O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ozodlikdan mahrum qilish turidagi jazoni ijro etish muassasalarining ichki tartib qoidalariga qo‘shimchalar kiritildi.

Ichki ishlar vazirligi ozodlikdan mahrum qilish turidagi jazoni ijro etish muassasalarining ichki tartib qoidalariga kiritilayotgan qo‘shimchalar:

1. 267-band quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan to‘ldirildi:

«Advokatlarga mahkumlar bilan audio va video kuzatuv qurilmalari bo‘lmagan maxsus xonalarda hamda begona shaxslarning ishtirokisiz o‘z vaqtida va hech qanday to‘siqlarsiz uchrashishi ta'minlanadi, bunda advokat va himoya ostidagi shaxsning suhbatini uchinchi shaxslar eshitishini istisno etgan holda ularni vizual ko‘rib turish imkoniyati saqlab qolinadi.».

2. 268-band quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan to‘ldirildi:

«Advokatning mahkum bilan uchrashish jarayonida elektron vositalardan (mobil telefon, fotoapparat va diktofon) foydalanish imkoniyati yaratiladi. Bunda advokat tomonidan elektron vositalardan ma'lumotlarni qayd etish bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa maqsadlarda foydalanish taqiqlanadi.».

3. Quyidagi mazmundagi 268-1-band bilan to‘ldirildi:

«268-1. Advokat tomonidan elektron vositalardan ma'lumotlarni qayd etish bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa maqsadlarda foydalanilgan taqdirda uchrashuv muddatidan ilgari to‘xtatilib, JIEM ma'muriyati tomonidan advokatlik siri va daxlsizligini ta'minlashga doir qonun hujjatlari talablariga rioya qilgan holda dalolatnoma rasmiylashtiriladi. Dalolatnoma nusxasi JIEBBga, O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasining tegishli hududiy boshqarmasiga va guvohnoma bergan hududiy adliya organiga zudlik bilan yuboriladi.

Advokatlar palatasining tegishli hududiy boshqarmasi dalolatnomada ko‘rsatilgan holatlar yuzasidan ko‘rilgan choralar to‘g‘risida JIEMga axborot beradi.

4. Mazkur qo‘shimchalar O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Oliy sudi va Advokatlar palatasi bilan kelishilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq advokatlarga tergov hibsxonalarida mobil telefondan foydalanishga ruxsat berilishi xabar qilingandi.

Mavzuga oid