O‘zbekiston | 10:18 / 27.08.2018
4834
4 daqiqa o‘qiladi

Investitsiyalar jalb qilishda eng yaxshilarni tanlov aniqlaydi

Foto: Depositphotos

Vazirlar Mahkamasining 16.08.2018 yildagi 668-son qarori bilan Investitsiyalarni jalb qilish, xorijiy investorlar bilan hamkorlikni rivojlantirish, yangi ishlab chiqarishlar va ish o‘rinlarini tashkil etish borasidagi faoliyat uchun davlat organlari hamda tashkilotlari rahbarlarining ish samaradorligini baholash bo‘yicha tanlov o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi, deb yozmoqda Norma.
 
Tanlov har yili quyidagi nominatsiyalarda o‘tkaziladi:

• “Investitsiyalarni jalb qilganlik, xorijiy investorlar bilan hamkorlikni rivojlantirganlik uchun”;
• “Yangi ishlab chiqarishlar va ish o‘rinlarini tashkil etganlik uchun”;
• “Investitsiya faoliyatini tartibga soluvchi qonun hujjatlarini takomillashtirganlik, shuningdek, investitsiya loyihalarining o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini ta'minlaganlik uchun”.
 
Tanlovda:

• Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining, viloyatlar va Toshkent shahri, shaharlar hamda tumanlar hokimlarining investitsiyalar bo‘yicha o‘rinbosarlari;
• Qoraqalpog‘iston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha qo‘mitasining raisi, viloyatlar va Toshkent shahri, shaharlar va tumanlar investitsiyalar bo‘yicha bosh boshqarmalarining rahbarlari;
• erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari direksiyasining direktorlari ishtirok etish huquqiga ega.
 
Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi tanlovni o‘tkazish uchun har yili 10 martgacha ekspert komissiyasini shakllantiradi. Davlat qo‘mitasining Xorijiy davlatlar bilan hamkorlikni rivojlantirish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish departamenti uning ishchi organi hisoblanadi.
 
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari har yili 20 martgacha ishchi organga har bir nominatsiyada bittadan da'vogar tanlovda ishtirok etishi uchun quyidagi hujjatlar ilova qilingan taqdimnomalar kiritadi:

• investitsiyalarni faol jalb qilish va o‘zlashtirish sohasidagi faoliyat ko‘rsatkichlari to‘g‘risida Davstatqo‘mning viloyatlar boshqarmalari tasdiqlaydigan axborot;
• hisobot davri va o‘tgan yilning shu davri uchun xorijiy investorlar bilan hamkorlikni rivojlantirish hamda yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etish to‘g‘risidagi axborot.
• nominantning investitsiya muhitini yaxshilashga doir tashabbuslari;
 
Ishchi organ 20 kunlik muddatda tanlovda ishtirok etish uchun taqdim etilgan hujjatlarni komplekslilik va ishonchlilik bo‘yicha o‘rganadi va uning natijalarini ishchi organga yuboradi. Hujjatlarni Komissiya 25 aprelgacha bo‘lgan muddatda faoliyatning har bir ko‘rsatkichi bo‘yicha to‘plangan ballar miqdorini Komissiya tomonidan belgilanadigan mezonlarga muvofiq jamlash orqali ko‘rib chiqadi.
 
Reyting ommaviy axborot vositalarida e'lon qilinadi. Tanlov g‘oliblariga har yili 1 maydan kechiktirmasdan sertifikatlar va har bir nominatsiyada EKIHning 100 baravari miqdorida pul mukofotlari topshiriladi. Tanlovda ishtirok etgan barcha da'vogarlarga Qo‘mitaning minnatdorlik maktubi topshiriladi.
 
Hujjat 18.08.2018 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid