Deputatlar «O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ma'qullashdi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 27 avgust kuni navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Deputatlar tomonidan yangi tahrirdagi «O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari to‘g‘risida»gi qonuni loyihasini birinchi o‘qishda muhokama qilindi.
Deputatlar ta'kidlaganidek, bugungi kunda O‘zbekistonning xalqaro munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarilib, tashqi siyosat borasida rivojlangan davlatlar va eng avvalo, qo‘shni mamlakatlar, qolaversa, xalqaro tashkilotlar bilan do‘stona, o‘zaro manfaatli sheriklikni har tomonlama rivojlantirishga katta e'tibor qaratilmoqda. Xususan, oxirgi bir yarim yil ichida tashqi siyosat va xalqaro hamkorlikka doir ko‘plab hujjatlar qabul qilinib, shartnomalar imzolandi.
Ayni paytda iqtisodiy, investitsiyaviy, ijtimoiy va madaniy-gumanitar jabhalarda O‘zbekiston bilan aloqalarni kengaytirishga xorijiy mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar katta qiziqish bildirmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, mavjud huquqiy hujjatlarni bugungi shiddatkor zamon talablariga moslashtirish, yurtimizning hozirgi rivojlanish strategiyasiga hamohang tarzda takomillashtirib borishni taqozo etmoqda.
Deputatlar mazkur qonun loyihasining qabul qilinishini tashqi siyosiy faoliyatning asosiy vositalaridan biri bo‘lgan xalqaro hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy bazasini shakllantirish va takomillashtirishga xizmat qilishini alohida ta'kidladilar.
Bu mamlakat uchun istiqbolli, amaliy ahamiyat kasb etadigan ikki tomonlama va ko‘p tomonlama shartnomalar tuzishga, pirovardida O‘zbekistonning dunyo hamjamiyatining teng huquqli a'zosi sifatidagi nufuzini yanada oshirishga yordam beradi.
Qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Mavzuga oid
18:07 / 16.10.2024
Oliy Majlis saylovida muddatidan oldin ovoz berish jarayoni boshlandi
17:44 / 20.09.2024
«Haddini bilmaganlarni mehmon deyolmaymiz» – O‘zbekistonda bo‘lishi nomaqbul chet elliklar ro‘yxati yuritiladi
18:23 / 26.08.2024
Qiynoq oqibatidagi o‘lim holatlari uchun javobgarlik kuchaytiriladi
23:26 / 25.06.2024