O‘zbekiston | 10:21 / 28.08.2018
4863
2 daqiqa o‘qiladi

Qonunchilik palatasi jabrlanuvchilar va guvohlarni himoya qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ko‘rib chiqdi

Foto: KUN.UZ

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 27 avgust kuni navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan Qonunchilik palatasiga kiritilgan «Jabrlanuvchilar, guvohlar va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi deputatlarning qizg‘in bahs-munozarasiga sabab bo‘ldi.

Mazkur qonun loyihasi jinoyat protsessi ishtirokchilari bo‘lmish jabrlanuvchilar, guvohlar hamda boshqa ishtirokchilarni himoya qilish sohasidagi munosabatlarni to‘liq tartibga solishni ko‘zda tutadi.

Qonun loyihasida jabrlanuvchilar, guvohlar va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish prinsiplari belgilab berilmoqda. Shuningdek, davlat tomonidan himoya qilinadigan shaxslar hamda jinoyat protsessi boshqa ishtirokchilarini himoyasini ta'minlovchi davlat organlarining ro‘yxati, xavfsizlik choralarining turlari hamda ularni qo‘llashning asoslari, xavfsizlik choralarini bekor qilish tartibi, himoya qilinuvchi shaxslar va davlat tomonidan muhofaza qilishni ta'minlovchi organlarning huquq va majburiyatlari ko‘rsatib o‘tilmoqda.

Deputatlarning fikricha, qonun loyihasining qabul qilinishi jinoyat protsessi ishtirokchilarining qonunchilikka ishonchini yanada oshirib, ularning xavfsizligini kafolatlash, odil sudlovga erishish hamda jamiyatda jinoyatga jazo muqarrarligi prinsipining mustahkam qaror topishiga xizmat qiladi.

Qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Mavzuga oid