Mirziyoyev quyish-prokatlash kompleksi qurilishini boshlab berdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati jamoasi bilan uchrashdi. Davlat rahbari ularni Mustaqillik bayrami bilan tabriklab, ushbu kombinat mamlakat sanoatida muhim ahamiyatga ega ekanini ta'kidladi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.
Bekobod shahri aholisining kundalik hayoti, turmush tarzi, sifati hamda taqdiri ushbu kombinat bilan chambarchas bog‘liq. Chunki Bekobod shahrining 25 foiz mehnatga layoqatli aholisi mazkur kombinatda ishlaydi, shahar sanoatida kombinatning ulushi 80 foizni tashkil etadi.
Shu bois prezident bu kombinatni rivojlantirishga alohida e'tibor qaratdi. Qisqa davrda uning iqtisodiy holati barqarorlashdi, deyiladi xabarda.
O‘tgan bir yil ichida O‘zbekiston metallurgiya kombinati o‘z xarajatlaridan ortib, Bekobod shahrida uy-joy, madaniy-maishiy va sport obektlarini bunyod etish uchun 77 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirgani buning dalilidir.
Joriy yilning 9 oyida kombinatda metall-prokat ishlab chiqarish hajmi 1,5 barobarga, foyda esa qariyb 3 barobarga ortishi kutilmoqda. 2017 yilning xuddi shu davrida ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari 1 foizga ham o‘smagan edi.
Kombinatni 2018-2020 yillarda zamonaviy innovatsion texnologiyalar asosida jadal rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan dasturga muvofiq yaqin 3 yil ichida metallprokat ishlab chiqarish 2,3 barobar, po‘lat sharlar ishlab chiqarish 1,5 barobar, eksport 1,9 barobarga o‘sishi ko‘zda tutilmoqda.
«Bunday raqamlar, barcha-barcha rejalarimizni bir gap bilan izohlasak, maqsad - odamlarni rozi qilish. Buning uchun iqtisodiyotimizni barqaror qilishimiz, qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishimiz kerak. Yetti marta o‘lchab bir marta kesishimiz kerak. Adolatli tizim qilib, hisob-kitobni joyiga qo‘ysak, iqtisodiyot o‘zi ishlaydi, rivojlanish, natija bo‘ladi, odamlarning o‘yiga daromad kiradi» dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident quyish-prokatlash majmuasini qurish loyihasini amalga oshirishni boshlash uchun tamal toshi qo‘ydi.
Mazkur loyiha doirasida kombinatning o‘z mablag‘lari hisobidan 91 million dollar, Rossiyaning “Gazprombank” va Shvetsariyaning “Kredit Sviss” banklari kreditlari hisobidan 361 million dollar, jami 452 million dollar mablag‘ o‘zlashtiriladi.
Loyiha 2020 yilda to‘liq ishga tushirilib, yiliga 1 million tonna qo‘shimcha po‘lat list mahsulotini ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi, 400 dan ziyod yangi ish o‘rinlari tashkil etiladi. Natijada kombinatda 2021 yilda tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini yiliga 2,1 million tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.
Respublikaga prokatlangan listlar importining kamayishi hisobiga yiliga 350 million dollar valyuta mablag‘lari iqtisod qilinadi.
Shuningdek, yangi qurilayotgan Toshkent metallurgiya zavodining asosiy xomashyosi bo‘lgan issiq holatda prokatlangan listlarga bo‘lgan 500 ming tonna yillik ehtiyoj to‘liq qoplanadi. Quyuv-prokat majmuasining qurilishi Italiyaning “Daniyeli” kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi.
Mavzuga oid
12:43 / 06.09.2024
Bekobodda ish vaqtida vafot etgan “elektroset” xodimi uchun 340 mln so‘m undirib berildi
18:36 / 13.08.2024
Bekobodda 5-qavatdan tushib ketib vafot etgan ayolning eri 9 yilga ozodlikdan mahrum qilindi
18:01 / 26.06.2024
Bekobodda IIB binosidagi o‘lim holati bo‘yicha bir xodim qamoqqa olindi
19:14 / 21.06.2024