O‘zbekiston | 00:19 / 29.08.2018
13359
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda mustaqillikning 27 yillik tantanalari keng nishonlandi - fotolar

Samarqand shahridagi «Mo‘'jiza» amfiteatrida O‘zbekiston mustaqilligining 27 yilligiga bag‘ishlangan bayram tantanalari bo‘lib o‘tdi.

Viloyat ahliga tabrik so‘zlarini yo‘llar ekan, hokim vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov qisqa fursat ichida viloyatda amalga oshirilgan ishlar, hali qilinishi lozim bo‘lgan va belgilab olingan rejalar haqida ham so‘zladi.

Ulkan monitorlarda o‘tgan bir yil ichida yurtimizda, viloyatda amalga oshirilgan ishlarning o‘ziga xos sarhisobi namoyish etildi. «O‘zbekiston ulkan imkoniyatlar mamlakati» ekanligiga alohida urg‘u berildi.

Shundan so‘ng san'atkorlar bayram dasturini boshlab berishdi. Avvalo xalqimiz suyib eshitadigan mumtoz navolardan boshlangan kuy-qo‘shiq hamda raqslarga bolajonlarning chiqishi ulanib ketdi.

Harbiylarning o‘ktam qo‘shiqlari, sahnadagi askarlarning odimlari dasturga o‘zgacha fayz berdi.

Mahalliy yosh san'atkorlarning chiqishi tomoshabinlar tomonidan o‘zgacha kutib olindi. Marhum san'atkor Furqat Mirzayevning farzandlari tomondan ijro etilgan «Nomingdan aylanay, O‘zbekistonim» qo‘shig‘ini ayniqsa muxlislar gulduros qarsaklar bilan qarshi olishdi.

Bayram dasturida Markaziy Osiyo davlatlarining birdamligi mavzusiga ham katta e'tibor berilgan. Qozoq, qirg‘iz, turkman, tojik va o‘zbek milliy qo‘shiq hamda raqslarining ketma-ket ijro etilishi, shu vaqtda ulkan monitorlarda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining o‘zaro uchrashuvlari aks ettirilgan lahzalar berib borilishi — asrlar osha do‘st va birodar, qondosh bo‘lib kelgan xalqlar orasidagi do‘stlik, birdamlik va hamjihatliklikni asrash, ulug‘lash davr taqozosi ekanligi chiroyli ishora bo‘ldi.

Bayram dasturi so‘ngida samarqandlik taniqli san'atkorlar, shuningdek poytaxtdan tashrif buyurgan taniqli xonandalar yig‘ilganlarga bayram kayfiyatini ulashishdi.

Bayramni viloyat rahbarlari, ziyolilar, korxona va tashkilotlarda ishlovchi mehnatkashlar birgalikda tomosha qilishdi va ko‘tarinki kayfiyatda tarqalishdi.

Shuhrat Shokirjonov,

Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid