Jahon | 21:47 / 30.08.2018
9456
2 daqiqa o‘qiladi

Huawei birinchi marta Apple’ni ortda qoldirdi

Xitoyning Huawei kompaniyasi dunyoda smartfon ishlab chiqaruvchi ikkinchi yirik kompaniya deb ataldi.   

Gartner tadqiqot kompaniyasi tahlilchilarining hisob-kitobiga ko‘ra, joriy yilning 2-choragida Xitoy kompaniyasi 49,8 mln dona smartfon sotib Apple’ni 2-o‘rindan tushirdi. Huawei bozorning 13,3 foizini egallagan, bu esa o‘tgan yildagidan 9,8 foiz ko‘proqni tashkil qilgan.

Apple esa shu davr ichida 44,7 mln dona – o‘tgan yildagidan 12,1 foiz kamroq iPhone sotgan va bozorning 11,9 foizini egallagan.

Gartner’ning tadqiqotlar bo‘yicha direktori Anshula Guptaning aytishicha, o‘tgan chorakda Xitoy kompaniyasi savdo hajmining o‘sishiga Honor brendi ostidagi smartfonlar sababchi bo‘lgan. 

Ta'kidlanishicha, Apple uchun pasayish kutilgan edi: AQSh kompaniyasi smartfonlarini bir yilda bir marta yangilaydi, iste'molchilar esa yangi qurilmalarni kutib qoladilar. Shu bilan birga iPhone X’ga talab yangi modellar taqdim qilingungacha pasaya boshlagan. 

Smartfon bozorida yetakchi esa bozorning 19,3 ulushiga ega bo‘lgan va 72,33 mln qurilma sotgan Samsung bo‘lib qolmoqda. Biroq kompaniyaning o‘tgan yilga nisbatan ko‘rsatkichlari yomonlashgan: kompaniya 2017 yil 2-chorakda 82,85 mln dona qurilma sotgan.

Mavzuga oid