Iqtisodiyot | 14:26 / 31.08.2018
5922
3 daqiqa o‘qiladi

Jahon banki O‘zbekiston viloyatlarida meva-sabzavotchilikni rivojlantirish bo‘yicha yangi loyihani taqdim etdi

Foto: UzA

Farg‘ona va Buxoro viloyatlarida «Meva-sabzavotchilik sektorini rivojlantirish. Qo‘shimcha moliyalashtirish» loyihasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Loyihani amalga oshirish doirasida O‘zbekistonning barcha viloyatlaridagi fermer va agrobizneslarga qo‘shimcha texnik hamda moliyaviy yordam beriladi. Bu minglab yangi ish o‘rinlarini yaratish, meva-sabzavotchilik sektorida benefitsiarlarning samaradorligi va rentabelligini oshirishga yordam beradi. Loyiha 500 million dollarga baholanmoqda, u Jahon banki tomonidan 2018 yilning yanvar oyida tasdiqlangan va iyun oyida ish boshlagan. 

Loyiha faoliyatining yangi bosqichi 2014 yil iyun oyida Jahon banki tomonidan tasdiqlangan «Meva-sabzavotchilik sektorini rivojlantirish» loyihasining yutuqlariga asoslangan bo‘lib, u mahalliy fermer va agrobiznesning qishloq xo‘jaligi texnologiyalari, bilimlari hamda bozorlariga kirishini yaxshilashga qaratilgan. Bundan tashqari, ushbu guruhlarning texnik va boshqaruv imkoniyatlarini mustahkamlash, loyihada ishtirok etayotgan mahalliy banklar orqali ularni yangi moliyaviy mahsulotlar bilan ta'minlash nazarda tutilgan.

Loyihaning yangi bosqichi urug‘lik va ko‘chatlarni, suvni tejaydigan texnologiyalarni (tomchilab sug‘orish kabi) xarid qilish, omborxonalar va issiqxonalarni qurish, meva hamda sabzavotlarni qayta ishlash uchun uskunalar xarid qilish imkonini beradi. Loyiha, shuningdek, ilmiy-tadqiqot institutlariga meva-sabzavot ekinlarini yetishtirish, ularni saqlash va hosil yig‘ib olinganidan so‘ng qayta ishlash uchun yangi usullarni ishlab chiqishda ko‘mak beradi. Fermerlar va agrofirmalarning meva-sabzavot sektorida marketing va biznesni boshqarish sohasidagi bilimlarini oshirishda yordam ko‘rsatadi.
 
2018 yil 28-29 avgust kunlari Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi xodimlari, Yevropa ittifoq O‘zbekistondagi vakolatxonasi (loyiha hamkori) va Qishloq xo‘jaligi korxonalarini qayta tuzish bo‘yicha agentlik Farg‘ona va Buxoro viloyatlarida amaliy tashrif bilan bo‘ldi. Ular «Meva-sabzavotchilik sektorini rivojlantirish. Qo‘shimcha moliyalashtirish» loyihasining taqdimotida ishtirok etdilar. 
 
Mazkur viloyatlardagi tadbirlarda fermer xo‘jaliklari, agrofirmalar va meva-sabzavotni qayta ishlash korxonalari, shuningdek, joriy loyiha doirasida moliyalashtirishni taqsimlashda ishtirok etayotgan mahalliy tijorat banklarining xodimlari ishtirok etdi. Taqdimot qatnashchilariga loyihaning yangi bosqichi doirasida meva-sabzavot sektorida hosildorlikni va eksport salohiyatini oshirish imkoniyatlari haqida ma'lumot berildi.

Loyihaning dastlabki bosqichida kredit olgan fermerlar va agrofirmalarning vakillari ushbu investitsiyalar orqali o‘z biznesini kengaytirish hamda eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha tajribalarini o‘rtoqlashdilar.

Mavzuga oid