Jahon | 11:53 / 01.09.2018
8718
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyo okeani sathi 25 yil ichida deyarli 8 santimetrga ko‘tarilgani aniqlandi

Foto: Unsplash

Xalqaro olimlar guruhi sun'iy yo‘ldoshdan olingan suratlarni tahlil qilib, oxirgi 25 yil ichida dunyo okeani sathi 7,7 sm ga ko‘tarilgani haqidagi xulosaga keldi.

Tahlil natijalariga ko‘ra, dunyo okeani sathi har yili o‘rtacha 3,1 mm tezlik bilan ko‘tarilmoqda. Shu bilan birga ushbu tezlik har yili 0,1 mmga ortmoqda. Buni sayyoramizda harorat isib borayotgani yaqqol ko‘rsatadi. 

Olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, suvning issiqdan kengayishi bunda yetakchi ulushga ega – 42 foiz. Dengizdagi, Grenlandiya va Antarktidadagi muzliklarning erishiga mos ravishda 21, 15 va 8 foizlik ulush to‘g‘ri keladi. Hozircha okeanga daryolar orqali suvning tushishi bunda qanchalik rol o‘ynashi noma'lum, chunki olimlarning ta'kidlashicha, bu yerda biror xulosa chiqarish uchun mavhumlik juda katta.

Tadqiqot uchun TOPEX/Poseidon missiyasi, “Argo” okeanografik loyihasi va GRACE gravimetrik sun'iy yo‘ldoshidan olingan ma'lumotlar qo‘llangan.

Dunyo okeani sathi sayyoramizdagi iqlim o‘zgarishining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri hisoblanadi. Qolgan ko‘rsatkichlari okean harorati va u tomondan issiqlikning yutilishi, issiqhona gazlari miqdori, okean suvlarining kislotaliligi, muzliklar va dengiz muzi holati hisoblanadi.

Umuman olganda, gap minglab kilometrlik o‘lchamlarga ega obekt haqida ketganda 7 sm bu juda kichik qiymatdir. Ammo sayyoramizda dengiz sathidan bor-yo‘g‘i bir necha santimetr yuqoriroqda joylashgan quruqliklar bor va ular anchaginani tashkil qiladi. Bunda birinchi navbatda Tinch okeanidagi korall atollari yodga tushadi. Okean sathi yanada oshadigan bo‘lsa, bu atollar butkul suv ostida qolishi mumkin. Hozirda ularda odamlar yashaydi va ular uchun bu muammo jiddiy ahamiyat kasb etadi.

Mavzuga oid