Jahon | 10:34 / 19.11.2025
4290
4 daqiqa o‘qiladi

Ukraina RFdan 43 mlrd dollar miqdorida "iqlim reparatsiyasi" talab qilmoqda

Ukraina delegatsiyasi COP30 anjumanida Rossiyadan 43 mlrd dollar miqdorida "iqlim reparatsiyasi" talab qilayotganini ma’lum qildi. IGGAW tashabbusi bahosiga ko‘ra, harbiy harakatlar CO₂-ekvivalentida taxminan 237 mln tonnaga teng tashlamalarga olib kelgan.

Foto: AP

Ukraina hokimiyati urush natijasida atrof-muhitga yetkazilgan zarar uchun Rossiyadan 43 mlrd dollar (37 mlrd yevro) miqdorida kompensatsiya talab qilish niyatida. Bu haqda 18 noyabr kuni tarqatilgan BMTning iqlim o‘zgarishi masalalari bo‘yicha konferensiyasi (COP30)dagi Ukraina delegatsiyasi press-relizida aytilgan.

Hujjatda ta’kidlanishicha, bu "urushdan so‘ng birinchi marta talab qilinayotgan iqlim reparatsiyasi" hisoblanadi. Urushdan keyin Ukrainani "ekologik jihatdan barqaror tarzda tiklash" uchun ushbu mablag‘ sarflanishi lozim.

"Rossiya ko‘p jihatdan iflos ('kir') urush olib bormoqda, va bunda bizning iqlimimiz ham zarar ko‘ryapti", – dedi Ukraina iqtisodiyot, atrof-muhit va qishloq xo‘jaligi vazir o‘rinbosari Pavel Kartashov.

"Yoqilayotgan ulkan miqdordagi yonilg‘i, yondirib yuborilgan o‘rmonlar, vayron qilingan binolar, ishlatilgan beton va po‘lat – bularning barchasi, aslida, mojaroning 'uglerod izi' bo‘lib, katta iqlimiy xarajatlarga sabab bo‘lmoqda, – deb qo‘shimcha qildi u. – Bu tajovuzning iqlimiy oqibatlari bizning chegaralarimizdan ancha uzoqlarda ham va kelajakda ham his etiladi".

Press-relizda aytilishicha, Ukrainaning talabi urush oqibatida parnik gazlar tashlamalarini hisoblash tashabbusi – IGGAW baholariga asoslangan. Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya boshlagan harbiy harakatlar CO₂-ekvivalentida qariyb 237 mln tonna tashlamaga olib kelgan. IGGAW vakili Lennard de Klerk Reuters agentligiga bu miqdor Irlandiya, Belgiya va Avstriya bir yilda birgalikda chiqaradigan hajmga deyarli teng ekanini aytgan.

IGGAW ekspertlari talab qilinayotgan reparatsiya summasiga chiqish uchun uglerod tashlamalarining taklif etilayotgan "ijtimoiy narxi"dan foydalangan. Ya’ni, bu tashlamalar jamiyatga qancha zarar yetkazishini pulda ifoda etuvchi ko‘rsatkich nazarda tutilgan. Olimlar bu ko‘rsatkichni bir tonna uchun 185 dollar deb baholamoqda.

De Klerkning aytishicha, RFdan "iqlim reparatsiyasi" talab qilish masalasi hozirda Yevropa kengashi tomonidan yaratilayotgan maxsus mexanizm orqali ko‘tariladi. Ushbu tartib doirasida ukrainaliklardan urushdan ko‘rilgan zarar uchun qariyb 70 mingta da’vo arizasi allaqachon qabul qilingan.

Avvalroq Frankfurt-Oderdagi Viadrina Yevropa universiteti professori Syuzann Vorshex Ukrainada urush tufayli kelib chiqqan ekologik falokat ko‘lamini "gigant" deb atagan edi. Mutaxassis 25 000 gektar yondirib yuborilgan o‘rmonlar, 220 ta tahdid ostida qolgan yoki yo‘q qilingan qo‘riqxonalar va deyarli 1 mln gektar yer va o‘rmon minalanganini eslatgan.

Viadrina olimlari Ukraina rasmiylari va nodavlat tashkilotlari vakillari bilan hamkorlikda atrof-muhitni ommaviy ravishda vayron qilish – ekotsid holatlari bo‘yicha dalillar to‘plamoqda. Maqsad – aybdorlarni javobgarlikka tortish va yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya talab qilish.

Haagadagi Xalqaro jinoiy sud hozircha ekotsidni jinoyat sifatida ko‘rib chiqmaydi, ammo YeI va BMT ekologik jinoyatlarni XJS ko‘rib chiqadigan jinoyatlar ro‘yxatiga kiritish uchun kampaniya olib bormoqda.

Mavzuga oid