O‘zbekiston | 21:33 / 01.09.2018
23678
2 daqiqa o‘qiladi

Past Darg‘omda Samarqand sharoitida tuyaqushlar muvaffaqiyatli parvarishlanmoqda

Samarqand viloyati Past Darg‘om tumanida istiqomat qiluvchi fermer Husan Haydarov Samarqand sharoitida Afrika qora tuyaqushlarini ko‘paytirmoqda. O‘zining Kun.uz’ga hikoya qilib berishicha, buni unga qishloq xo‘jaligi vaziri tavsiya qilgan.

2017 yilning boshida, yanvar oyida u Farg‘onadan 9 ta tuyaqush (3 ta xo‘rozi, 6 ta makiyoni) jo‘jasini olib kelib parvarishlay boshladi. Bir yil ichida ularning vazni 180 kiloga yetay deb qoldi.

Bir kunda o‘rtacha 3,5 kg yem yeydigan tuyaqushlar yaqinda tuxumga kira boshlaydi. Ular 15-20 yil mobaynida tuxum bera oladi. Tuyaqush tuxumining vazni 2 kg.dan oshadi.

H.Haydarovning hikoya qilishicha, tuyaqushlar har qanday sharoitga tez moslashadi. Ular issiqni sevishadi. -20 daraja sovuqqa ham bardosh bera olishadi. Demak, Samarqand, umuman O‘zbekiston sharoitida ularni bemalol ko‘paytirish mumkin.

Tuyaqushlarning oshqozoni yo‘q, tovuqniki singari toshdoni bo‘ladi. Shu sababli ular baland qilib o‘ralgan hududda, qum va shag‘al to‘shalgan joyda parvarish qilinishi kerak. Ular turli don dun va o‘tlar bilan oziqalanadi va hazm qilish uchun yerdan tosh va qum zarralarini ham yutishadi.

Tuyaqush yuz foiz chiqitsiz jonzot hisoblanadi. Uning hamma narsasi: go‘shti, terisi, suyagi, yog‘i, pati, tirnog‘i va tuxumidan foydalanish mumkin. Go‘shti shifobaxsh, pat va parlari jahon bozorida juda qadrlanadi. Haqiqiy yetti xazinaning biri hisoblanadi.

H.Husanov tuyaqushlari tuxum bera boshlagach, ularning sonini yana ko‘paytirib, fermer xo‘jaligini yanada kengaytirish niyati borligini aytib o‘tdi.

Shuhrat Shokirjonov,

Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid