Sport | 18:36 / 01.09.2018
9069
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston ilk marta butunjahon ko‘chmanchi xalqlar o‘yinlarida ishtirok etmoqda

Foto: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

1-9 sentabr kunlari Qirg‘iziston Respublikasi Cholpon-Ata shahrida bo‘lib o‘tadigan Butunjahon ko‘chmanchi xalqlar o‘yinlarida O‘zbekiston vakillari ishtirok etadi.

Bugun Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev rahbarligidagi O‘zbekiston sport delegatsiyasi «Toshkent» xalqaro aeroportidan Qirg‘izistonga jo‘nab ketdi.

Musobaqaning tantanali ochilish marosimi 2 sentabr kuni, yopilish marosimi 8 sentabr kuni bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekiston sport delegatsiyasi jami 76 kishidan iborat, shundan 13ta sport turidan (kurash, sambo, gushtini milli kamarbandi (Tojikiston kurashi), qozoq kurashi bo‘yicha, paxlavani (Eron kurashi), gyulesh (Ozarboyjon kurashi), ashirtmali aba guleshi (Turkiya kurashi), alish kurashi (Qirg‘iziston kurashi), goresh (Turkmaniston kurashi), mangol box (Mo‘g‘uliston kurashi), qirg‘iz kurashi, armrestling, lochin ovi va tayganlar yugurishi bo‘yicha) 54 nafar sportchi, 15 nafar murabbiy va 7 nafar menejyer, mutaxassis, ishchi guruhi a'zolari va rahbari ishtirok etadi.

Ma'lumot uchun, 2 sentabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 17:00da Cholpon-Ata shahridagi «Ippodrom» stadionida 80ta davlat sport delegatsiyalari 2000 nafar ishtirokchilar ishtirokida III Butunjahon ko‘chmanchi xalqlar o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi.

O‘yinlarda 50ta sport turi bo‘yicha 500dan ortiq medallar jamlanmasi o‘ynaladi. Turnirda O‘zbekiston nomidan 13ta sport turi bo‘yicha 58 nafar sportchi ishtirok etadi.

Qayd etish kerakki, ushbu o‘yinlarda O‘zbekiston sport delegatsiyasi ilk bor ishtirok etmokda.

«Mazkur o‘yinlarni o‘tkazishdan asosiy maqsad milliy sport turlarini asrash, xalqlar o‘rtasida do‘stlik aloqalarini yanada mustahkamlashdir», deyiladi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabarida.

Mavzuga oid