O‘zbekiston | 15:20 / 04.09.2018
12762
5 daqiqa o‘qiladi

Muddati bir kundan ortiq bo‘lgan tekshiruvlarni kelishish faqat Bosh prokuratura tomonidan amalga oshiriladi

Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida O‘zbekiston Respublikasi bosh prokurorining "Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlarni kelishish va o‘tkazish tartibi haqidagi vaqtinchalik nizomni tasdiqlash haqida"gi buyrug‘i loyihasi joylashtirildi.

Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlarni kelishish va o‘tkazish tartibi haqidagi vaqtinchalik nizomga ko‘ra, tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatida nazorat qiluvchi organlarning markaziy apparati tomonidan tashkil etiladigan tekshiruvlar O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, ularning hududiy bo‘linmalari tomonidan o‘tkaziladigan tekshiruvlar tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokuraturalari bilan kelishiladi.

Tekshiruv o‘tkazishni vakolatli organ bilan kelishish Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimi orqali amalga oshiriladi.

Yagona tizim to‘liq ishga tushirilgunga qadar tekshirish o‘tkazishni kelishish bilan bog‘liq bo‘lgan yozishmalar qog‘oz shaklida rasmiylashtirilishi mumkin.

Nazorat qiluvchi organ va vakolatli organ o‘rtasidagi davlat siri bilan bog‘liq bo‘lgan tekshiruvlarni o‘tkazishga oid axborot almashinuvi davlat sirlarini saqlash to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi hamda bunday tekshiruvlar haqidagi ma'lumotlar Yagona tizimga kiritilmaydi.

Muddati bir kun bo‘lgan tekshiruvlarni kelishish viloyat prokuraturasi tomonidan, muddati bir kundan ortiq bo‘lgan tekshiruvlarni kelishish faqat Bosh prokuratura tomonidan amalga oshiriladi.

Tadbirkorlik sub'yektlari ularda o‘tkazilayotgan tekshiruv haqidagi hamda ularning faoliyatini tekshirayotgan nazorat qiluvchi organlar to‘g‘risidagi ma'lumotni Bosh prokuratura yoki viloyat prokuraturalaridan yozma shaklda yoki axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan, shu jumladan Yagona tizimdan foydalangan holda elektron shaklda bepul olishga haqlidir.

O‘tkazilgan tekshiruvdan norozi bo‘lgan tadbirkorlik sub'yektlari nazorat qiluvchi organlarning yuqori tashkilotlariga yoki belgilangan tartibda sudga murojaat qilish huquqiga ega.

Nazorat qiluvchi organlar quyidagi asoslar mavjud bo‘lganda:

jismoniy va yuridik shaxslarning qonun hujjatlari buzilishi holatlari haqidagi murojaatlari asosida;

nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatida o‘tkazilgan “xavfni tahlil etish” natijalari, shu jumladan ommaviy axborot vositalaridan yoki boshqa tashqi manbalardan (ijtimoiy tarmoqlar, veb-saytlar) olingan ma'lumotlar asosida vakolatli organga tekshiruv o‘tkazishni so‘rab murojaat qilishga haqli.

Bunda jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarining anonim emasligi hamda tekshiruv o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan tadbirkorlik sub'yektining amalda faoliyat ko‘rsatayotganligi nazorat qiluvchi organ tomonidan dastlab o‘rganib chiqilishi lozim.

Bir kunlik muddatda o‘tkaziladigan tekshiruvni kelishish uchun buyurtma nazorat qiluvchi organning viloyat darajasidagi hududiy bo‘linmasi orqali viloyat prokuraturasiga kiritiladi.

Muddati bir kundan ortiq bo‘lgan tekshiruvni kelishish uchun esa buyurtma nazorat qiluvchi organning viloyat darajasidagi hududiy bo‘linmasi orqali uning markaziy apparati tomonidan Bosh prokuraturaga kiritiladi.

Nazorat qiluvchi organning tuman (shahar) bo‘linmasi tashabbusi bilan o‘tkaziladigan tekshiruvlarni kelishish tekshiruvga asos bo‘lgan hujjatlarni ushbu organning viloyat darajasidagi bo‘linmasiga elektron hujjat almashinuvidan foydalangan holda taqdim etish orqali amalga oshiriladi.

Nazorat qiluvchi organ tomonidan taqdim etilgan tekshiruvni kelishish to‘g‘risidagi buyurtmada quyidagi ma'lumotlar ko‘rsatiladi:

tekshiruv o‘tkazuvchi organ nomi;

tekshiruv o‘tkaziladigan tadbirkorlik sub'yektining nomi (filiali yoki shoxobchasi), soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami, manzili;

tekshiruv o‘tkazish uchun asos;

talablari buzilishi mumkin bo‘lgan normativ-huquqiy hujjat to‘g‘risida ma'lumot;

tekshiruv o‘tkazish muddati;

tekshiruv predmeti;

tekshiriladigan faoliyat davri.

Buyurtmaga jismoniy yoki yuridik shaxsning qonunbuzilish holatlari haqidagi murojaati nusxasi, “xavfni tahlil etish” tizimi orqali aniqlangan qonunbuzilish holati bo‘yicha batafsil ma'lumot hamda tekshiruv dasturi ilova qilinadi.

Tekshiruv dasturi ushbu murojaatda ko‘rsatilgan holatlar yoki “xavfni taxlil etish” tizimi orqali aniqlangan qonunbuzilishlar doirasida tuzilishi shart.

Tekshiruv dasturi nazorat qiluvchi organ rahbari tomonidan tasdiqlanishi shart.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid