Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Polshada Osiyodan kelgan ishchilar ukrainalik migrantlarni siqib chiqarmoqda
2018 yilning birinchi yarmida Polshaga Osiyo mamlakatlaridan mehnat migratsiyasi bir necha baravarga oshdi, Ukrainadan gastarbayterlar kelishi esa keskin kamaydi. Bu haqda oila, mehnat va ijtimoiy himoya vazirligi ma'lumotlariga tayanib Polshaning Dziennik gazetasi xabar qildi.
2017 yilga nisbatan nepallik gastarbayterlar kelishi eng ko‘p – olti baravarga, Ozarbayjon, Bangladesh, Xitoy, Filippin, Hindiston, O‘zbekiston va Vetnamdan ishchilar kelishi ikki-uch baravarga oshgan.
Polshada ishlayotgan xorijliklarning katta qismini ukrainaliklar tashkil etadi. Agarda 2017 yilning birinchi yarim yilligida Ukrainadan ishchilar kelishi yillik 114%ni tashkil etgan bo‘lsa, 2018 yilning birinchi yarmida ularning soni atigi 20%ga o‘sgan.
Personnel Service kadrlar agentligi prezidenti Kshishtof Inglotning aytishicha, ukrainaliklar ko‘proq Germaniya, Chexiya, Slovakiya yoki Vengriyada ishlashni ma'qul ko‘rishmoqda.
«Osiyo mamlakatlari fuqarolarining ukrainaliklarni siqib chiqarishiga sabab, Dnepr qirg‘oqlaridan kelganlar oylik maoshlari oshirilishini so‘rashadi, Nepaldan kelganlar esa bunday qilishmaydi», — dedi Inglot.
EWL kadrlar agentligi prezidenti Andjyey Korkusning so‘zlariga ko‘ra, Polshaga Osiyodan elektrchilar, dasturchilar, g‘isht teruvchilar, payvandchilar, chevarlar, slesar va oddiy ishchilar kelishmoqda.
«Ishchi kuchi yetishmasligi shu darajada keskinlashganki, hukumat Filippin rahbariyati bilan muzokaralar olib bormoqda. Muzokaralar ushbu mamlakat fuqarolarini ishga qabul qilish bilan bog‘liq», — dedi Korkus.
2018 yil fevralda Gazeta Prawna gazetasi «Polsha iqtisodiyotiga eng katta ta'sir ko‘rsatayotgan 50 kishi» reytingida ikkinchi o‘rinni ukrainalik migrantlarga bergandi. Nashr ukrainaliklarni «Polsha iqtisodiyotiining jamoaviy qahramonlari» deb atagandi. Nashrning yozishicha, 2014 yildan buyon sharqdan kelayotgan migratsiya to‘lqini 350%ga o‘sgan, bunda ukrainalik migrantlarning kelishi Polsha ijtimoiy sug‘urta tizimiga ijobiy ta'sir ko‘rsatmoqda, chunki ular badal to‘lashadi.
Ukraina hukumati esa aksincha, ishchi kuchining ketib qolishidan tashvishda. Aprelda mamlakat bosh vaziri Vladimir Groysman mamlakat fuqarolarining boshqa davlatlarga ishlagani ketib qolishining oldini olish uchun investitsiyalar hisobiga ish o‘rinlari hamda me'yordagi yashash sharoitini yaratish kerakligini ta'kidlagandi.
Mavzuga oid
09:15 / 10.06.2026
AQSh Kongressi migratsiya xizmati uchun 70 milliard dollar ajratdi
20:30 / 09.06.2026
“O‘g‘limning o‘rnidan boshqa bolani imtihonga kiritishgan” - Koreyaga ishga jo‘natish “biznesi” qurboni
19:24 / 09.06.2026
O‘zbekiston va Senegal vakillari AQShda qattiq tekshiruvdan o‘tkazildi
18:06 / 08.06.2026