O‘zbekiston | 22:06 / 05.09.2018
10088
3 daqiqa o‘qiladi

Soliq akademiyasi Malaka oshirish markazi etib qayta tashkil qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining Soliq akademiyasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Malaka oshirish markazi etib qayta tashkil qilindi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining “Davlat soliq xizmati organlari xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilab qo‘yildi.

Hujjatga muvofiq, Markaz uzoq muddat asosida murakkab va o‘zgaruvchan muhitda orttirilgan bilimlarni tizimlashtirish va amaliy masalalarni hal etish bo‘yicha tizimli yondashuv ko‘nikmalarini ishlab chiqish maqsadida qo‘shimcha kasb-hunar dasturlarini shakllantiradi.

Shuningdek, soliq organlarining innovatsion rivojlanishini ta'minlay oladigan davlat soliq xizmati organlari kadrlar salohiyatini oshirish va takomillashtirish, soliq ma'muriyatchiligi va soliq siyosatini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi. 

Bundan tashqari, ilg‘or xorijiy oliy ta'lim va ilmiy muassasalar bilan xodimlar malakasini oshirish borasida tajriba almashish orqali xalqaro hamkorlikni rivojlantiradi, professor-o‘qituvchilarning malakasini oshirish va stajirovka o‘tashini ta'minlaydi. 

Qarorga ko‘ra, Markazda davomiyligi bir oygacha hamda uch oygacha bo‘lgan kurslar tashkil etiladi. Mazkur kurslarda davlat soliq xizmati organlarida rahbar lavozimlarga tayinlash uchun zaxiraga olingan xodimlar malakasi oshiriladi, davlat soliq xizmati organlariga yangi ishga olinadigan shaxslar qayta tayyorlanadi, davlat soliq inspeksiyalari xodimlari o‘qitiladi hamda buxgalterlar, auditorlar va soliq maslahatchilari shartnoma asosida o‘qitiladi va malakasi oshiriladi. 

Markaz shartnoma asosida sud va huquqni muhofaza qilish organlari, O‘zbekiston Moliya va Iqtisodiyot vazirliklari hamda boshqa davlat boshqaruv organlari, shuningdek, notijorat tashkilotlar ekspertlari, biznes tuzilmalari vakillarini va xalqaro ekspertlarni jalb etadi. 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar davlat soliq boshqarmalari huzurida (Toshkent shahar va Toshkent viloyatidan tashqari) Markazning yuridik shaxs tashkil etmagan holdagi hududiy filiallari tashkil etiladi.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid