Sport | 23:20 / 11.09.2018
36361
4 daqiqa o‘qiladi

«Hujum og‘riqli nuqta». Kuper mag‘lubiyatning asosiy sababi haqida gapirdi

«Biz ikki xil bo‘lim guvohi bo‘ldik. Birinchi bo‘limda futbolchilar yomon taassurot qoldirishmadi, futbolchilar nisbatan yaxshiroq o‘ynashdi. Raqib ham oddiy jamoa emas edi. Shunga qaramasdan, futbolchilar munosib qarshilik ko‘rsatishdi. Ammo ikkinchi bo‘limda futbolchilar charchab qolishdi. Bu mening aybim bo‘lishi ham mumkin, jismoniy tayyorgarlik joyida bo‘lmagan bo‘lishi mumkin.

Bu o‘yinda himoya chizig‘i va yarimhimoya chizig‘i oldingi o‘yinga nisbatan yaxshiroq o‘ynadi. Maydon markazida yaxshi o‘zgarishlar guvohi bo‘ldim.

Ammo hujum chizig‘i ustida ko‘proq ishlashimiz kerak. Golli vaziyatlar deyarli bo‘lmadi. Bu borada ishlashda davom etamiz.

Muxlislar g‘alaba kutishgandi. Lekin bu oddiy o‘rtoqlik uchrashuvi bo‘lgani sababli, hammaga imkon berib, ko‘plab o‘yinchilarni sinab ko‘rdim. Natijada, ikkita bo‘lim bir-biridan farq qildi, tushirilgan futbolchilar o‘yinga moslashib keta olishmadi.

Hujumchilar soni jamoa hujumkorligini kafolatlay olmaydi. 4 hujumkor futbolchi - Temurxo‘ja Abduxoliqov, Sardor Rashidov, Marat Bikmayev va Eldor Shomurodov bir vaqtning o‘zida maydonda harakat qildi, ammo gol bo‘lmadi.

Bugun Osiyoning eng kuchli terma jamoalaridan biriga qarshi o‘ynadik. Yana shuni unutmaslik kerakki, Karlush Keyrush 7 yildan beri Eron terma jamoasida ishlamoqda. Bu terma jamoaning jahon chempionatidagi o‘yinlarini ko‘rdik. Men esa terma jamoa bilan hali ikki haftadan ko‘proq vaqt birga bo‘ldim xolos. O‘zaro tushunishga erishish uchun vaqt talab etiladi. 

Mening taktikamdagi o‘yinda asosan himoyadan hujumga o‘tiladi. Biz juda ham kuchli jamoaga qarshi to‘p tepdik. Futbolchilar mening taktikamga moslashishi uchun vaqt kerak.

Men o‘tkazilgan ikkita o‘yinda jamoaning xatolari haqida yetarli xulosaga kelib oldim. Kimlar jamoada qoladi, kimlar ketishi haqida yaxshilab o‘ylab bir fikrga kelaman.

Osiyo kubogiga tayyorgarlik ko‘rish uchun vaqt yetarli. Buning uchun PFL o‘yinlarini muddatidan avval tugatish shart emas. Men ichki chempionat o‘yinlarini ham diqqat bilan kuzataman.

Biz yoshlarga ham e'tibor berishni boshlaganmiz. O‘zbekiston olimpiya jamoasidan bir necha futbolchini ko‘z ostimga olib qo‘yganman. Oktyabrdagi o‘yinlarga yoshlar terma jamoasidan o‘yinchilar chaqiriladi. Hatto, terma jamoa o‘yinlarida umuman ishtirok etmagan futbolchilarni ham ko‘rasiz. Biz yoshlar terma jamoasini nafaqat Indoneziyada kuzatdik, balki avvalgi turnirlardagi ishtirokini ham o‘rgandik. Bu jamoada bir necha yaxshi futbolchilar bor. Ular Osiyo o‘yinlarida bo‘lgani uchun bu futbolchilarni yig‘inga jalb eta olmagandim», - deya Kuperning so‘zlarini keltirgan «Kun.uz» muxbiri.

Mavzuga oid